Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anor sharbati tarkibida giyohvandlik moddasi aniqlandi (foto)

Anor sharbati tarkibida giyohvandlik moddasi aniqlandi (foto)

Foto: Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan o‘tkazilgan tadbir natijasida yurtimizga sintetik giyohvandlik vositalarining yashirin ravishda olib kirilishining oldi olingan.

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi «Ayritom» chegara bojxona posti orqali kirib kelgan yuk avtotransport vositasiga hujjatlarga ko‘ra, 9 ming dona plastik idishlarga qadoqlangan 18 tonna anor sharbati ortilgan bo‘lib, poytaxtimizdagi ma’suliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga yuborilgan.

Ammo, bojxona organlari faoliyatiga joriy qilingan «Xavlarni boshqarish» tizimida yuklar «qizil» yo‘lakka yo‘naltiriladi. 

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar idoralari va chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari bilan xamkorlikda ushbu yuk avto transport vositasi bojxona ko‘rigidan o‘tkaziladi.

Ko‘rik davomida shubhaga sabab bo‘lgan jihat shunda-ki, ayrim anor sharbati idishlariga «M» harfi belgisi tushirilgan bo‘lib, aynan shu idishlardagi sharbatning ranggi ham boshqalaridan biroz farq qilardi.

Qolaversa, aynan shu idishlar ochib ko‘rilganida, idish og‘zidagi himoya qatlamlari ham muqaddam ochilgani shubhalarni yanada orttirdi.

Giyohvandlik vositalarini tezkor aniqlashga xizmat qiluvchi sinama ko‘magida ushbu sharbat tekshirib ko‘rilganida, uning tarkibida «Metamfetamin» nomli sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi. 

Aynan «M» harfi tushirilgan sharbatlar soni 48 dona bo‘lib, idishi bilan hisoblagandan ularning umumiy og‘irligi 103 kg.ni tashkil qildi.

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra, metamfetamin moddasi mamlakatimiz hududida muomalasi ta’qiqlangan narkotik moddalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring