Adliya vaziri Ruslan Davletov yangi lavozimni egalladi
Bugun, 2-iyun kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston basketbol federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Konferensiyada O‘zbekiston basketbol federatsiyasi prezidenti sifatida faoliyat olib borgan Dusanov Zohid Abduqayumovich sog‘lig‘i yomonlashgani sababli o‘z lavozimini tark etgani ma’lum qilindi.
Federatsiya rahbarligi lavozimiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Davletov Ruslanbek Quroltoyevich nomzodi taklif etildi. Konferensiya ishtirokchilari ushbu nomzodni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladilar. Shu tariqa R.Davletov O‘zbekiston basketbol federatsiyasining prezidenti etib saylandi.
«Bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildiraman. Ishonchni oqlayman. Birinchi vazifamiz, federatsiya tizimidagi ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olishdir. Tashkilot tizimini qayta ko‘rib, kimning qanday imkoniyatlarga ega ekanligini o‘rganib chiqamiz. Basketbolni rivojlantirish uchun bizga malakali mutaxasisslar kerak bo‘ladi. Bu borada qo‘llab-quvvatlashingizga umid qilaman va kelajakda albatta yaxshi natijalarni qo‘lga kiritamiz», — dedi R.Davletov.
Shuningdek, yangi rahbar viloyatlarda ham basketbolni rivojlantirishga e’tibor qaratishini, terma jamoa uchun xorijdan malakali murabbiylar jalb qilinishini, bugungi kunda eng asosiy muammolardan biri bo‘lib turgan baza masalasi hal qilinishiga ham alohida urg‘u berib o‘tgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter