Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh O‘zbekistonga Orol ekotizimini tiklash uchun 1,6 million dollar ajratdi

AQSh O‘zbekistonga Orol ekotizimini tiklash uchun 1,6 million dollar ajratdi

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Orol dengizi hududida cho‘llanishning salbiy oqibatlariga qarshi kurashish maqsadida 1,6 million dollar miqdorida ko‘mak beradi. AQSh elchixonasi xabariga ko‘ra, ushbu mablag‘ dengizning qurigan tubidagi ekotizimni qayta tiklash loyihasi ikkinchi bosqichi (ERAS II) doirasida ajratilgan.

Bu – Orol dengizining shimoliy qismi bo‘lmish Qozog‘iston hududida avval boshlangan loyiha doirasidagi ishlarning mantiqiy davomidir. Dengizning O‘zbekiston qismida yangi o‘rmon ekinlarini o‘tqazish orqali hududda havo sifati va yashash sharoitini yaxshilash hamda iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish maqsad qilingan.

«Davlat tashabbuslarini amalga oshirish uchun zarur salohiyatni mustahkamlash va ko‘mak ko‘rsatish – muhim yondashuvlardan biri bo‘lib, u orqali Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyot va iqtisodiy o‘sish uchun o‘z tajribalarini bo‘lishishga intiladi. Bu kabi loyihalar xalqlar o‘rtasida uzoq muddatli istiqbolni ko‘zlagan holda hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, turmush sharoitini yaxshilash va barqarorlik yaratishga qaratilgandir», – deydi USAIDning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy missiyasi Iqtisodiy taraqqiyot bo‘limi direktori Laura Chizmo.

Loyiha 2022 yilgi BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida (COP27) e’lon qilingan AQSh hukumatining yo‘l xaritasiga mos keladi. Uning maqsadi iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashning asosiy usuli sifatida tabiiy yechimlarni ilgari surish va AQShning iqlim maqsadlariga erishishni tezlashtirishdan iborat.

Orol dengizining qurigan tubida ekotizimlarni tiklash loyihasi USAIDning suv resurslari va atrof-muhit bo‘yicha mintaqaviy loyihasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Orol dengizi bo‘yicha xalqaro innovatsion markaz, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot institutlari, Mo‘ynoq tumani hokimiyati va Qozog‘iston Respublikasining Ekologiya, geologiya va tabiiy resurslar vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Xalqaro agentlik Orolbo‘yi mintaqasida ko‘kalamlashtirish ishlaridan tashqari ekin ekish va ularni sug‘orishda innovatsion texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha izlanishlarni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Qozog‘iston ham, O‘zbekiston ham Orol falokatining salbiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha sa’y-harakatlarini birlashtirish istagini bildirgan.

USAIDning suv resurslari va atrof-muhit bo‘yicha mintaqaviy loyihasining maqsadi Amudaryo va Sirdaryo daryolari havzalaridagi ekologik xavfni kamaytirish va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha mintaqaviy salohiyatni mustahkamlashga qaratilgandir.

Orol fojiasi – dunyodagi eng dahshatli ekologik ofatlardan biridir. Bir vaqtlar kattaligi bo‘yicha dunyo miqyosida to‘rtinchi eng katta ko‘l bo‘lgan dengiz Amudaryo va Sirdaryo daryolari suvlarining qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun olinishi ortidan 1997 yilga kelib avvalgi hajmidan taxminan 10 foizga qisqardi. Qum va chang bo‘ronlari yuzlab kilometr hududdagi atrof-muhit va insonlar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Avval xabar berganimizdek, Yevropa Ittifoqi ham Orolbo‘yi mintaqasi uchun BMTning Inson xavfsizligi bo‘yicha Ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasiga 5 million yevrodan ziyod mablag‘ ajratgan. YeI O‘zbekiston hukumatining sahroga aylanayotgan hududni tiklash bo‘yicha xatti-harakatlariga ko‘mak sifatida joriy yil oxirigacha Orol dengizi tubiga 27 ming tup nihol ekish majburiyatini ham zimmasiga olgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring