Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Afv etish haqidagi farmon ijrosi o‘z vaqtida ta’minlandimi?

Afv etish haqidagi farmon ijrosi o‘z vaqtida ta’minlandimi?

Foto: «President.uz»

2018-yil 12-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi farmonni imzolagani haqida xabar bergan edik.

Farmon qabul qilinganidan so‘ng uning ijrosini ta’minlash muddati 24 soat etib belgilangan. Ijro bilan bog‘liq jarayon o‘z vaqtida to‘liq ta’minlandimi? Ushbu savolga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zA muxbiri bilan suhbatda oydinlik kiritdi.

— Darhaqiqat, afv etilganlar shaxsi aniqligi bois ham farmon ijrosi uchun qisqa vaqt belgilangan. Amnistiya akti uch oy va undan ko‘proq vaqtda amalga oshirilgan bo‘lsa, afv etilgan shaxslar bir kun ichida o‘z uyiga qaytmoqda.

Qayd etib o‘tish kerakki, afv etilgan shaxslarning 102 nafari jazodan to‘liq ozod qilinishi, 71 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishi, 39 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtirilishi, boshqacha qilib aytganda, 212 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinishi, shuningdek, 14 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirilishi belgilangan edi.

Afv etilganlarning 40 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 39 nafarini chet el fuqarolari, 37 nafarini ayollar, shuningdek, 51 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etdi.

2018-yil 13-iyun kuni farmon ijrosi to‘liq yakuniga yetkazildi. Eng avvalo, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan ayollar koloniyasidan afv etilgan xotin-qizlar ozodlikka chiqarildi.

Sir emas, ayol kim bo‘lishidan qat’i nazar, u ona, oila bekasi. Afv etilganlarning salmoqli qismini xotin-qizlar tashkil etgani ham ularga bo‘lgan e’tibor namunasi. Bundan bahramand bo‘lgan opa-singillarimizning quvonchi cheksiz bo‘lganiga ijro jarayonida guvoh bo‘ldik. Toshkentlik Zarifa Qo‘ldasheva muborak ramazon oyida afv etilgani, xatosini to‘g‘rilash uchun imkon berilganidan davlatimiz rahbaridan cheksiz minnatdor bo‘lganini ta’kidladi. Samarqandlik Malohat Qalandarova muborak kunlarda meni intizor kutgan yaqinlarimning bag‘ri to‘ladi, sog‘ingan farzandim ona mehriga qonadi, buning uchun Prezidentimizga ming bor tashakkur, deydi. U mamlakatimizning rivoji yo‘lida bor kuch-g‘ayrat bilan xizmat qilishga va’da berdi.

Shu kabi boshqa jazoni ijro etish muassasalarida ham farmon ijrosi to‘liq ta’minlanib, afv etilgan shaxslar oilasi bag‘riga qaytdi. Hozirda ularni ijtimoiy moslashtirish, moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ishga joylashtirish kabi chora-tadbirlarga kirishildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring