Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh Ukrainaga «yashil chiroq» yoqmoqda

AQSh Ukrainaga «yashil chiroq» yoqmoqda

AQSh Ukrainaga yuzdan ziyod ATACMS raketalarini yetkazib bergan.

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga Rossiyaning ichki hududlari bo‘ylab raketa zarbalari yo‘llashga ruxsat berishi mumkin. Bu haqda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Buyuk Britaniyaning Sky News telekanaliga bergan intervyusida gapirdi.

AQSh Rossiya tajovuzi ortidan Ukrainaga faol ravishda harbiy ko‘mak ko‘rsatmoqda. Ammo mojaroga NATO davlatlari, jumladan, Qo‘shma Shtatlarning aralashib qolishi ehtimoli sabab Kiyevga Amerika raketa va uchoqlari bilan Rossiyaning ichki hududlariga zarba yo‘llashga izn berilmay kelayotgan edi.

«Qaror qabul qilishda barcha jihatlar inobatga olinishi kerak. Ammo shuni aytishim mumkinki, biz vaziyatga moslashgan holda har bir qadamda qarorlarimizni to‘g‘rilab boryapmiz va shunday davom etamiz. Hozirgi pallada buni (Vashingtonning Kiyevga Rossiya bo‘ylab raketa zarbalari yo‘llashga ruxsati nazarda tutilmoqda – tahr.) istisno etmayotirmiz», – dedi Qo‘shma Shtatlar davlat kotibi.

Bugun, 11 sentyabr kuni Entoni Blinken Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi bilan birgalikda Kiyevga tashrif buyuradi. AQShning «Axios» nashri xabariga ko‘ra, ushbu tashrif davomida Ukraina rahbariyatiga Oq uyning Rossiya bo‘ylab raketa zarbalari berishga doir ruxsati rasman yetkaziladi.

Vashingtonning bunday keskin qarorga kelishiga Eron tomonidan Rossiyaga ballistik raketalar yetkazilgani sabab bo‘lishi mumkin. Gap shundaki, kuni kecha G‘arb davlatlari Eron Rossiyaga 120 km masofadagi nishonlarni ura oladigan Fath-360 raketalarini yetkazganini ma’lum qildi. 10 sentyabr kuni Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya shu munosabat bilan Eronga nisbatan sanksiyalar qo‘llanishi haqida bayonot berdi.

AQSh Ukrainaga 300 km ga qadar masofaga uchuvchi ATACMS raketalarini yetkazib bergan. Agar Vashington Kiyevga «yashil chiroq» yoqsa, Ukraina mazkur raketalar bilan Rossiyaning Rostov, Voronej, Belgorod, Kursk, Bryansk, Lipetsk, Kaluga kabi viloyatlaridagi nishonlarga zarba yo‘llashi mumkin. AQShdagi Urushni o‘rganish instituti (ISW) hisob-kitobiga ko‘ra, Ukraina shu tariqa Rossiyadagi 245 ta harbiy ob’yekt, jumladan, aerodromlarga hujum uyushtirish imkoniga ega bo‘ladi.

Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov joriy yil avgustda Vashingtonga safari payti AQSh rasmiylariga Rossiya hududi bo‘ylab zarba yo‘llanishi rejalashtirilgan ob’yektlar ro‘yxatini bergan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring