Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Ibrohim – Malayziyaning yangi bosh vaziri

Anvar Ibrohim – Malayziyaning yangi bosh vaziri

Malayziyalik taniqli siyosatchi, «Umidlar ittifoqi» bloki yetakchisi Anvar Ibrohim 24 noyabr kuni mamlakatning o‘ninchi bosh vaziri sifatida qasamyod qildi, deb xabar berdi Reuters agentligi.

19 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda mutlaq g‘olib aniqlanmadi, ya’ni biror bir siyosiy ittifoq ko‘pchilik ovozni yig‘a olmadi. Malayziya konstitutsiyasiga ko‘ra, muayyan partiya hukumatni shakllantirish vakolatiga ega bo‘lish uchun parlamentdagi 222 o‘rindan kamida 112 tasini egallashi kerak.

Saylovda Anvar Ibrohim koalitsiyasi qonunchilik idorasining 82 ta, 2020-2021 yillarda Malayziya bosh vaziri bo‘lgan Muhiddin Yosin tarafdorlari esa 73 ta o‘rnini olishga muvaffaq bo‘ldi. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, Malayziya qiroli Abdulloh mamlakatdagi oliy martabali arboblar bilan maslahatlashuvdan keyin Anvar Ibrohimni hukumat rahbari etib tayinlashga qaror qilgan.

75 yoshli Anvar Ibrohimning hukumat rahbari etib tayinlanishi mamlakatdagi siyosiy inqirozga barham berishi kutilmoqda.

1990-yillarda moliya vaziri, bosh vazir o‘rinbosari kabi mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan Anvar Ibrohim 1998 yilda iste’foga chiqarilgan va bir yil o‘tib korrupsiya hamda boshqa axloqiy ayblovlar bilan uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Uning o‘zi jinoiy ishni siyosiy ayblov deb baholagan.

Anvar Ibrohim bosh vazir sifatida korrupsiya, ayirmachilik va diniy mutaassiblikka qarshi ayovsiz kurashishini ma’lum qilgan. U, shuningdek, ko‘p millatli mamlakatda ahillik va totuvlikni kuchaytirishga va’da bergan.

Tahlilchilar yangi hukumat boshlig‘i mamlakatdagi o‘zaro ziddiyatga berilgan guruhlar o‘rtasida murosa va birlashuv o‘rnatishiga umid qilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring