AQSh Saudiya Arabistoniga 650 million dollarlik qurol sotadi
AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Saudiya Arabistoniga 650 million dollarlik qurol sotish bo‘yicha kelishuvni ma’qulladi. Bu haqda Axios ma’lum qildi.
2018-yil oxirida AQSh Senati Saudiya Arabistonini Yamandagi harbiy mojaroda qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish va Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonning jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi uchun javobgarligi to‘g‘risidagi rezolyusiyalarni ma’qullagandi.
AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistonini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish to‘g‘risidagi rezolyusiyaga veto (ta’qiq) qo‘ygan va valiahd shahzoda Qoshiqchining o‘ldirilishida ishtirok etgani ma’lum bo‘lgandan keyin ham unga qurol sotishda davom etgan.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken fevral oyida Bayden Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik Amerika qadriyatlarini aks ettirishi kerakligini aniq aytganiga ishora qilgandi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Vashington «Saudiya Arabistonining faollar, dissidentlar va jurnalistlarga qarshi hududdan tashqari tahdidlari va hujumlariga chek qo‘yish» zarurligini va Qo‘shma Shtatlar bunga toqat qilmasligini e’lon qilgandi.
Xuddi shu oyda Bayden Saudiya Arabistonining Yamandagi hujumlarini qo‘llab-quvvatlashini rasman tugatgandi. Ayni paytda Vashington Ar-Riyodni mintaqadagi muhim ittifoqchi sifatida ko‘rishda davom etmoqda.
Yamandagi qurolli mojaro 2014-yilning mart oyidan beri davom etmoqda. Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiyasi Yaman prezidenti Abd Rabbo Mansur Hodiy qo‘shinlarini mamlakatning bir qismini nazorat qilayotgan husiy isyonchilarga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlamoqda. G‘arbda isyonchilarni Eron qo‘llab-quvvatlayapti, deya bilishadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter