Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AKT vazirligi 2021-yilda bajarilgan ishlar bo‘yicha brifing o‘tkazdi

AKT vazirligi 2021-yilda bajarilgan ishlar bo‘yicha brifing o‘tkazdi

Bugun, 10-yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining brifingi bo‘lib o‘tdi.

Vazirlik axborot xizmati rahbari Sh.Ahmatov ta’kidlashicha, 2021-yilda Davlat rahbari tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bajarishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

Raqamli iqtisodiyot rivojlanishi uchun eng muhim omillardan biri telekommunikatsiya infratuzilmasining barpo etishdir.

Shu maqsadda 2021 yilda Telekommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida 50 ming kilometr optik-tolali aloqa liniyalari qurilib, ularning umumiy uzunligi 118 ming kilometrga yetkazildi va buning natijasida aholi maskanlarining 67 foiziga mazkur tarmoq kirib bordi. Optik tarmoqni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar kelgusi yillarda ham mana shunday jadal sur’atlarda davom ettirilishi belgilangan.

Aholiga yuqori tezlikdagi internet xizmatlarini ko‘rsatish qurilmalarining umumiy sig‘imi 3,6 mln.ga yetkazildi.

Bugungi kunda xalqaro internet tarmog‘iga ulanishning umumiy o‘tkazuvchanlik imkoniyati 1 800 Gbit/soniyani tashkil etib, 2022 yil-yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkichni 3 200 Gbit/soniyaga kengaytirish rejalashtirilgan.

2021-yilda ma’lumotlar uzatish tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat va tuman markazlari darajasida 1,5 barobarga oshdi.

Operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarif o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 42,9 foizga arzonlashtirilib, 1 Mbit/s. uchun 30,0 ming so‘mni tashkil etmoqda.

Bugungi kunga kelib 95 foiz aholi maskanlari mobil internet bilan qamrab olingan, 54 foiz uy xo‘jaliklariga yuqori tezlikdagi internetga ulanish imkoni yaratilgan.

Mobil aloqa xizmatlarini rivojlantirish maqsadida mobil internet tezligi 1,5 barobar oshirildi va 2021 yilda 14 150 ta qo‘shimcha tayanch stansiyasi o‘rnatilib, ularning umumiy soni 45 890 taga yetkazildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda internet xizmatidan foydalanuvchilar soni 27,2 milliondan oshgan, shundan mobil internet foydalanuvchilari soni 25,3 million nafarni tashkil etmoqda.

Respublikada raqamli infratuzilmani jadal rivojlantirish, shahar va qishloq hududlari o‘rtasidagi «raqamli tafovut»ni bartaraf etish hamda taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida, vazifalar belgilab olingan.

Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida yirik ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlari quriladi.

Respublikada telekommunikatsiya operatorlarining raqamli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ishlarini qo‘llab-quvvatlash, soliq yukini imkon qadar maqbullashtirish va imtiyozlar berish ishlari amalga oshiriladi.

Olib kiriladigan telekommunikatsiya uskunalari va qurilmalarini, noutbuklarni bojxona to‘lovlaridan ozod etish, jalb qilinadigan chet el kreditlari bo‘yicha Davlat kafolatini berish choralari ko‘riladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ushbu yo‘nalishga berilayotgan e’tibor bir maqsadga yo‘naltirilgan – aholiga sifatli va zamonaviy telekommunikatsiya va raqamli xizmatlarni ko‘rsatish hamda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi.

Shunga ko‘ra, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishning quyidagi asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi. Jumladan:

  • xalqaro ma’lumotlar uzatish kanalining o‘tkazuvchanlik qobiliyati 3,5 marotaba oshiriladi;
  • 150 ming km. optik tolali aloqa liniyalari qurilishi hisobiga ma’lumotlar uzatish tarmog‘i kengaytiriladi;
  • xalqaro va davlat ahamiyatiga molik avtomobil yo‘llarini mobil aloqa tarmoqlari bilan to‘liq qamrab olishni ta’minlash;
  • optik tolali aloqa liniyalari barcha aholi punktlariga yetkazilib, uy xo‘jaliklarining kamida 80 foizi internetga keng polosali simli ulanish imkoniyati bilan ta’minlanadi.

Telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari 2022-yil 1-yanvardan boshlab internet jahon axborot tarmog‘iga keng polosali ulanish tarmoqlarini loyihalash va qurishda quyidagilar nazarda tutiladigan bo‘ldi.

  • ma’muriy binolar va ko‘p kvartirali uylarni kamida 1 Gigabit/soniya o‘tkazuvchanlik qobiliyati bilan;
  • ta’lim tashkilotlari, sog‘liqni saqlash muassasalari va boshqa davlat tashkilotlarini kamida 100 Megabit/s o‘tkazuvchanlik qobiliyati bilan ta’minlash.

Bugungi kunda dunyo tajribasi aholi turmush farovonligini ta’minlash, ular uchun qulayliklar yaratish hamda davlat xizmatlaridan to‘siqsiz, shaffof va adolatli foydalanishda eng to‘g‘ri yondashuv Elektron hukumat ekanligini ko‘rsatmoqda.

Prezidentning 2020-yil 5-oktyabrdagi «Raqamli O‘zbekiston–2030» strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi farmonida 2021-yilda talabgorligi yuqori bo‘lgan davlat xizmatlarini Yagona portalda joriy qilish belgilangan edi.

Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash hamda aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining ko‘p sonli talab-takliflarini inobatga olgan holda, mavjud davlat xizmatlarini tahlil qilish hisobiga hukumat tomonidan 2021-yilda Yagona portalda 60 turdagi davlat xizmatlarini joriy etish topshirig‘i berildi.

Bu ro‘yxatda yurtdoshlarimizni yillar davomida o‘ylantirib kelgan xizmatlarning o‘rin olishi ayni muddao bo‘ldi. Chunki turli idoralar eshigi yonida sarg‘ayib o‘tirish, ortiqcha ovoragarchilik, qog‘ozbozlik, korrupsion holatlar aholini juda qiynab qo‘ygandi.

Hozir esa ko‘plab xizmatlardan Yagona portal orqali uydan chiqmagan holda foydalanish, hatto tegishli to‘lovlarni ham amalga oshirishning imkoni borligi bu katta natijadir.

Ayni kunda yurtdoshlarimiz Yagona portal (my.gov.uz) orqali 300dan ortiq elektron xizmatlardan elektron ko‘rinishda foydalanishlari mumkin. E’tiborlisi, ularning 185 tasi bepul ko‘rsatilsa, 181 tasida Elektron raqamli imzo talab etilmaydi.

2021-yilda Yagona portalda 100 yaqin elektron xizmat ishga tushdi. Xizmatlarning masofadan olinishi tufayli 2021-yilda aholining 48 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘i, qolaversa, eng qimmatli bo‘lgan vaqti tejaldi.

2021-yilda Yagona portal foydalanuvchilari soni keskin ortib, 2020 yilga nisbatan 3 barobarga o‘sdi va 1,1 mln.dan oshib ketdi.

2021-yilda my.gov.uz mobil ilovasi ishga tushirilib, undagi elektron xizmatlar soni 80 tadan oshirildi. Jarayonga aholining barcha qatlamlari, eng chekka viloyat va tumanlardagi yurtdoshlarimizni ham qamrab olish maqsadida «O‘zbekiston pochtasi» AJning 928 ta pochta aloqasi ob’yektida «Yagona portal agenti» moduli orqali (postal.gov.uz) 33 turdagi davlat xizmatlarini elektron shaklda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

2021-yilning 1 dekabridan esa O‘zbekiston Respublikasining 56 ta diplomatik vakolatxonasi va konsullik muassasalari tomonidan 7 turdagi davlat xizmatlari taqdim etila boshladi.

2019-yil Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari parki (IT-Park) tashkil etilgan. Texnopark rezidentlari barcha soliq, davlat maqsadli jamg‘armalarga majburiy to‘lovlardan va bir martalik ijtimoiy to‘lovlardan 2028 yil 1 yanvargacha ozod etilgan.

Texnopark rezidentlarining faoliyatini rag‘batlantirish va ularning sonini oshirish maqsadida shug‘ullanish uchun huquq berilgan faoliyat turlari to‘rttadan 18 gacha ko‘paytirildi.

IT-Parklar tashkil etilganidan buyon sohada eksport hajmi 50 barobarga ko‘payib, 40 million dollarga yetdi. Rezidentlar soni 147 tadan 500 taga oshdi, 300 dan ziyod yangi kompaniyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. IT-Parklarda 8 ming 500 ta yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratildi.

Bunday ishlarni davom ettirib, soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha rejalar ishlab chiqilgan. Xususan, yirik eksportyorlar bilan ishlab, IT-Parklarda xizmatlar eksporti hajmini 80 million dollarga yetkazish mo‘ljallangan. Yalpi ichki mahsulotda raqamli iqtisodiyot ulushini oshirish, elektron xizmatlar uchun yengilliklar yaratish nazarda tutilgan.

Axborot texnologiyalari sohasida Pochta aloqasi xizmatlari ko‘rsatish ham muhim yo‘nalishlardan biridir.

Ushbu yo‘nalishni rivojlantirish uchun, 2020-yil 14-dekabr kuni Prezidentimizning «Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarori qabul qilindi.

Mazkur Qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.

«O‘zbekiston pochtasi»ning To‘lovlarni qabul qilish va pul o‘tkazmalari bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizimi yangilanib, «AVVAL» brendi ostida ishga tushirilib, uning mobil ilovasi ham yaratildi.

Mazkur tizimda 60 dan ortiq to‘lovlarni qabul qilish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, pochtachilar 1 000 ta mobil qurilmasi bilan ta’minlandi.

Chekka hududlardagi 750 ga yaqin pochta aloqasi ob’yektlarida bank xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, «Gibrid pochta» tizimi takomillashtirilib, Yagona milliy tizim joriy etildi.

Buning natijasida pochta jo‘natmasini yetkazib berishdagi nazorat muddatlari qisqarishiga erishildi, ya’ni avval pochta jo‘natmalar eng chekka hududda yashovchi aholiga 6-8 kun ichida yetkazib berilgan bo‘lsa, endilikda 1-2 kun ichida yetkazib berilmoqda.

Bugungi kunda, 100 dan ortiq davlat organlari va tashkilotlari ushbu xizmatdan foydalanmoqda. Gibrid pochta jo‘natmalarining hajmi 2020 yilga nisbatan 2021 yilda 2 barobar ko‘paydi.

2021-yilda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimi yo‘lga qo‘yildi.

2020-yilda 14 ta tayanch AyTi-maktablar ochilgan bo‘lsa, 2021 o‘quv yilidan yana 86 ta maktab o‘z faoliyatini boshladi. Ularda axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitish uchun barcha zaruriy sharoitlar, moddiy-texnik baza bilan ta’minlandi.

Ushbu maktablarga Davlat test markazi bilan hamkorlikda o‘quvchilar 5-sinfdan imtihonlar asosida saralab olindi. Bugungi kunda ularda 4 mingdan ortiq o‘quvchi tahsil olmoqda.

2023-yilda esa, ularning soni 205 nafarga yetkazilib, 30 mingdan ziyod o‘quvchi raqamli texnologiyalarga chuqurlashgan holda o‘qitiladi.

Shuningdek, 205 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazi orqali tinglovchilar kompyuter savodxonligi, dasturlash asoslari, robototexnika, veb va mobil ilovalar yaratish, raqamli tadbirkorlik asoslari va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitilmoqda.

Bundan tashqari, respublikaning 14 ta hududida IT-texnikumlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularda dasturiy injiniring, kompyuter injiniring, axborot xavfsizligi, telekommunikatsiya texnologiyalari kabi yo‘nalishlar bo‘yicha 8 ming nafarga yaqin o‘quvchi o‘qitilmoqda.

Mazkur texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilari o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy ta’lim muassasalarida 2-kursdan o‘qishini davom ettirish huquqiga ega bo‘lishadi.

Bundan tashqari, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning 6 ta hududiy filialida malakali oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlab kelinmoqda.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 15 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda 33 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, filiallarda 5 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda 3 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallarida bugungi kunda 1 000 nafarga yaqin professor-o‘qituvchi faoliyat yuritib, ularda jami 21 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda.

Raqamli texnologiyalarning rivojlanish tendensiyasidan kelib chiqib, joriy o‘quv yilida ushbu universitetda sun’iy intellekt, mexatronika va robototexnika, kiberxavfsizlik injiniringi kabi jami 10 dan ortiq yangi yo‘nalish tashkil qilindi.

Shuningdek, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallari qoshidagi 6 ta akademik litseyning «Aniq fan-1(texnika)» va «Aniq fan-2 (iqtisod)» yo‘nalishlarida 3 mingga yaqin o‘quvchi tahsil olmoqda.

Shu bilan bir qatorda, «AyTi» soha uchun xorijiy oliy ta’lim muassasalari tomonidan ham kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.

Toshkent shahridagi INHA universitetida 2 ta (Kompyuter va dasturiy injiniring, Logistika) bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda 1 ta (Raqamli transformatsiya) magistratura mutaxassisligida jami 1 709 nafar talaba tahsil olmoqda. Ushbu talabalarga 36 nafar professor-o‘qituvchi ta’lim bermoqda.

Toshkent shahridagi Amiti universitetida 5 ta (Iqtisodiyot, Turizm boshqaruvi, Biznes boshqaruvi, Axborot texnologiyalari, Kompyuter fanlari va injiniringi) bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda 1 ta (Axborot texnologiyalari) magistratura mutaxassisligida jami 1000 nafar yaqin talaba tahsil olmoqda. Universitetda talabalarga 23 nafar professor-o‘qituvchi ta’lim bermoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring