Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh josuslik xizmati rahbarligiga O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurgan diplomat nomzodi ilgari surildi

AQSh josuslik xizmati rahbarligiga O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurgan diplomat nomzodi ilgari surildi

Foto: «AFP»

AQSh Davlat departamenti tizimida 33 yil davomida faoliyat yuritgan professional diplomat Uilyam Byorns Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) rahbarligiga nomzod etib ko‘rsatildi. Bu haqda AQShning saylangan prezidenti Jo Bayden jamoasi ma’lum qildi.

«Elchi U.Byorns inqirozlar davrida sinovdan o‘tgan davlat xizmatchisi, u o‘z hayotini amerikaliklar xavfsizligi va farovonligiga bag‘ishlagan», — deyiladi Bayden jamoasi tarqatgan bayonotda.

Qonunchilik idorasi U.Byorns nomzodini ma’qullagudek bo‘lsa, u josuslik xizmatiga rahbar etib tayinlangan ilk professional diplomat sifatida tarixga kiradi.

64 yoshli diplomat AQShning Rossiya hamda Iordaniyadagi elchisi bo‘lib ishlagan. Bir necha yil davomida Davlat kotibining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. U ham demokrat, ham respublikachi prezidentlar davrida yuqori rutbada faoliyat yuritgan sanoqli diplomatlar sirasiga kiradi. 2014-yilda 33 yillik diplomatlik karerasini yakunlab, Davlat departamenti tizimini tark etgan. Hozirga qadar Karnegi jamg‘armasi prezidenti sifatida ishlab kelayotgan edi.

2013-yilda «Atlantic» jurnali U.Byornsning mamlakat tashqi siyosatining eng muhim va murakkab masalalarini hal etishdagi xizmatlarini alohida e’tirof etib, «AQSh diplomatiyasining maxfiy quroli» deb atagan. U, masalan, bundan bir necha yil avval Eron bilan yadro dasturi bo‘yicha muhim bitim imzolanishida vositachi rolini bajargan.

«The Washington Post» gazetasi sharhlovchisi Devid Ignatus U.Byornsni tashqi siyosat bo‘yicha o‘zi mansub avlodning eng peshqadam vakili deb ta’riflagan. Hamkasblari uning vazminligi va mushohadakorligini alohida e’tirof etadi.

Qayd etish joizki, ko‘pchilik MRB rahbarligiga maxsus xizmat tizimida uzoq yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan Maykl Morell tayinlanishini kutayotgan edi. Bu jihatdan, U.Byorns nomzodi ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi.

Tahlilchilarga ko‘ra, J.Bayden tomonidan MRB tizimiga begona bo‘lgan shaxsning rahbar etib tayinlashi xolislik va mustaqil yondashuvni ta’minlaydi. Qolaversa, U.Byorns biror bir partiyaga mansub bo‘lmagan diplomat sifatida hozirgi siyosiy tafriqa davrida MRBda jipslikni tiklashi ham kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, U.Byorns AQSh Davlat departamentining yuqori rutbadagi mulozimi sifatida 2009, 2012 va 2014-yillarda O‘zbekistonga tashrif buyurgan va prezident Islom Karimov bilan muzokaralar o‘tkazgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring