Aholi bir yoshga «yosharadi» — Janubiy Koreya
Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi inson yoshini aniqlashning an’anaviy tizimlaridan voz kechish ko‘zda tutilgan o‘zgartishlarni qabul qildi. Barcha yuridik va ma’muriy sohalarda xalqaro tan olingan tizimga o‘tiladi.
Janubiy Koreyada inson yoshini aniqlashning uch tizimidan foydalanilmoqda.
Birinchi — «koreyscha an’ana»ga ko‘ra, bola tug‘ilganida 1 yoshda bo‘ladi. Shuning barobarida, Oy taqvimi bo‘yicha yangi yilning birinchi kunida odamning yoshiga yana bir yosh qo‘shiladi. Masalan, bola 2022-yilning 8-dekabrida tug‘ilsa, u 1 yoshda bo‘ladi, Oy taqvimi bo‘yicha yangi yilning birinchi kunida 2 yoshga to‘ladi.
Ikkinchi an’anaga ko‘ra, bola tug‘ilganida yoshga to‘lmagan bo‘ladi, biroq har yili 1-yanvardan yoshiga yosh qo‘shib boriladi. Bu tizim odatda tamaki chekish yoki alkogol iste’mol qilishga doir yosh cheklovlari amal qilinadigan sohalarda ishlatilgan.
Uchinchisi — xalqaro tizim. Bola tug‘ilganida nul yoshda (yoshga to‘lmagan) bo‘ladi, har tug‘ilgan kunida yoshiga yosh qo‘shib boriladi.
Janubiy Koreyada hujjatlarni rasmiylashtirish ishlarida odamlar qaysi tizim bo‘yicha yoshlarini ko‘rsatishgani ko‘pincha ortiqcha muammolarni keltirib chiqarayotgandi. Bir yo‘la yoshga doir uch tizimning qo‘llanilishi fuqarolarga turli xizmatlarni ko‘rsatishda chalkashliklarni keltirib chiqarar, qayta tuzatishlarga ortiqcha xarajatlar qilinardi. Muammo jiddiyligidan, hozirgi prezident Yun Sok Yol saylovoldi dasturiga uni ham kiritib, yagona tizimga o‘tishni va’da qilgandi.
Yangi qabul qilingan qonunga ko‘ra, 2023-yilning iyunidan mamlakatda rasmiy hujjat almashishda faqat xalqaro tizim qo‘llanilishi boshlanadi, bu esa Janubiy Koreya fuqarolari bir yoshga «yosharish»larini anglatadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter