Abduqodir Toshqulov «Hukumat soati»da nimalar dedi?
2021-yil 2-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi «Hukumat soati» bo‘lib o‘tdi. Unda xalq vakillari «Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni turar joylar bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi masalani muhokama qildilar. Deputatlarning ushbu masala yuzasidan savollariga O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov javob berdi.
Deputatlar bugungi kunda oliy ta’lim muassasalari tasarrufidagi talabalar turar joylarining holati, talabalarni turar joylar bilan ta’minlash qamrovini oshirishga to‘siq bo‘layotgan omillar haqida qiziqdilar.
Vazir o‘z javobida haqiqatan ham bugungi kunda respublika oliy ta’lim muassasalari oldida eng dolzarb muammolardan biri bu — talabalar uchun yotoqxonalar masalasi ekanini qayd etdi. Sababi, respublikada yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi oshib borishi bilan bir qatorda, yotoqxonalarga bo‘lgan ehtiyoj ham ortmoqda.
Misol uchun, 2017/2018-o‘quv yilida oliygohlarga kunduzgi ta’lim shaklida qabul parametrlari 66,5 mingni tashkil etgan bo‘lsa, 2020/2021-o‘quv yilida ushbu ko‘rsatkich qariyb ikki barobarga oshib, 111,7 mingga yetdi. Yurtimizda mavjud 228 ta yotoqxonada 58 ming nafar talaba istiqomat qiladi.
Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, oliy ta’lim muassasalari tasarrufida bo‘lgan yotoqxonalar bugungi kunda mavjud ehtiyojning ma’lum bir qismini qamrab olgan, xolos.
Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida yotoqxonalarga qo‘shimcha ehtiyoji bor talabalar soni 149,4 ming nafarni tashkil etmoqda. Ushbu ehtiyojni qoplash uchun 400 o‘rinli 373 ta yotoqxona qurish talab etiladi.
Vazir javobida talabalarning o‘z xohishlariga muvofiq, doimiy yashash joylariga o‘qishini ko‘chirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlandi. Ayniqsa, xotin-qizlarga o‘quv yili davomida ham belgilangan tartibda o‘qishlarini ma’lum sabablarga ko‘ra ko‘chirishga ruxsat berilgan.
Shu bilan bir qatorda, pandemiya vaqtida orttirilgan tajribalardan kelib chiqib, yosh bolali, homilador xotin-qizlarga va ijtimoiy ahvoli og‘ir talabalarga darslarga onlayn qatnashish imkoniyatlari oliy ta’lim muassasalari tomonidan yaratilgan.
Xalq vakillari Davlat budjeti hisobidan talabalar turar joylarini ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va qayta qurish maqsadida ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi, qolaversa, davlat xususiy sherikchilik tamoyili asosida hududlarda oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun turar joylarni qurish, tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida savollar berishdi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, Qoraqalpoq davlat universiteti, Qarshi davlat universiteti, Andijon davlat universitetlarida va Chirchiq davlat pedagogika institutlarida budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan talabalar uchun yotoqxonalar qurilishi boshlanmoqda.
Prezidentimiz tomonidan hududlarga bo‘lgan tashriflari chog‘ida ham talabalarga qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, yotoqxonalar qurish masalalariga alohida e’tibor qaratilyapti.
Davlat rahbari tashabbuslariga muvofiq, talabalarga yotoqxonalar qurish maqsadida oliy ta’lim muassasalariga Davlat budjetidan subsidiya ajratish masalasida mutasaddilarga tegishli ko‘rsatma berildi.
Bugungi kunda ushbu subsidiyalarni ajratish, talabalar yotoqxonalarini qurish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqilib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda. Mazkur qaror loyihasida 2022 — 2025-yillarga mo‘ljallangan talabalar yotoqxonalarini qurish dasturi tasdiqlanishi kutilyapti.
Vazir javobida, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida qo‘shimcha yotoqxonalarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash yuzasidan bir qator ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgani qayd etildi.
Chunonchi, oliygohga yaqin hududda joylashgan professional ta’lim muassasalariga qarashli bo‘lgan va quvvatidan to‘liq foydalanilmayotgan yotoqxonalarni oliygohlar ixtiyoriga o‘tkazish orqali qo‘shimcha turar joylarini yaratish, yotoqxonalarni tadbirkorlik sub’yektlari takliflaridan kelib chiqib, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida barpo etish hisobiga yotoq o‘rnini tashkil etish, har bir talaba bilan alohida ishlash tizimi orqali oliygohdagi yangi tuzilmalardan foydalanib, rektorlar tomonidan yotoq joyini ijaraga beruvchi xonadonlar (sanitariya va yong‘in xavfsizligi normalariga rioya etgan) bilan yakka tartibdagi ishlarni olib borish shular jumlasidan. Qolaversa, ijarada turuvchi talabalarning sharoitlarini o‘rganish vaqtida ularni yashil, sariq va qizil toifalarga bo‘lish yo‘li bilan amaliy yordam berish tizimini yo‘lga qo‘yish ayni muddao.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda uy-joy qidirishga ixtisoslashgan amalda mavjud elektron platformalar tarkibida «Talabalarga yotoq joylari» nomli alohida ruknni kiritish orqali ular uchun yotoqxona va xususiy xonadonlardan turar joy qidirishning maqbullashtirilgan tizimini yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilayotgan ishlardan biri sifatida tilga olindi.
Yana bir muhim masala — davlat-xususiy sheriklik asosida yotoqxonalar qurish masalasini oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri talab darajasida emasligini ta’kidladi. Vazirning qayd etishicha, yotoqxonalar ijtimoiy ob’yekt bo‘lganligi sababli tadbirkorlarni mazkur jarayonga jalb etish bir muncha qiyinchilik tug‘dirmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 ta 400 o‘rinli yotoqxonani saqlash xarajatlari bir yilda o‘rtacha 600,0 mln.so‘mni tashkil etsa, talabalar tomonidan yotoqxona uchun to‘lanadigan to‘lovlar yiliga o‘rtacha 290,0 mln.so‘mni tashkil etmoqda. To‘lovlar xarajatlarini qoplamasligi xususiy sektorni jalb qilish imkonini bermayapti. Tahlillar ijtimoiy ob’yektlarni qurish ishlariga hissa qo‘shayotgan tadbirkorlik sub’yektlariga qo‘shimcha imtiyozlarni berish lozimligini ko‘rsatmoqda.
Qizg‘in bahs-munozaralarga boy kechgan «Hukumat soati»da ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlarni yanada rivojlantirish yuzasidan aniq tavsiyalar berildi. Muhokamalar yakunida mazkur yo‘nalishdagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter