Alkogol va tamaki mahsulotini ta’lim, sport va diniy muassasadan ikki yuz metr radiusda sotish taqiqlanishi kutilyapti
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2019 yil 30 sentyabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi majlisida deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yaxshilashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.
Majlis kun tartibiga kiritilgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi O‘zbekiston Prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi «Alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularning aylanmasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish hamda uzumchilik va vinochilikni rivojlantirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Loyiha bilan alkogol va tamaki mahsulotlarining ta’lim, sport va diniy muassasalardan to‘g‘ri chiziq bo‘yicha ikki yuz metrdan ortiq radiusda joylashgan savdo ob’yektlarida, shuningdek, umumiy savdo maydoni ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan savdo majmualari (bozorlar), yarmarka pavilonlarida realizatsiya qilishni taqiqlash belgilanmoqda.
Bundan tashqari, respublika hududiga alkogol mahsulotlarini polietilen, polistirol va boshqa polimer materiallardan tayyorlangan polimer iste’mol idishlarida olib kirishga taqiq va javobgarlikni o‘rnatish (pivo va vino mahsulotlari bundan mustasno) ko‘zda tutilyapti.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter