Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ajab savdolar: Qo‘qonda sudi bo‘layotgan shaxs Olmaliqda qamoqqa olindi

Ajab savdolar: Qo‘qonda sudi bo‘layotgan shaxs Olmaliqda qamoqqa olindi

Foto: «News.nashbryansk.ru»

Sarlavhani o‘qib, hayron bo‘lishingiz aniq: Qo‘qonda sudi bo‘layotgan shaxs qanday qilib Olmaliqda qamoqqa olinishi mumkin? Ikki shaharning orasi yaqinmas, boz ustiga, o‘rtada katta dovon bor!

Yo sudlanuvchi qochib ketganmidi?

Xotiringiz jam bo‘lsin: sudlanuvchi hech qayoqqa qochmagan. Agar uning qochib yashirinishi yoki jinoiy ishini davom ettirishi ehtimoli bo‘lganida Qo‘qondayoq «tiqib» qo‘yilgan bo‘lardi-da.

Qisqasi, savdo qoidalarini buzish (189-modda) va soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash (184-modda) bilan ayblanib, «ishi» sudga oshirilgan qo‘qonlik Avaz Zununov sudga qatnab yurgandi. Unga nisbatan «garov» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan bo‘lib, jinoyat oqibatida yetkazilgan zararlarni qisman qoplagan, sud yakunini intizorlik bilan kutayotgandi deng.

Kutilmaganda hammayoq alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdi.

Shu yilning 7-noyabr kuni uni Qo‘qon shahar IIO FMBga chaqirishdi. Bitta chaqiruvdayoq oyog‘ini qo‘liga olib yetib borgan A. Zununovning qo‘liga kishan solinib, vaqtincha saqlash hibsxonasiga ravona qilindi. Ertasiga Olmaliqqa jo‘natildi.

Nega?

Gap shundaki, Olmaliq prokuraturasida tergov qilinayotgan «ish»da uning nomi ham zikr etilayotgan ekan. Shundan kelib chiqib, prokuratura tergovchisi unga qo‘ng‘iroq qilib, huzuriga kelishini talab qiladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudida «ishi» ko‘rilayotgani bois «ipsiz bog‘langan» A. Zununov Olmaliqqa borish imkoniyati yo‘qligini aytadi. Bunday javobdan qoniqmagan tergovchi esa unga «ko‘rsatib qo‘yish» uchunmi yoki «delo»ning muddati o‘tishidan xavfsirabmi, ishqilib, prokurorning qo‘li bilan sudga iltimosnoma kiritadi: «A. Zununov tergovdan qochib, yashirinib yuribdi, uni ushlab, qamoqqa olish kerak». Shu mazmundagi iltimosnomani jinoyat ishlari bo‘yicha Olmaliq sudi qanoatlantirishi natijasida ikki kunga qolmay u Olmaliq shahar prokuraturasi tergovchisi oldida turibdi-da. Yana deng, qo‘liga kishan solingan holda!

O‘tgan ikki kunning teng yarmi Qo‘qondagi hibsxonada o‘tirgani va Olmaliqqa olib kelishga ketgani hisobga olinsa, uning «tergovdan qochib yurgani» shunchaki safsata ekani oydinlashadi...

Bu o‘rinda gap A. Zununovning aybsiz yoki aybdorligi haqida ketayotgani yo‘q. Gap tergov organining ayblanuvchiga nisbatan munosabati xususida bormoqda.

Shaxsni qamoqqa tiqishga buncha ishqivoz bo‘linmasa, a?! «A» desa, «ma» deb, «tiqib» qo‘yish bugungi kunda o‘tkazilayotgan islohotlar talabiga mos keladimi? Og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatda gumon qilinayotgan bo‘lsa, koshki...

Hozir g‘alati manzara hosil bo‘lgan: sudlanuvchini Qo‘qonda kutishyapti, aytilganidek, unga nisbatan sud allaqachon boshlangan, belgilangan muddat yakuniga yetishi kerak. Sudlanuvchi esa Olmaliqda «o‘tiribdi» — «tergovdan qochib yuribdi» degan qo‘lbola asos bilan.

Bitta odamni ikkiga bo‘lib, yarmini shu yerda qoldirgan holda qolgan bo‘lagini dovon ortiga jo‘natishning esa iloji yo‘q.

Ikki o‘rtada oila ovora, sarson...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring