Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Afrosiyob» muzeyi yangi qiyofa oldi

«Afrosiyob» muzeyi yangi qiyofa oldi

Samarqanddagi mashhur «Elchining tashrifi» devoriy surati saqlanadigan «Afrosiyob» muzeyi restovratsiyadan so‘ng qaytadan, to‘la formatda ish boshladi. Koreya milliy meros jamg‘armasi va O‘zbekiston milliy madaniy meros agentligi hamkorligidagi ta’mir ishlarida 290 ming dollardan ortiqroq mablag‘ sarflangan.

Restovratsiya jarayonida muzeyning birinchi qavati ekspozitsiyasi foni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan, ko‘rgazmalar zali, videozal va yo‘laklardagi uskunalar yangilangan.  Shuningdek, binoning tomi qaytadan yopilgan va ikkinchi qavatdagi shift ham yangitdan o‘rnatilgan. 

 – Koreyaning Madaniy meros jamg‘armasi ODA (Official Development Assistance) dasturi asosida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan «Samarqand viloyatining tarixiy-madaniy turizm salohiyatini oshirish» loyihasi doirasidagi ish bu, – deydi «Afrosiyob»  muzeyi direktori Samariddin Mustafoqulov. – Yangi ekspozitsiyani loyihalashda devor sirtining umumiy rang tarkibi masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Zallardagi eksponatlarni to‘g‘ri yoritish uchun rang kombinatsiyasi o‘ziga xos qilib tanlandi. Poldagi marmar qoplamlari va devorlarning asosiy ranglari  uyg‘unlashtirilgan holda maxsus moslamalar bilan yoritiladigan bo‘ldi.

Yangilanish munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi bosh konsuli Kuk Jang Hyun «Afrosiyob» devoriy suratlari bundan 1400 yil avval diplomatik missiya bilan Koreya yarim orolidan Samarqandga kelgan elchilarni eslash maqsadida chizilgan» dedi.

Muzeyga 13 va 14 martda kirish hamma uchun bepul ekani e’lon qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring