Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ahmadboy»ga to‘rtinchi bor hukm o‘qildi: endi u 50 yil «o‘tiradi»mi?

«Ahmadboy»ga to‘rtinchi bor hukm o‘qildi: endi u 50 yil «o‘tiradi»mi?

Foto: «Daryo»

«Ahmadboy» nomi bilan tilga tushgan chinozlik Ahmad Tursunbayevga nisbatan sudning to‘rtinchi hukmi e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha (JIB) Toshkent viloyat sudi (JIB Quyichirchiq tuman sudi binosida bo‘lib o‘tgan sud majlisi yakuniga ko‘ra) A.Tursunboyevga nisbatan 9 yil ozodlikdan marhum qilish jazosini tayinladi.

Alohida qayd etish kerak, A.Tursunboyev bilan birga uning 14 nafar jinoiy sheriklari-da sudlangan bo‘lib, ularga ham tegishlicha jazo belgilandi.

«Ahmadboy»ga birinchi marta JIB Toshkent viloyat sudi (2018-yil 21-fevral) hukmi bilan 1 yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda 13 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 400 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangandi. 

2019-yil 20-mayida o‘tgan ikkinchi sud majlisida u JIB Toshkent viloyat sudining hukmi bilan bir yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qilingan holda 14 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 400 baravari miqdorida jarimasiga mustahiq etildi.

O‘tgan yilning 28 oktyabrida A.Tursunboyev va uning jinoiy sheriklari yana bir (hisob bo‘yicha uchinchi) sud majlisining «qahramoniga» aylanishgandi. Bu safar «Ahmadboy»ga  eng kam ish haqining 400 barobar miqdoridagi jarimadan tashqari, sud 14 yilu 3 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini ravo ko‘rgan edi.

Bugun to‘rtinchi sudning hukmi o‘qildi. Unga ko‘ra, Ahmadjon Tursunboyev O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi «a, v» bandlari (eski tahrirdagi) bilan aybli deb topildi va unga ushbu modda bilan 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Bo‘lib o‘tgan to‘rtta sud tayinlagan jazolarni to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilib, «Ahmadboy» jami ellik yil (13+14+14+9)  «o‘tirar» ekan-da, degan xayolga borish kerak emas. Ya’nikim, to‘rtta sud tayinlagan jazolar alohida-alohida ijro etilmaydi. Negaki, A.Tursunboyevga va boshqalarga nisbatan hukm chiqarish chog‘ida keyin bo‘lib o‘tgan sudlarda avval tayinlagan jazolarni qisman qo‘shgan holda bir to‘xtamga kelingan. Masalan, to‘rtinchi sud mahkumni to‘qqiz yilga «kesgan» bo‘lsa-da, avval tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan unga uzil-kesil 1 yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda 14 yil 4 oy ozodlikdan mahrum qilish jazo belgiladi.

Jazo o‘tash muddati «Ahmadboy» qamoqqa olingan sana —  2016-yil 16-iyundan boshlab hisoblanishi  e’tiborga olinsa, u uzil-kesil tayinlangan 14 yil-u to‘rt oylik jazoning uch yil-u sakkiz oyini ado qilib bo‘lgani anglashiladi. Demak, o‘talmay qolgan jazo 11 yil-u olti oy qolgan. O‘talmay qolgan jazo hukmda ko‘rsatilganidek, amnistiya aktiga asosan to‘rtdan biriga qisqartirilajagi inobatga olinsa,  «boy»ning «bo‘yni»da sakkiz yo‘l-u o‘n bir oy qolganini ko‘rish mumkin. Xullas, bu yog‘iga jazo turlari yengillashib boraveradi: ma’lum muddatdan keyin manzil-koloniyaga o‘tkazilishi ehtimoli ham yo‘q emas...

Eslatib o‘tamiz, A.Tursunboyev jinoiy guruh rahbari sifatida moliyaviy piramida tashkil etganlikda gumonlanib, hibsga olingan va Jinoyat kodeksining qator moddalari bilan aybdor deb topilib, jazoga tortilgandi.

Sudning avvalgi hukmlariga muvofiq, u jinoiy sheriklari bilan solidar tartibda  11 700 nafar jabrlanuvchiga jami 418 mlrd. 293 mln. 345 ming 854 so‘m to‘lashi lozimligi belgilangan.  Majburiy ijro byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, dastlabki tergov davomida xatlangan hamda  A.Tursunboyevning mol-mulklari sotuvidan tushgan pul mablag‘lari hozirda 146 mlrd. so‘mni tashkil etadi. Bu miqdor esa jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararning uchdan birinigina qoplashga yetardi, xolos.

Qolganlarning haqi-chi? Bu savol hamon dolzarb.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring