Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Akmal Nurga Yaponiyaning yuksak mukofoti topshirildi

Akmal Nurga Yaponiyaning yuksak mukofoti topshirildi

Yaponiya elchisi T.Hatori A.Nurga mukofotni topshirmoqda.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, Xalq rassomi Akmal Nurga (Nuriddinov) Yaponiya imperatorining «Chiqayotgan quyosh ordeni, Oltin nurli bo‘yin tasmasi» (Order of the Rising Sun, Gold Rays with Neck Ribbon) mukofoti taqdim etildi. Yuksak mukofotni topshirish marosimi bugun, 20 fevral kuni Toshkentda bo‘lib o‘tdi.

Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Takashi Hatori mazkur mukofot yuqori natijalarga erishgan shaxslarga berilishini qayd etdi.

«Bugun men ushbu ordenni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinovga uning yapon madaniyatini ommalashtirish va ikki davlat o‘rtasidagi madaniy almashuvni rivojlantirish yo‘lidagi ko‘p yillik xizmatlari e’tirofi ramzi sifatida topshirmoqdaman», – dedi Yaponiya elchisi.

Diplomat u ko‘p qirrali faoliyati orqali ikki do‘st mamlakat hamkorligini yangi bosqichga ko‘tarishga hissa qo‘shib kelayotganini ta’kidladi.

Tadbirda O‘zbekiston san’at va madaniyat namoyandalari ham qatnashdi.

O‘z navbatida, Akmal Nur yuksak e’tirof uchun Yaponiya hukumatiga minnatdorlik izhor qildi.

«Yaponiya O‘zbekiston uchun muhim va yaqin sherik hisoblanadi. Mamlakatlarimiz o‘zaro hurmat hamda ishonchga asoslangan do‘stlik va samarali hamkorlik munosabatlari bilan mustahkam bog‘langan. Madaniy-gumanitar sohadagi robitalarimiz alohida e’tiborga molik. Yaponiyaning madaniy va ma’rifiy o‘ziga xosligi O‘zbekistonning tarixiy va zamonaviy hayoti bilan hamohang», – dedi Akmal Nur.

Badiiy akademiya tasarrufidagi Ikuo Hirayama xalqaro madaniyat karvonsaroyi milliy san’atimizni o‘zaro tanitishda ko‘prik vazifasini o‘tamoqda. Bu maskanda xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladigan turli ijodiy loyihalar amalga oshirilmoqda.

A.Nur o‘zbek-yapon  madaniy hamkorligi yanada rivojlanishi, ijodiy loyihalar qamrovi kengayishiga ishonch bildirdi.

Avval xabar berganimizdek, Yaponiya hukumatining 2023 yil 3 noyabrdagi qarori bilan O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov ham «Chiqayotgan quyosh katta kordon» ordeni bilan taqdirlangandi.

2022 yil mart oyida Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ham ushbu ordenga munosib deb topilgandi.

Ma’lumot o‘rnida, Badiiy akademiya raisi Akmal Nurga 2022 yilda Yaponiya tashqi ishlar vazirining Faxriy yorlig‘i ham topshirilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring