Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Adliya vazirligi o‘rganishi: nogironlikni belgilash qanday amalga oshmoqda?

Adliya vazirligi o‘rganishi: nogironlikni belgilash qanday amalga oshmoqda?

Foto: «Uz24.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-dekabrdagi Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalar, ko‘makka muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash davlatning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qolishi ta’kidlandi.

Prezidentimiz tomonidan yuqoridagi murojaatnomada ta’kidlanganidek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning nafaqa ta’minoti, malakali ta’lim olishi, ish bilan ta’minlanganligi va boshqa bir qator holatlar davlatning ustuvor vazifalari bo‘lishi bilan birga, ijtimoiy himoya darajasini belgilab beruvchi asosiy indikatorlardan biri hisoblanadi.

Mazkur indikatorlarning yuqoriligi davlatning insonparvarlik tamoyili asosida faoliyat yuritayotganligidan dalolat beradi.

Adliya vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda hududlardagi tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarining (keyingi o‘rinlarda TMEK deb yuritiladi) fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda nogironlikni belgilash bilan bog‘liq faoliyatini tahlil qildi.

Tahlil ushbu sohada fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligiga sabab bo‘luvchi o‘z yechimini kutayotgan bir qator masalalar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Birinchidan, davolash profilaktika muassasalarida mutaxassislar va tibbiy uskunalar yetishmaydi.

Davolash-profilaktika muassasalarida vrachlar (nevropatolog, okulist, xirurg va hokazo) yetishmasligi hamda shtat birligi kamligi sababli, ularning ish vaqtlarining turlicha qilib belgilanganligi natijasida fuqarolar TMEKlar tomonidan dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun asos bo‘ladigan 088/u-tibbiy ma’lumotnomasi to‘ldirish uchun o‘rtacha 8-10 kun vaqt sarflashmoqda.

Shuningdek, ayrim tibbiyot uskunalari mavjud emasligi natijasida fuqarolar 088/u-tibbiy ma’lumotnoma uchun ortiqcha sarf-xarajat qilgan holda xususiy tibbiyot muassasalaridan ko‘rikdan o‘tishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ikkinchidan, sohadagi ayrim munosabatlar tartibga solinmagan, qonun hujjatlaridagi ba’zi tartibotlar fuqarolar manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi.

Qonunchilikda belgilangan muddatlardan oldin TMEKlar tomonidan dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun asos bo‘ladigan kasalliklar belgilari va ro‘yxatlari tasdiqlanmagan.

Natijada davolash profilaktika muassasalari tomonidan ayrim hollarda nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan shaxslar, (bosh miya insulti, buyrak saratoni, bosh miya o‘smasi va hokazo.) faoliyatining to‘liq buzilishi, shuningdek noxush klinik prognozli bemorlardan ham statsionarlarda 4, 6 yoki 10 oy davomida davolanish talab qilingan.

Bundan tashqari, ayrim hollarda fuqarolarning moddiy imkoniyati yo‘qligi hamda ko‘pgina tibbiyot muassasalarida statsionar davolanish uchun nevrologiya va terapiya bo‘limlarida o‘rinlar yetishmasligi sababli, ular qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda statsionarlarda davolana olishmaydi.

Oqibatda fuqarolar nogironlik holatini belgilash uchun asos bo‘ladigan kasalliklarga chalingan bo‘lishiga qaramasdan, ko‘rsatilgan muddatlarda statsionarlarda davolanmaganligi sababli, ularga nogironlik belgilanmayapti.

Uchinchidan, soha faoliyatida huquqni qo‘llash amaliyoti barqaror emas.

TMEKlar faoliyatining yetarlicha muvofiqlashtirilmasligi natijasida, ayrim hollarda davolanish samara bermaydigan kasalikka chalingan (bosh miya falaji, bolalar serebral falaji, qo‘l va oyoqning amputatsion cho‘ltoqligi va hokazo.) bemorlar yillar davomida qayta-qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.

O‘rganish davomida adliya organlari tomonidan TMEKlar faoliyatida 300 dan ortiq qonun buzilishi holatlari aniqlandi. Mazur qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida ularga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida adliya organlari tomonidan 50 ta taqdimnoma hamda ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan takliflar kiritildi. Ta’sir choralari natijasida intizomiy javobgarlikka 63 nafar, ma’muriyga esa 5 nafar shaxslar tortildi.

To‘rtinchidan, TMEKlarda ayrim turdagi mutaxascislar yetishmaydi (pediatr, oftalmolog), aksariyat hollarda nogironlik, fuqarolar murojaat qilganidan so‘ng belgilangan.

Nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan shaxslar, shuningdek noxush klinik prognozli bemorlarni aniqlash bo‘yicha yetarlicha monitoring olib borilmasligi sababli, ba’zi hollarda chekka hududlarda istiqomat qiluvchi jismoniy, aqliy, ruhiy yoki sensor (sezgi) nuqsonlari bor shaxslarga nogironlik belgilanmasdan qolib ketgan.

Tahlillarga ko‘ra 2018-yilning 10 oyi davomida TMEKlar tomonidan belgilangan jami 42 499 ta nogironlik holatining atigi 275 tasi nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan shaxslar, shuningdek noxush klinik prognozli bemorlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ta’kidlash lozimki, adliya organlari sa’y-harakati bilan chekka va olis hududlarda istiqomat qiluvchi 100 dan ortiq nogironlik holati aniq ko‘rinib turgan shaxslar TMEKlar tomonidan belgilangan muddatlardan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, tegishli nogironlik guruhlari belgilandi.

Shuningdek, TMEKlar tomonidan ishlab chiqilgan reabilitatsiya dasturlari kasalliklarning boshlanishi, kechishi va rivojlanishini, amaliyotdagi holatlar chuqur tahlil qilinmagan hamda har bir nogironga nisbatan individual yondashmasdan «nomigagina» ishlab chiqilgan.

Natijada, nogironlik holatiga «ijtimoiy muammo» sifatida emas, balki «tibbiy muammo» sifatida qarash yuzaga kelgan.

Bugungi kunda ushbu sohani takomillashtirishga qaratilgan ishlar boshlab yuborildi.

Adliya vazirligi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring