Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ahmadboy» yetkazgan zararlar qancha?

«Ahmadboy» yetkazgan zararlar qancha?

Foto: «Toshkent» telekanali

«Ahmadboy» nomi bilan tanilgan chinozlik Ahmadjon Tursunboyev va boshqalarga nisbatan navbatdagi sud majlisi boshlangani haqida xabar berilgan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi X.Shermuxamedov raisligida bo‘lib o‘tgan sud majlisi, nihoyat, poyoniga yetib, sudlanuvchilarga (ular jami 16 nafar) nisbatan hukm o‘qildi. Unga ko‘ra, A.Tursunboyev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 168-moddasi (firibgarlik), 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, uzil-kesil 10 yil ozodlikdan mahrum etilgani aytilmoqda.

Ma’lumki, Ahmadjon Tursunboyevga nisbatan o‘tgan yilning 21-fevralida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi tegishli hukm chiqargan edi. Hukmga ko‘ra, u 13 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangandi (shuningdek, unga bir yil tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanib, eng kam ish haqining 400 baravari miqdorida jarimaga tortilgandi). O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24 yilligi munosabati bilan qabul qilingan amnistiya aktiga asosan, unga qo‘llanilgan jazo muddati to‘rtdan bir qismiga qisqartirilgan, jazo 2016-yilning 26-iyunidan boshlab hisoblanishi belgilangan edi.

Xullas, bo‘lib o‘tgan sud yakunlariga ko‘ra «Ahmadboy» necha yil muddatga «kesilgani» haqida aniq tasavvurlar bor. Biroq uning jinoiy harakati natijasida davlat va jamiyatga, shuningdek, fuqarolarning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga qancha miqdorda zarar yetkani, uning (zararning) qanchasi qoplagan yoki qoplanmagani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q.

Ochiqlash vaqti yetgandir balki?

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring