Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh Davlat kotibi Toshkentda bergan bayonot Xitoyning g‘azabini qo‘zg‘adi

AQSh Davlat kotibi Toshkentda bergan bayonot Xitoyning g‘azabini qo‘zg‘adi

Abdulaziz Komilov va Maykl Pompeo. Toshkent mashvaratidan esdalik.

Foto: «AP»

Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeoning Toshkentda bildirgan mulohazalariga g‘azabnok bayonot bilan javob qildi.

Amerikalik yuqori martabali diplomat rasmiy Pekin sarmoya kiritish orqali Markaziy Osiyo mintaqasida o‘z ta’sirini oshirishga urinayotgani ehtimoliga to‘xtalgan edi.

Xitoy elchixonasi AQSh Davlat kotibini yolg‘on, ig‘vo va tuhmat orqali rasmiy Pekinni obro‘sizlantirishda ayblagan. Qolaversa, amerikalik diplomat Xitoyga g‘animlarcha munosabatda bo‘layotgani ta’kidlangan.

«Xitoyni yomonotliq qilish va Xitoy hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi do‘stona rishtalarni uzish yo‘lidagi har qanday urinish muvaffaqiyatsizlikka uchrashi aniq», — deya yuksak pafosda yakunlanadi elchixona bayonoti.

AQSh Davlat kotibi 3-fevral kuni Toshkentda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan muzokaralar o‘tkazgach, matbuot anjumanida ishtirok etdi. Muloqot asnosida «Associated Press» agentligi muxbiri tomonidan Xitoy sarmoyasining Markaziy Osiyo uchun tahdid ekani borasida ham savol berildi. Amerika diplomati bu boradagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashar ekan, O‘zbekiston AQSh, Xitoy va Rossiya bilan muvozanatni buzmagan holda hamkorlik qilishga intilayotganini olqishladi.

Maykl Pompeo AQShni O‘zbekistonning «haqiqiy do‘sti» deb atadi va mamlakatda Amerika kompaniyalari faoliyati har ikki tomon uchun manfaatli ekanini urg‘uladi. Pompeoga ko‘ra, 2019 yilda Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonda qonun ustuvorligi, ta’lim va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 100 million dollarga yaqin mablag‘ ajratdi.

Qayd etish joizi, Xitoyga nisbatan murosasiz pozitsiyasi bilan tilga tushgan Pompeo Toshkentdagi anjumanda keskin tanqidiy fikrlardan tiyilgan.

Xo‘sh, u holda Xitoy elchixonasining g‘azabnok bayonotini qanday izohlash mumkin? Gap shundaki, AQShning birinchi raqamli diplomati ko‘pdan buyon Xitoy ma’muriyati tomonidan Shinjon-Uyg‘ur muxtor o‘lkasida yashovchi musulmon aholiga nisbatan yuritilayotgan «zulm siyosati»ni keskin tanqid qilib keladi.

Davlat kotibi Toshkentga tashrifidan avval, 2-fevral kuni Qozog‘iston poytaxti Nursultonda o‘tkazilgan muzokaralarda ham mazkur muammoni ko‘targan. Maykl Pompeo, xususan, Qozog‘iston rahbariyatini Shinjonda etnik ozchilik aholiga nisbatan yuritilayotgan qatag‘on siyosatiga qarshi turishga da’vat etgan.

Yana bir gap. Rasmiy Pekin (shu bilan birga, Kreml) Vashingtonning Markaziy Osiyo mintaqasida faollashuvini xavotir bilan kuzatib bormoqda. Xususan, AQSh 2015 yildan buyon mintaqa davlatlari bilan «C5+1» formatida muntazam muloqot qilib kelmoqda

Darvoqe, Toshkentdagi muzokaralarda ham Maykl Pompeo Vashington mintaqa bo‘yicha maxsus strategiya ishlab chiqish niyatida ekanini ochiqladi.

Diplomatlar har qancha rad etmasin, Rossiya, Xitoy hamda AQSh kabi mamlakatlar g‘oyat muhim strategik nuqtada joylashgan mintaqa uchun o‘ziga xos raqobatga kirishgani sir emas. Xitoyning Toshkentdagi elchixonasi bergan bayonotda ham o‘sha ko‘rinmas raqobat nafasi sezilmoqda, deyish mumkin. Bu esa O‘zbekiston uchun eng maqbul yo‘l ko‘p vektorli tashqi siyosat ekani borasidagi fikrlarni yana bir karra tasdiqlaydi. Demak, mamlakat faqat Pekin yoki Moskvaga suyanib qolmay, Vashington, Bryussel kabi dunyo siyosati markazlari bilan ham robitalarni mustahkamlashi maqsadga muvofiqdir.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring