«ArMI-2022»: Vakillarimizdan dastlabki oltin medallar
«ArMI-2022» VIII Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida Qo‘qon shahri mezbonlik qilgan «Yo‘l patruli» musobaqasi ham o‘z yakuniga yetdi. Bu haqda O‘zbekiston mudofaa vazirligining axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.
To‘rt kun davom etgan ushbu musobaqada O‘zbekiston, Rossiya, Eron hamda Belarus harbiy xizmatchilaridan iborat jamoalar bahslashgan. Jami 2 ta bosqichda 6 ta shart bo‘yicha o‘zaro kuch sinashgan jamoalar, individual poyga, texnik tanaffus, ekstremal to‘xtash, parallel parkovka, kontravariya, harbiy estafeta kabi shartlarni bajargan.
Musobaqa davomida davomida birorta shartda ustunlikni boy bermagan O‘zbekiston harbiy xizmatchilaridan iborat jamoa yakuniy natijalar bo‘yicha musobaqa g‘olibi deb topildi. Rossiya — ikkinchi, Belarus va Eron — uchinchi bo‘ldi.
Ushbu musobaqada yurtimiz vakillaridan katta leytenant Jamoliddin Egamberdiyev hamda kichik serjant Muzaffar To‘laboyevlar «Eng yaxshi texnik yordamchi», 3-darajali serjant Siddiq A’zamov «Ekstremal haydovchi» hamda «Universal mutaxassis» nominatsiyalari bo‘yicha tengsiz deya e’tirof etildi.
Bugun, 21-avgust, kechki soat 19:00 da hunarmandlar shahri Qo‘qonda xalqaro armiya o‘yinlari doirasidagi «Yo‘l patruli» musobaqasining tantanali yopilish marosimi o‘tkazildi.
Uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Eron hamda Belarus jamoasi a’zolariga bronza, ikkinchi o‘rinni egallagan Rossiya jamoasiga kumush medallar topshirilgan. Musobaqaning mutlaq g‘olibi — O‘zbekiston jamoasi a’zolari oltin medallar bilan taqdirlanishdi. Shundan so‘ng mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Alisher Norboyev yurtimiz vakillariga armiya o‘yinlari kubogini hamda musobaqa bosh sovrini — «Chevrolet Gentra» avtomashinasining kalitini tantanali ravishda topshirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter