Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ajoyib o‘lka — polshalik sayohatchi O‘zbekistonda olingan suratlardan ko‘rgazma tashkil qildi (foto)

Ajoyib o‘lka — polshalik sayohatchi O‘zbekistonda olingan suratlardan ko‘rgazma tashkil qildi (foto)

Polshalik sayohatchi Aleksandra Baranovska uch qit’a – Yevropa, Afrika va Osiyoning 35 davlatida bo‘lgan. U bo‘sh vaqtida dunyo bo‘ylab sayohat qiladi. Turli mamlakatlar, uzoq madaniyatlar, urf-odatlar va odamlarni kashf etish uning eng katta ishtiyoqidir. Aleksandra Baranovska yaqinda O‘zbekistonda bo‘ldi.

U O‘zbekiston xalqi va ajoyib yodgorliklaridan maftun bo‘lib, o‘zining qadrdon shahri Svidnitsaning tarixiy markazi – bozor maydonida o‘ziga hos ko‘rgazma tashkil etdi.

Aleksandra Baranovska bir necha yillardan beri Svidnitsa madaniyat markazida ishlaydi va bo‘sh vaqtida dunyo bo‘ylab sayohat qiladi. Undagi dunyoni o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqi o‘g‘liga ham o‘tgan, ular birga safar qiladilar. Ona-bola o‘tgan yilning sentyabrida O‘zbekistonda bo‘lishdi.

— Bolaligimda Samarqand Registoni tasviri tushirilgan xaritani ko‘rganimni eslayman. Men uchun uzoq 80-yillarda bunday safarni tasavvur qilish ham mushkul edi, — deydi Aleksandra.

Aleksandraning aytishicha, uni O‘zbekistonga shu yerda shartnoma asosida ishlab, faoliyat olib borayotgan akasi taklif qilgan.

— Akam biz uchun barcha tashkilotchilikni hal qilib qo‘ygan edi. O‘zbekistonda aholi bilan muloqot qilish biroz qiyin. Shunga qaramay, mamlakatda turizmni rivojlantirish uchun ko‘p harakat qilinmoqda va bu albatta ko‘rishga arziydigan mamlakat, – dedi Aleksandra Baranovska

Sayohatchilar Samarqand, Toshkent, Xiva hamda Buxoroda bo‘lishdi va safar davomida olingan suratlardan tayyorlangan ko‘rgazmani Polshada namoyish etishdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring