Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh Rossiya qamog‘idan ozod qilish yo‘lida ko‘p ter to‘kkan ikki mahbus kim?

AQSh Rossiya qamog‘idan ozod qilish yo‘lida ko‘p ter to‘kkan ikki mahbus kim?

Rossiya huquq idoralari Uilanni ham, Gershkovichni ham josuslikda ayblagan edi.

1 avgust kuni Rossiya, AQSh, Germaniya, Norvegiya, Sloveniya, Belarus va Polsha ishtirokida keng miqyosli mahbuslar almashuvi amalga oshirildi. Almashuv amaliyoti o‘z miqyosi tufayli «tarixiy» deb baholangan.

Prezident Jo Bayden bergan bayonotga ko‘ra, kelishuv doirasida Rossiya qamoqxonalaridan uch nafar AQSh fuqarosi hamda bir nafar grin karta sohibi  (jurnalistlar Evan Gershkovich, Alsu Kurmasheva, siyosatchi Vladimir Kara-Murza va sobiq harbiy xizmatchi Pol Uilan) ozod qilingan.

«Umumiy hisobda Rossiyadan 16 kishi, shu jumladan, 5 nafar Germaniya va 7 nafar Rossiya fuqarosi – ular o‘z mamlakatining siyosiy tutqunlari edi – ozod qilindi. Ushbu erkak va ayollarning ayrimlari ko‘p yillar mobaynida adolatsiz ravishda qamoqda saqlangan. Ularning barchasi mislsiz azob-uqubat va mavhumlikni boshdan kechirdi», – deyiladi Oq uy bayonotida.   

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) Moskvaga 8 nafar rus fuqarosi ikki voyaga yetmagan farzandi bilan qaytarilganini ma’lum qilgan. Ular AQSh, Germaniya, Sloveniya kabi davlatlarda josuslik va boshqa ayblovlar bilan jazo o‘tayotgan shaxslardir.

Qayd etish joizki, Vashington «The Wall Street Journal» gazetasi muxbiri Evan Gershkovich va AQSh dengiz kuchlari sobiq askari Pol Uilanni rus qamog‘idan chiqarish yo‘lida ancha vaqtdan beri diplomatik kurash olib borayotgan edi.

Joriy yil 5 iyun kuni Sankt-Peterburgda xalqaro axborot agentliklari vakillari bilan uchrashgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin amerikalik jurnalist Gershkovich almashuv doirasida ozod etilishiga ishora qilgan edi.

«The Wall Street Journal» nashrining Moskvadagi byurosi xodimi Evan Gershkovich 2023 yil 30 mart kuni Yekaterinburg shahrida Rossiya FXX tomonidan hibsga olingan va josuslikda ayblanib mahkamaga tortilgan edi.

32 yoshli jurnalistning advokatlari u bunday ayblovni tan olmasligini bildirgan. AQSh hukumati ham jurnalistning qamoqqa olinishini noqonuniy deb atagan.

Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya rasmiylari bilan muloqotlarda Gershkovichni ozod qilishni talab etib kelgan.

G‘arb matbuoti jurnalistning qo‘lga olinishi ortida shaxsan Rossiya prezidenti turganini taxmin qilgan.

1994-2008 yillarda AQSh dengiz piyodalari korpusida xizmat qilgan Pol Uilan 2018 yil 28 dekabr kuni Moskvada qo‘lga olingan. 2020 yili Moskva sudi uni josuslikda aybdor deb topib, 16 yilga ozodlikdan mahrum etgan. Uilanning o‘zi ayblovlarni rad etgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring