Adib Dadaxon Nuriy vafot etdi

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adib Dadaxon Nuriy 78 yoshida vafot etdi. Bu haqda uyushma axborot xizmati xabar berdi.
Dadaxon Nuriy 1943 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining Sharq fakultetini tamomlagan.
Dastlabki lirik qissasi — «Oqshom qo‘shiqlari» (1963). Shundan so‘ng yozuvchining «Begona» (1968), «Bog‘larda bahor», «Mashina Kashmirga boradi» (1970—71), «Osmon ustuni» (1976), «Shahar tegirmoni» (1990), «Begona» (1991) kabi kitoblari nashr etilgan.
Esse, sayohatnoma janrida ham asarlar yozgan («Daricham ro‘parasidagi Pokiston», 1996; «Pokiston «Oltin devor» tirqishidan», 1998; «Azim chinorlar panohida», 2005; «Ram sohibdan hammaga salom», 2007). Ayniqsa yozuvchining «Boysun junglilaridan Kandi o‘rmonlarigacha» «to‘qilmagan sarguzashtlar» kitobi ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otgan.
Dadaxon Nuriy So‘nggi yillarda «Niqobsiz Amerika va boshqa manzilgohlar» (2010), «Olisdagi dala bog‘», «Iztirob» (2017), «Vijdon hayqiriqlari» (2018) kabi kitoblarni yozdi.
Asarlari hindiy, urdu, ingliz, qozoq, koreys, turk va rus tillariga tarjima qilingan.
Ma’lum qilinishicha, janoza namozi bugun soat 19:00da Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani Mirzakalon Ismoiliy ko‘chasi 2-uy 46-xonadon hovlisida o‘qiladi. Marhum «Minor» qabristoniga dafn etiladi.
«Xabar.uz» jamoasi adibning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter