Amaldorlarning daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimini yaratishga kirishildi
O‘zbekistonda joriy yil so‘nggiga qadar xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda, davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi yaratiladi va barcha tashkiliy-huquqiy asoslari ishlab chiqiladi. Bu haqda DSQ Matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi Murojaatida aholining barcha qatlamlarini korrupsiyaga qarshi kurashga jalb qilish zarurligi, bunda eng yaxshi mutaxassislar ishtirok etishi va xalqaro tajribani jalb qilish zarurligi qayd etildi.
Jumladan, «Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz kerak», dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
2020 yil 11 fevral kuni korrupsiyaga qarshi kurashish hamda jamoatchilik nazorati tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda mamlakatimiz Prezidenti muhim vazifa qo‘ydi.
Ushbu vazifalardan kelib chiqib, joriy yil so‘ngiga qadar xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda, davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi yaratiladi va barcha tashkiliy-huquqiy asoslari ishlab chiqiladi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston bunday deklaratsiya tizimini joriy etayotgan birinchi davlat emas. Hozirda DSQ mazkur korrupsiyaga qarshi kurashish me’yorlarini MDH mamlakatlarida amalga oshirish tajribasini o‘rganmoqda.
Deklaratsiya Qozog‘istonda qanday tashkil etilmoqda?
Qozog‘istonda universal deklaratsiyani joriy etish muddati 2020-yil 1-yanvardan 2021-yil 1-yanvarga qoldirildi. Deklaratsiyaga tizimiga o‘tish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Xususan, deklaratsiya tizimini joriy etishni to‘rt bosqichda amalga oshirish nazarda tutilgan.
Birinchi bosqich – 2021-yil 1-yanvardan deklaratsiya universal deklaratsiya doirasida taqdim etiladi:
– Ma’suliyatli davlat xizmati lavozimidagi shaxslar va ularning turmush o‘rtog‘i;
– Davlat vazifalarini bajarishga vakolatli shaxslar va ularning turmush o‘rtog‘i;
– Davlat vazifalarini bajarishga vakolatli shaxslar va ularning turmush o‘rtoqlari bilan tenglashtirilgan shaxslar;
– «Qozog‘iston Respublikasidagi saylovlar to‘g‘risida»gi Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni, va «Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida»gi, «Qozog‘iston Respublikasidagi banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi, «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi hamda «Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida»gi qonunlariga muvofiq. deklaratsiyani topshirish majburiyati yuklangan shaxslar deklaratsiya topshiradi.
Ikkinchi bosqich – 2023-yil 1-yanvardan boshlab, davlat muassasalari hamda jamoat sektori xodimlari va ularning turmush o‘rtoqlari uchun deklaratsiya topshirish tizimi joriy etiladi.
Uchinchi bosqich – 2024-yil 1-yanvardan yuridik shaxslar rahbarlari hamda ta’sischilari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va ularning turmush o‘rtoqlari deklaratsiya topshira boshlaydi.
To‘rtinchi bosqich – 2025-yil 1-yanvardan boshlab qolgan barcha toifadagi fuqarolar uchun deklaratsiya topshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter