Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Afsuski iloji yo‘q (hajviya)

Afsuski iloji yo‘q (hajviya)

Hamma menga:

– Bo‘ldi endi, boshingni ikkita qilib qo‘ymasak bo‘lmaydi! – deydigan bo‘lib qoldi.

Aslida o‘zimning ham niyatim shu, lekin ko‘nglimga yoqadigan qizni topolmay turibman.

– Bitta juda odobli qiz bor! – deya bir qizni ta’riflab qolishdi.

Bilib turibman, gap qizning odobidan ketsa, albatta husnida biror nuqsoni bo‘ladi.

– Judayam odobli bo‘lmasa ham mayli, ishqilib, aft-angori sal durustroq bo‘lsa bo‘ldi, qaraganda ko‘ngil aynimasa bas, – dedim ularga.

– Iya, nima deyapsan, ko‘nglingdagidek qiz-a!

– O‘zim ham xuddi shunisidan xavotir olib turgan edim.

– Juda madaniyatli qiz, naq o‘zing!

Hay, bunisi ham ma’qul, deyaylik. Demak, madaniyatli qiz ekan-da, xo‘p. Bundoq o‘ylab qarasangiz, madaniyatli degani ko‘p g‘alati narsa o‘zi. Gazeta va jurnallarda bosiladigan e’lonlarda ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, bo‘yoqchining shogirdidan tortib, katta amaldorgacha – hammasi madaniyatli xotin qidiradigan bo‘lib qolgan.

– Qizning onasi nemis, otasi turk.

– Qoyil, ayni muddao.

Jonivorlarning ham, odamlarning ham duragayi yaxshi bo‘ladi. Umar Sayfiddinning mashhur hikoyasidagi madam fon Sadreshteyn esimga tushdi. Kifti keng, o‘zi polvonnamo nemis ayoli edi u. Sportchilarga o‘xshab kiyinadigan bu xotin har kuni ertalab qo‘lida to‘rva ko‘tarib, gurs-gurs qadam tashlab bozorga borib kelardi.

– Bo‘lg‘usi kelin nemis, fransuz, italyan tillarida bemalol gaplashadi.

Qirq yil bo‘ydoq yurib, bejiz kutmagan ekanman, deb qo‘ydim ichimda. Sabrning tagi oltin deb shuni aytishar ekan-da.

Mening halovatimni buzgan madmuazel Eleftra bo‘ldi. U yoshi ellik to‘qqizga borib qolgan, ko‘rinishi qoq baliqqa o‘xshagan bir xotin edi.

– O‘zi biram ko‘hlikki, tre joli... (fransuzcha: g‘oyat chiroyli). – dedi u. – Qaddi-qomati kelishgan, uzun bo‘yli, o‘ziyam tre kyultive (fransuzcha: juda o‘qimishli). Innaykeyin, tagi juda toza.

– Madmuazel Eleftra, – dedim unga, – siz unga mening to‘g‘rimda ham gapirdingizmi? Har holda yoshim qirqqa borib qolgan...

– Aytdim, aytdim… erkak kishining qirq yoshda aqli kiradi, – dedi.

– Bo‘yim past ekanligini ham shipshitib qo‘ydingizmi?

– Ha, bunisini ham aytdim, bo‘yi past bo‘lsa, aqli baland bo‘ladi, – dedi.

– Bedavo reportyor ekanligimni, paypoq yamaydigan qizlarga o‘xshab oyiga atigi ellik lira haq olishimni, o‘shanda ham xo‘jayinning gapini ikkita qilmasligim shartligini gapirdingizmi?

– Gapirdim! O‘zining uch joyda hovli-joyi bor. Hech narsadan muhtojligi yo‘q.

Bo‘pti. Endi o‘zidan ko‘rsin. Har kim ekkanini o‘radi, degan gap bor. O‘ziki boshiga balo sotib olmoqchi ekan, bo‘pti, men roziman.

Ochig‘ini aytsam, uylangani ko‘nglim yo‘q. Ammo bir oshnam har kuni quloq-miyamni yeydi. Erta-yu kech miyamda yong‘oq chaqadi:

– Jon do‘stim, uylana qolgin, ikkalamizning taqdirimiz shunga bog‘liq. Mana shu la’nati qashshoqlikdan bir amallab qutulaylik.

– Esingni yedingmi, og‘aynijon? – deyman unga. – Axir shu zamonda bunaqa qiz menga tegarmidi!

– O‘zingni ko‘pam go‘llikka solaverma! Boshingga baxt qushi qo‘nganida tentaklik qilma endi! Qani, tezroq harakatingni qil!

O‘ylab-o‘ylab, oxiri rozi bo‘ldim. Madmuazel Eleftra qizni ishxonamga olib keladigan, o‘rtog‘im ham o‘sha yerga boradigan bo‘ldi. Shunga kelishdik.

Mana, belgilangan kun ham keldi. Bo‘ydoqlik qandoq azob ekanligini bilgan biladi, bilmagan qayoqdan biladi. Bir kun oldin kechqurun oq ko‘ylagimni yuvib, balkonga yoyib qo‘ydim. Aksiga, kechasi bilan yomg‘ir quyib chiqdi. Ertalab ko‘ylakni olib qarasam, jiqqa ho‘l. Boshqasini kiya qolay desam, kir ekan, yana birining yoqasi g‘ijimlanib yotibdi. Bo‘lar ish bo‘ldi dedimu, ho‘l ko‘ylakni yaxshilab siqib, yoqasi bilan yengini kraxmalga soldim. Keyin dazmolni obdan qizdirib, ko‘ylakka bosdim. Shu zamonning ko‘ylaklari juda g‘alati-da: yoqaning astari nima uchundir avrasidan keng bo‘ladi. Qancha dazmol bossang ham, hech tekislab bo‘lmaydi. Kostyumni benzin bilan tozaladim. Bundoq qarasam, na toza ro‘molcha bor va na paypoq! Soqol olayotgan edim, allanarsaning kuygan hidi dimoqqa urdi. Turib qarasam, qizigan dazmol shimimning ustida qolib ketgan ekan, tizzadan kuydiribdi. Ming la’nat shunaqa hayotga! Ilgari uylanmasam ham, endi uylanaman! Hali qurimagan ko‘ylakni kiydim. Shoshganda labbay topilmas deganday, soqol olayotganda yuzimni uch-to‘rt joyidan kesib olgan ekanman, tirqirab qoni chiqib yotibdi.

Kechikyapman. Yo‘ldan taksi olib, o‘pkamni qo‘ltiqlagancha idoraga kirib keldim. Eshik oldida meni kutib olgan o‘rtog‘im:

– Qayoqda sanqib yuribsan? Bir soatdan beri seni kutib o‘tirishibdi, – deya to‘ng‘illab berdi.

– Xo‘sh, o‘zi qalay? Qaymoqdaymi?

Oshnamning yuzi devorday oqarib ketibdi.

– Hozir o‘zing ko‘rasan!

Imtihon berayotganda ham bunchalik hayajonga tushmagan, ishim oliy sudga oshirilganda ham bunchalik qo‘rqmagan edim. Yuragimni hovuchlab, ichkari kirdim. Kirdimu, darhol madmuazel Eleftrani, uning yonida esa… hayvonot bog‘idan qochgan bir maxluqni ko‘rdim. Dahshat ichida o‘rtog‘imga qaradim. U yuzini devorga o‘girib olibdi.

– Keldingizmi?

– Kechirasiz, kuttirib qo‘ydim!

Ko‘zlarimiz to‘qnashdi. Oldimda turgan shu stolni dast ko‘tarib madmuazel Eleftraning boshiga tushirsammikin! O‘zim ham husnda beriroqmanu, lekin bu darajada emas-da. Menga olib berishmoqchi bo‘lgan bu qizdan faqat bir maqsadda foydalansa bo‘ladi: uni chodirga kiritib qo‘yasanu, tashqaridan turib: «Odamlaru, odamlar, eshitmadim demanglar, dunyoda yettita ajoyibot bo‘lsa, sakkizinchisini chodirning ichida ko‘rasiz! Kelib qoling, ko‘rib qolnng!» – deb qichqiraverasan.

Avvaliga uni sayil va bayram kunlari ko‘cha-ko‘yda odamlarga tomosha qildirsa, keyin esa qishloqma-qishloq yurib, butun Anatoliyaga ko‘rsatib chiqsa bo‘ladi. Ilojini topsang, Yevropa bilan Amerikaga ham yetaklab borsang bo‘ladi. Qolaversa, savob ish qilgan ham bo‘lasan, mamlakatingni chet ellarda targ‘ib qilib, begonalarni uning hayvonot olami bilan ham tanishtirib chiqasan.

Nihoyat, u bilan qo‘l berib so‘rashdik.

– Qalaysiz? Salomatmisiz?

– Mersi! O‘zingizdan so‘rasak?

Madmuazel Eleftraning savoli tomdan tarasha tushgandek bo‘ldi:

– Qalay, yoqdimi?

– Madmuazel Eleftra, Istambulda hayvonot bog‘i ochilarmish, siz eshitmadingizmi?

– Yo‘q, eshitmadim, – sovuqqina javob berdi u.

Ilgarilari armiyada to‘p tortadigan bir xil otlar bo‘lardi. Harbiy paradlarda bu boyaqishlarning tumshug‘i bilan yag‘rinidan duv-duv ter to‘kilardi. Bu qiz ham o‘shanaqa otga o‘xshaydi. Lekin menga xotinlikka mo‘ljallangan bu maxluqning oldida o‘sha otning afzal tomoni bor – u jim desang, jim bo‘ladi. Bunisi esa chakagi tinmay valdiraydi, buning ustiga, og‘zi kompas strelkasiday bir tomonga yo‘nalib turganligidan nima deyayotganligini hecham tushunib bo‘lmaydi. Odatda birov gapirganda, javob bermaslik odobdan emas, lekin uning gapiga tushunmayotgan bo‘lsam nima qilay! Gapiga tushunmagan taqdiringda ham odamning ko‘ziga qarab, «ha» yoki «yo‘q» deb tursang bo‘ladi, ammo manavining qovoqlari ko‘zini yopib qo‘yganligi uchun, bozor kunlari tuynukdan savdo qilayotgan baqqolga o‘xshab olazarak qaraydi. Xullas, xudo uni yaratganu, bu badbashara maxluqni ko‘rib o‘zi ham hayron bo‘lgan. Xudo har narsaga qodir, deb shuni aytar ekan-da!

To‘rt tilni biladi, deyishgan edi, bo‘lmagan gap ekan. Ma’lum bo‘lishicha, do‘konda ishlab yurganida sal-pal fransuzcha bilib qolgan, mijozlar uni ko‘rib do‘konga kirmay qo‘yganlaridan keyin ishdan quvilgan ekan. Onasini nemis deyishuvdi, bu gap ham chatoq chiqdi. Aslida onasi emas, bundan o‘n yil oldin qo‘shnisi nemis bo‘lgan ekan. «Uch joyda uyi bor» deyishgan edi, turgan-bitgani lof bo‘lib chiqdi. Uchta hovlisi emas, uch xonali uyi boru, bu ham garovga qo‘yilgan ekan. Buning ustiga, uy sakkiz aka-ukaning o‘rtasida ekan.

– Qalay, sizga yoqdimi? Hozir gaplasha qolaylik! – yana so‘radi mendan madmuazel Eleftra.

Mushkul ahvolda qoldim. Bordi-yu, iltifot yuzasidan «ha» deydigan bo‘lsam, darrov to‘ydan gap boshlanishi aniq. Tilim g‘o‘ldirab qoldi:

– Bilasizmi... Bunaqa nozik masalada... Labbay? Erkak kishidan oldin... Xotin kishining fikri... e... Menga qolsa, albatta... Mening fikrimni bilmoqchi bo‘lsangiz...

Qiz boyaqishga bundoq qarasam, og‘zimga ko‘z tikib o‘tirgan ekan. O‘rtaga jimlik cho‘kdi.

– Havo biram yaxshiki!..

Cho‘kayotgan odam xasga yopishadi, deganday, darrov uning gapini ilib oldim:

– To‘g‘ri aytasiz, xonim, havo juda ajoyib. Bu yil...

Ob-havodan gap ketsa, bir hafta surunkasiga gapirishim mumkin.

Ammo shu on rahmim qo‘zg‘adi. Buni qarang, xudo qarg‘agan bechora bir qiz turmushga chiqmoqchi bo‘libdi-yu, uning yolg‘iz umidi men ekanman. Sizga yolg‘on, xudoga chin – ko‘zimga yosh oldim. «Shu sho‘rlikka uylana qol! – dedim o‘zimga o‘zim. – Hayotingda ko‘p nojo‘ya ishlar qilgansan, nari borsa bu ham shuning bittasi bo‘lar. Qolaversa, savob ish qilgan ham bo‘lasan!»

– Bu yil havo o‘tgan yildagiga sira o‘xshamaydi.

– Shundoq, afandim!

Qizning betiga tikilaman. Yashirib nima qilay, miyamga bir fikr keldi: unga uylangach, bir kunmas bir kun uning ana shu betidan, albatta o‘pishga to‘g‘ri kelar. Men o‘shanda labimni tekkizishim mumkin bo‘lgan nuqtani uning yuzidan qidiraman. Bo‘jama bilan husnbuzar dastidan tirnoqday bo‘sh joy qolmabdi. Yana o‘sha niyatda qizning soch va qo‘llariga razm solaman. Tavba, hech qayerida bo‘sh joyi yo‘g‘-a! «Sen shoirtabiat kishisan, – tasalli beraman o‘zimga o‘zim, – xayolga boy odamsan, shuning uchun uning aftiga qaraysanu, boshqa bir jononning yuzini xayolingga keltirasan».

O‘sha kuni rosa ikki soat ob-havodan gaplashib o‘tirdik. Ular bilan xayrlashayotganimda, qizning chap oyog‘i o‘ng oyog‘idan kaltaroq ekanligini payqadim. Bu gal qizning nuqsonini ko‘rib rahmim keldi.

Ular eshikdan chiqib ketishi bilan oshnam mendan so‘radi:

– Xo‘sh, nima deysan?

– Men shu qizga uylanaman!

– Iya, esingni yedingmi?

– Bundan yaxshi xotin topolmayman! Shunga albatta uylanaman.

Kechqurun madmuazel Eleftra kelib qoldi.

– Uylanadigan bo‘ldim! – dedim unga.

– Kimga?

– Kimga bo‘lardi! Siz bilan kelgan qizga-da!

– Afsuski, iloji yo‘q, – dedi u bosh chayqab. – Siz unga yoqmabsiz!!!

Aziz Nesin.

Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring