Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Adliya vaziri: «Ishonamanki, «Umid»chilar o‘z kuch-g‘ayratlarini ayashmaydi»

Adliya vaziri: «Ishonamanki, «Umid»chilar o‘z kuch-g‘ayratlarini ayashmaydi»

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov.

Foto: Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

«Yangilanayotgan O‘zbekistonga yangi avlod kadrlari» mavzusidagi birinchi «Umid Reunion 2.020» xalqaro konferensiyasining ochilish arafasida o‘sha mashhur «Umid» jamg‘armasining taniqli bitiruvchilaridan biri – xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov o‘zining o‘quv yillaridagi xotiralari va jamg‘arma uning hayotini qanday o‘zgartirgani haqida so‘zlab bergandi.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov.

Ushbu anjumanning ochilish marosimida adliya vaziri Ruslanbek Davletov ham nutq so‘zlab, «Umid» jamg‘armasi xalqimiz va davlatimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi, katta umidi sifatida tashkil qilinganligi bilan ahamiyatlidir. Ishonamanki, ushbu bitiruvchilar olib borilayotgan islohotlarda prezidentimizga kamarbasta bo‘lib, o‘z kuch-g‘ayratlarini ayashmaydi», deya ta’kidladi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

R.Davletov ishtirokchilar e’tiborini mamlakatimizni demokratik yangilash va modernizatsiya qilish borasida qonun ustuvorligini ta’minlash, davlat boshqaruvi samaradorligiga erishish hamda sud-huquq tizimini yanada isloh qilish masalalariga qaratdi.

Xususan, 2018-yildan Parlamentda tarixda ilk bor «hukumat soati» – Qonunchilik palatasi majlislarida hukumat a’zolarining deputatlar savollariga javoblarini eshitish instituti joriy etildi.

2018-yil tashkil etilgan Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi ma’muriy islohotlarning amaliy natijalaridan biri bo‘ldi. Bugun davlat xizmatlari markazlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga jami 120 dan ortiq turdagi xizmatlar ko‘rsatilmoqda. 2020-yilda esa ularni sonini 160 tadan oshirish rejalashtirilmoqda.

Yaqinda Byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, davlat organlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilishga oid qaror imzolandi. Endilikda 2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat idoralari o‘rtasida hujjat aylanishi va hisobotlarni yuritish faqat elektron ko‘rinishda amalga oshiriladi.

«So‘z erkinligi sohasida ham, tan olish kerak, tub burilish yuz berdi. Mazkur o‘zgarishlar yuz berishi uchun alohida qonunlar qabul qilinmadi. Jamiyatning o‘zi shaffoflikni talab qila boshladi, OAV ham jamiyat muammolarini yoritishda dadilroq bo‘la boshladi. Bugungi kunda an’anaviy axborot vositalari bilan birga internet, ijtimoiy tarmoqlar, blogerlar jamoatchilik fikrini shakllantirishda katta rol o‘ynamoqda. Natijada, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar mansabdor shaxslarni o‘z ishini qonuniy asosda to‘g‘ri tashkil etishga undamoqda, kerak bo‘lsa, mansabdor shaxslar ularni fikri bilan o‘rtoqlashishga majbur bo‘lmoqdalar», deya ta’kidlab o‘tdi adliya vaziri.

«Umid Reunion 2.020» xalqaro konferensiyasi ishtirokchilari

Shu bilan birga, R. Davletov mamlakatimizni modernizatsiya qilish yo‘lidagi vazifalarni sanab o‘tdi:

Birinchisi — qonunchilik sohasini yangi bosqichga olib chiqish masalasidir. Shu jumladan, bevosita amal qiluvchi qonunlarning qabul qilish, qonun hujjatlarining barqarorligini ta’minlash, qonunosti hujjatlarni kamaytirish kerakligi aytib o‘tildi.

Ikkinchisi — hayotimizni barcha sohalarida qonun ustuvorligini ta’minlash. Jahon adolat loyihasi (World Justice Project) tashkilotining «Qonun ustuvorligi indeksi»da 126 mamlkat orasida O‘zbekiston 94-o‘rinda ekanligi ham ushbu sohada oldimizda ko‘plab vazifalar turganligidan darak beradi.

Uchinchisi — sud tizimini yanada isloh qilish. O‘zbekistonda 23 810 nafar kishiga 1 nafar sudya to‘g‘ri kelsa, Fransiyada 11 000 kishiga, AQShda 9 000 kishiga, Germaniyada 4 000 kishiga 1 nafar sudya to‘g‘ri keladi. Bu borada alohida e’tiborni sudlarning institutsional va funksional mustaqilligini ta’minlash,  nizolarni hal qilishning muqobil usullari (arbitraj va mediatsiya)dan keng foydalanish orqali sudyalar ish yuklamasini kamaytirish,  xalq maslahatchilari institutini tubdan isloh qilish orqali jamoatchilik nazoratining yangi mexanizmini joriy qilish kabi takliflar ilgari surildi.

Forum o‘z ishini davom ettirmoqda. Anjumanda 300 nafardan ortiq, shu jumladan, ayni vaqtda xorijda yashayotgan 120 dan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda. Forum mamlakatni demokratik yangilash, ta’lim, sarmoyaviy iqlimni yaxshilash, innovatsion rivojlanish va qishloq xo‘jaligiga bag‘ishlangan beshta seksiyada o‘tkaziladi.

Bugun adliya vaziri R.Davletov «Mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiya qilish» seksiyasida moderatorlik ham qiladi. Anjuman ishtirokchilari ilgari surgan takliflar davlat organlariga taqdim etiladi.

Ma’lumot uchun: 1997-yil 7-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga asosan iste’dodli yigit-qizlarning chet elda ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Umid» jamg‘armasi tuzilgan. Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ham ushbu jamg‘arma ko‘magida tahsil olgan ilk qaldirg‘ochlardan biri hisoblanadi.

Jamg‘arma ko‘magida 1997—2003-yillar davomida dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari (AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Kanada, Italiya)ning bakalavriat va magistratura ta’lim yo‘nalishlarida jami bo‘lib 828 nafar istiqbolli yoshlar tahsil olgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring