Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Advokatlar bong uradi: ayblovning og‘riqli nuqtasi

Advokatlar bong uradi: ayblovning og‘riqli nuqtasi

Foto: «Kapital.kz»

O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi matbuot xizmati va «Advokat» jurnali tahririyati xodimlari yaqinda vodiy viloyatlarida bo‘lib, joylardagi advokatlar bilan ko‘p va xo‘p suhbatlashgan edi. Advokatlarning ichida ko‘p gaplar to‘planib qolgan ekan. Muloqot jarayonida jiddiy mushohada yuritishga arzirli qator takliflar o‘rtaga tashladiki, bugun ularning bittasin hukmingizga havola etiladi.

Gap ayblov jarayonining eng og‘riqli nuqtasi haqida kechibdi.

«Jinoyat protsessual qonunchiligida ayblov bilan himoyaning mavqeini tenglashtirish borasida muhim bir masala bor — ayblov xulosalarining prokuror tomonidan tasdiqlanishini bekor qilish kerak, bu birinchi og‘riqli nuqta», — deydi Andijon shahridagi «Andijon» advokatlar hay’ati advokati Shavkatbek Abdurahimov. Uning aytishicha, jinoyat ishlari ko‘rilayotgan sud protsesslarida, odatda, prokuror kirib, ayblov xulosasini o‘qiydiyu chiqib ketadi. Sud jarayonida nimalar bo‘lyapti, tergovda to‘plangan dalillarning qaysilari tasdiqlanayapti, qaysilari tasdiqlanmayapti, bunga e’tibor ham bermaydi. Bu, birinchi navbatda, fuqarolarning prokuratura organlariga bo‘lgan ishonchini so‘ndiradi.

«Sud jarayoni nihoyasiga yetib, muzokaraga navbat kelganida esa, prokuror, kutilmaganda, ayblanuvchiga falon modda bilan mana buncha muddat so‘rayman, deb hammani hayratda qoldiradi, — deydi advokat. — Chunki, viloyat, shahar, tuman prokurori yoki ularning o‘rinbosarlari ayblov xulosasini tasdiqlab turgandan keyin prokurorlar undan chetga chiqolmaydi, xohlagan taqdirda ham. Bu oddiy haqiqat».

Shularni inobatga olgan holda advokat ayblov xulosalarini tasdiqlashni prokurorlarning vakolatidan olib tashlash kerakligini tavsiya etadi va shundagina ayblov bilan himoya tengligi ta’minlanishini aytadi.

Uningcha, bugungi islohotlar jarayoni, Prezidentimizning Parlamentga murojaatida aytilgan ko‘rsatmalar ham bu masalaga yechim topish lozimligini taqozo etmoqda. Qolaversa, bugun Ichki ishlar vazirligi huzurida tergov departamenti tashkil etilgani ham ayblov xulosasini prokurorga tasdiqlatish tajribasidan voz kechish uchun sharoit yaratilganini ko‘rsatadi.

«Qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasida ham tergov departamenti tuzilib, tergov prokuraturadan olib qo‘yildi, — deydi suhbatga qo‘shilib O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining Andijon viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Adiljon Yunusov. — Ayblov xulosasini prokuror tasdiqlagan bo‘lsa va prokuror yordamchisi sudda ishtirok etayotgan bo‘lsa, u qanday qilib o‘zining prokuroriga qarshi boradi?». Yunusovning aytishicha, bunday holatda xolislik yo‘qoladi. Chunki tergovda barcha holatlar yoritilmaydi. Ish sudga yetib kelgandagina asl holatlar ko‘rinadi (ya’ni himoya tomonning yangi dalillari paydo bo‘ladi, guvohlar yangicha ko‘rsatuvlar berishi mumkin va hokazo...). Shu bois ayblov tomoni ham shu holatdan kelib chiqib, o‘zining fikrini o‘zgartirishi kerak. Ammo ayblov xulosasi prokuror tomonidan tasdiqlab qo‘yilgan bo‘lsa, sudda ishtirok etayotgan yordamchisi unga o‘zining muqobil fikrini bera olmaydi.

O‘ylab ko‘rishga arzirli mulohazalarmi?

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring