Akademik Habibulla Akbarov vafot etdi
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Akbarov Habibulla Asatovich 2023 yilning 8 aprel kuni 87 yoshida vafot etdi.
Habibulla Akbarov fan arbobi, geologiya sohasida yirik olim, ko‘plab shogirdlarning ustozi edi.
U 1936 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1958 yilda O‘rta Osiyo politexnika institutining geologiya-qidiruv fakultetini tugatgan.
Faoliyati davomida O‘rta Osiyo geologiya va mineral xomashyo institutida sektor mudiri (1968-79), bo‘lim boshlig‘i (1979-86), direktor o‘rinbosari (1987–91). 1992–96 yillarda ToshDTU prorektori va ayni shu vaqtda universitetning foydali qazilma konlari kafedrasi mudiri lavozimlarida ishlagan. 1996 yildan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yer haqidagi fanlar bo‘limi raisi va Fanlar akademiyasi Prezidiumi a’zosi (1997 yildan) sifatida faoliyat yuritgan.
Atoqli olimning endogen ruda konlari va maydonlarini o‘rganish, ularni izlashga bag‘ishlab yozgan ko‘plab maqola va risolalari, ilmiy ixtirolari soha mutaxassislari va ilmiy jamoatchiligimizga yaxshi ma’lum.
Zahmatkash olim o‘z faoliyati davomida mehribon va talabchan ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga geologiya asoslaridan saboq berdi. Uning bevosita rahbarligida o‘nlab yosh olimlar tayyorlandi.
Xabar.uz jamoasi marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdarlik bildiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter