AQSh Eronning Suriyadagi ob’yektlariga zarba berdi
AQSh qurolli kuchlari prezident Jo Baydenning buyrug‘iga binoan Suriya sharqida, Vashington ma’lumotlariga ko‘ra, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi va unga aloqador guruhlar tomonidan foydalanilayotgan ikkita nishonga zarba berdi, deya xabar berdi Pentagon.
Reuters agentligi yuqori martabali amerikalik mulozimga tayanib xabar berishicha, ikkita F-16 qiruvchi samolyoti tomonidan qurol va o‘q-dorilar saqlanadigan omborlar nishonga olingan. Bu 27 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan 4:30 da Iroq bilan chegaradosh Abu Kamol shahrida sodir bo‘lgan.
Harbiy departamentning ta’kidlashicha, zarbalar o‘zini himoya qilish maqsadida amalga oshirilgan va Suriya hamda Iroqdagi Amerika qo‘shinlariga berilgan qator hujumlarga javob bo‘lgan. Pentagon vakiliPatrik Rayderning so‘zlariga ko‘ra, 17-24 oktyabr oralig‘ida Iroq va Suriyadagi AQSh va koalitsiya kuchlari kamida 13 marta raketa va uchuvchisiz samolyotlar hujumiga uchragan. Natijada bir AQSh fuqarosi halok bo‘lgan, yana 21 kishi jarohat olgan.
Mudofaa vazirligi bu hujumlar uchun Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan tashkilotlar javobgar ekanligiga ishonch bildirgan.
Qayd etilishicha, Bayden «faqat Iroq va Suriyadagi Amerika kuchlarini himoya qilish uchun» zarba berishni buyurgan. Bu zarbalarning Falastin-Isroil mojarosining keskinlashuviga aloqasi yo‘qligi ta’kidlanadi.
Pentagon rahbarining aytishicha, AQSh keyingi jangovar harakatlarda ishtirok etishni istamaydi, «lekin Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan bu hujumlar to‘xtatilishi kerak». Uning so‘zlariga ko‘ra, agar hujumlar davom etsa, Qo‘shma Shtatlar «kerakli choralarni ko‘rishdan tortinmaydi».
25 oktyabr kuni Bayden Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyni Yaqin Sharqda Amerika qo‘shinlari hujumga uchrasa, javob qaytarilishi mumkinligi haqida ogohlantirganini aytgandi. Davlat kotibi Antoni Blinken ham xuddi shunday ogohlantirish bilan chiqqan. Bir kun o‘tib, Pentagon Yaqin Sharqqa «mintaqada AQSh armiyasining mudofaa qobiliyatini yanada oshirish uchun» 900 ga yaqin qo‘shimcha askar yuborilishini e’lon qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter