AQShlik ekspertlar Shavkat Mirziyoyev farmoniga munosabat bildirdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 10-yanvarda «Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonini imzolagan edi.
O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi vakili Ahror Burhonovning ma’lumotiga ko‘ra, Vashingtondagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi, Markaziy Osiyo davlatlarining zamonaviy tarixi va siyosati masalalari bo‘yicha ekspert, professor Frederik Starr hamda AQShning yirik arxitektura va dizayn kompaniyalaridan biri – «Calatrava Grace» korporatsiyasi Bosh Ijrochi direktori Maykl Sellman Prezident Sh.Mirziyoyevning mazkur farmoni ahamiyati haqida ijobiy fikr bildirganlar. Bu haqda «O‘zA» yozmoqda.
«Calatra va Grace» korporatsiyasi 2018-yilda O‘zbekiston bozoriga kirib kelib, hozirda Navoiy va Samarqand viloyatlarida innovatsion usullarda qulay-joy qurish bo‘yicha loyihalarda ishtirok etmoqda. Loyihalar doirasida kompaniya bilan hamkorlikda «Navoiy» erkin iqtisodiy hududida modulli qurilmalarni ishlab chiqarish bo‘yicha zavod ishga tushirilishi ham rejalashtirgan.
M.Selman va F.Starrlarning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning aholi jon-boshi daromad darajasi oshishi va iqtisodiy jihatdan rivojlanishi, tug‘ilish ko‘rsatkichi o‘sishi,ilm-fan rivojlanishi, tezkor va qulay transport infratuzilmasi yo‘lga qo‘yilishi, ma’muriy boshqaruv tartib-qoidalarini soddalashtirilishi asosida aholining qishloqlardan shaharlarga erkin ko‘chishi uchun shart-sharoitlar yaratish urbanizatsiya jarayonlarini kuchaytiruvchi asosiy omillar hisoblanib, O‘zbekistonda mazkur omillarning barchasi mavjud. Ana shu nuqtai nazardan, yaqin kelajakda mamlakatda urbanizatsiya jarayonlari yanada rivojlanadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda urbanizatsiya darajasi 50,5% ni tashkil qilib, 231 mamlakat va hududlar orasida 115-o‘rinni egallaydi.
Urbanizatsiya jarayonlarining muhim omillaridan biri sanalmish – tug‘ilish umumiy darajasiga ko‘ra, jahon mamlakatlari orasida yuqori o‘rinlarda, ya’ni 71-o‘rinda turadi.
Shuningdek, tobora rivojlanayotgan transport infratuzilmasi ham poytaxtga kishilarning migratsiyasi darajasini oshirmoqda. Masalan, birgina Afrosiyob tezyurar poyezdi Samarqanddan Toshkentga kishilarni ikki soat ichida yetkazadi. Umuman, O‘zbekiston hukumati ko‘p tarmoqli transport infratuzilmasini rivojlantirishga bugun tobora ko‘proq e’tibor beryapti.
O‘zbekistonda shaharlarga ro‘yxatga olishning sovet davriga xos bo‘lgan murakkab usuli ham keyingi yillarda anchayin yengillashtirildi. Bu esa qishloq aholisiga shaharlarga kelib, ishga joylashish, shaharlardan ko‘chmas mulk sotib olish imkoniyatlarini berib, migratsiya jarayonini yanada kengaytiryapti.
Urbanizatsiya istiqbollari bo‘yicha BMT hisobotiga murojaat qilinsa, aytish kerakki, 2020-yilga borib, «quyi o‘rta daromad»li mamlakatlarning 53,7 foiz aholisi, 2030-yil 59 foiz, 2050 yilga borib 68,3 foiz aholisi shaharlarda yashaydi. «Yuqori o‘rta daromad»li mamlakatlarda esa 2020-yilga borib urbanizatsiya 68,2 foizni, 2030-yilda 75 foizni, 2050-yilda 82,6 foizni tashkil etadi.
Shu o‘rinda, «o‘rta daromadli» mamlakat tushunchasiga izoh berib o‘tish joiz. Jahon Banki «o‘rta daromadli» mamlakatlar qatoriga yalpi milliy daromadi aholi jon-boshiga 1,006 dollardan 12,235 dollargacha to‘g‘ri kelgan davlatni kiritadi. O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti har bir kishi boshiga 1500 dollarga to‘g‘ri kelsa-da, ammo yalpi milliy daromad aholi jon-boshiga 7130 dollarga teng keladi. Jahon Banki «o‘rta daromad»li mamlakatlarning o‘zini ham ikki turga – «yuqori o‘rta daromad»li mamlakatlar,«quyi o‘rta daromad»li mamlakatlarga bo‘ladi. Jami 109 ta «o‘rtacha daromad»li mamlakatlardan 56 tasi «yuqori o‘rta daromad»li davlatlar, qolganlari, shu jumladan, O‘zbekiston ham «quyi o‘rta daromad»li mamlakatlarga kiradi.
O‘zbekiston misolida aytiladigan bo‘lsa, ekspertlarning prognoziga ko‘ra, 2030 yilga borib, O‘zbekiston «quyi o‘rta daromad»li davlatlar qatorida bo‘lsa, shahar aholi soni 34,44 million kishiga yetadi. Bu bugungi kundan 17,67 millionga ko‘proq deganidir. Agar O‘zbekiston bugungi rivojlanishlar hosilasi o‘laroq «yuqori o‘rta daromad»li mamlakatlar qatoriga qo‘shilsa, shahar aholisining soni 2030 yilga kelib 36,06 million kishiga yetadi. Bu esa bugungi kunga nisbatan 19,29 millionga ko‘proq deganidir.
Shu nuqtai nazardan, mutaxassislarning fikricha, bugun mamlakatda yiliga millionlab qo‘shimcha uylar qurishga ehtiyoj bor. Boz ustiga, mamlakatdagi mavjud bo‘lgan aksariyati sovet davrida qurilgan uy-joylar, binolar xavfsizlik va sifat jihatdan yuqori standartlarga javob bermaydi.
Bu esa kishilarda yangi uy-joylar sotib olishga bo‘lgan ehtiyojni yanada oshiradi.
M.Selman va F.Starrning so‘zlariga ko‘ra, Prezident Sh.Mirziyoyev eski binolarni qayta ta’mirlash va yangi turar-joylar qurilishi uchun jiddiy e’tibor berayotgani ayni muddaodir. Bugungi kunda hukumat tomonidan mavjud turar uy-joylar ta’mirlanishi va qayta rekonstruksiya qilinishi hamda yangi binolarning qurilishiga milliardlab dollar sarflanyapti.
«Mamlakat rahbari 2018-yil oxirida qilgan murojaatida 34 ming turar-joy binolari ta’mirlanib, rekonstruksiya qilinishini ham alohida ta’kidlab o‘tdi», deydi M.Selman va F.Starr.
«Bizning fikrimizcha, aholini uy-joy bilan ta’minlashdagi eng muhim jihatlardan biri, bu – sovet davriga xos bo‘lgan barchaga bir xil «shablon» dizayn va texnologiya emas, balki aholining imkoniyat va ehtiyojlariga mos ravishda qurilgan turar joylar bilan ta’minlashdir. Bunda xalqning asrlar davomida shakllangan o‘ziga xos ijtimoiy va madaniy turmush tarzi ham hisobga olinishi zarur. Yangi qurilajak uylar asosiysi, qulay, sifatli va cho‘ntakbop bo‘lishi zarur, – deydi ekspertlar. – O‘zbeklarning «mahalla» bo‘lib uyushib yashashi, o‘zaro yaqin qarindoshchilik va qo‘shnichilik aloqalari mavjudligi, mehmondo‘stligidan kelib chiqib ham avvallari uylarni ichki va tashqi xonalarga bo‘lib, ikki qismdan iborat shaklda qurganlar. Shuningdek, qishning qahraton sovuq va jazirama yozning issiq kunlarida qulay bo‘lishi uchun ikki qavatli, ya’ni bolaxonali bo‘lgan. Sovet davrining «Barcha uchun bir andoza» shiori asosida qurilgan «shablon» uy-joylar esa barcha xalqlarga birday to‘g‘ri kelavermaydi.
Shu nuqtai nazardan, mamlakat rahbarining «Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida mutlaqo yangi uy-joy siyosatini amalga oshirish asosida urbanizatsiya jarayonlarini faollashtirish, shaharlar barpo etishda ilg‘or mamlakatlarning tajribasidan foydalanish, aholini shaharlarga erkin ko‘chishi uchun shart-sharoit yaratish bo‘yicha asosiy chora-tadbirlari ayni muddao bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Umuman, o‘tgan yilning o‘zida Prezident o‘nlab erkin iqtisodiy zonalar va ko‘plab sanoat hududlarini tashkil etishga, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va tadbirkorlikka to‘sqinlik qilishni bartaraf etishga, shuningdek, shahar va qishloqlarda turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan bir qator loyihalar qabul qildiki, M.Selman va F.Starrning fikricha, islohotlar shu suratda olib borilsa, mamlakat shubhasiz yaqin o‘n yillikda taraqqiyotning yuqori darajalariga erishadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter