Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abdusaid Ko‘chimov davlat mukofoti bilan taqdirlandi

Abdusaid Ko‘chimov davlat mukofoti bilan taqdirlandi

Prezident farmoni bilan O‘zA bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Ustoz Abdusaid Ko‘chimov bugun, 15 may kuni tabbaruk 70 yoshni qarshi oldi.

Taniqli ijodkor mehnat faoliyatini «O‘qituvchi» nashriyotidan boshlagan. Bolalar gazetasida adabiy xodim, bo‘lim mudiri, mas’ul kotib, bosh muharrir lavozimlarida mehnat qilgan. «Sharq yulduzi» jurnalida mas’ul kotib, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bo‘lim mudiri, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Axborot markazi rahbari, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi, «Toshkent» teleradiokanali bosh direktori, «Xabar» gazetasi bosh muharriri vazifalarida samarli mehnat qilgan.

Serqirra ijodkorning birinchi kitobi – «Kashfiyotchi bolalar» 1978 yili chop etilgan edi. O‘tgan yillar davomida «Mening O‘zbekistonim» (1979 yil), «Toshburgut» (1981 yil), «Mening yulduzim» (1984 yil), «Chanoq» (1985 yil), «Halqa» (1987 yil), «Ikki bahor» (1990 yil), «Umid daraxtlari» (1992 yil), «Qiyofa» (1996 yil), «Yosuman» (2000 yil), «Baland tog‘lar» (2002 yil), «Ko‘zlarimning qarog‘idasan» (2006 yil), «Muhabbat bog‘lari» (2008 yil), «El suv ichgan daryolar» (2009 yil), «Tanlangan asarlar» (2011 yil) nomli nasriy va nazmiy kitoblari turli nashriyotlarda chop etildi.

Adibning «Baland tog‘lar» qissasi asosida to‘rt seriyali, «Boychechak» hikoyasi asosida esa bir seriyali badiiy filmlar yaratilgan. «Halqa» va «Hayot hukmi» nomli kitoblari Xitoy Xalq Respublikasida nashr etilgan. Bir qancha hikoya, qissa va she’rlari rus, ukrain, moldovan, turk va boshqa jahon tillariga tarjima qilingan. Unga tabiatni asrab-avaylash mavzuidagi asarlari uchun Xalqaro YuNESKO mukofoti, «Halqa» kitobi uchun G‘afur G‘ulom nomidagi mukofot berilgan.

A.Ko‘chimov O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist unvoni, «Shuhrat» medali, «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan. 1990-1994 yillarda O‘zbekiston Oliy Soveti deputatligiga, 1994-1999 va 1999-2004 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatligiga saylangan.

«Xabar.uz» ijodiy jamoasi shogirdlariga mehribon, samimiy inson Abdusaid akani muborak 70 yoshi bilan chin dildan tabriklaydi. Qadrli ustozga mustahkam sog‘liq, yuksak ijodiy parvozlar tilaydi!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring