Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

90-yillarning ekran yulduzi Mo‘ttiga nima bo‘lgan? (video)

90-yillarning ekran yulduzi, Mo‘tti va boshqa obrazlari orqali mashhur bo‘lgan Sherali Hojiyev bilan suhbat.

Odamlarga kulgi ulashgan Sotti Sagatovich va Mo‘tti esingizdami? Ular ichakuzdi hangomalarni namoyish etardi. Sotti Sagatovich rolida mashhur kulgi darg‘asi, komik aktyor va rejissyor Ergash Karimov, Mo‘tti bo‘lib esa yosh aktyor, so‘z ustasi Sherali Hojiyev gavdalanardi. Ularning dueti o‘ziga xos, qalblarga yaqin bo‘lib, kulgi shinavandalarini sel qilib yuborardi. «Televizion miniatyuralar teatri» yopilgach, Ergash Karimov ko‘rinmay qoldi. Sherali Hojiyev ko‘plab filmlarda suratga tushdi, ammo keyin «g‘oyib bo‘ldi». Biz uni topib, sog‘inchli suhbatga tortdik...

– Siz o‘z vaqtida juda mashhur bo‘lgansiz, lekin keyingi yillarda ko‘rinmay ketdingiz. Biror loyiha yoki ijod bilan bandmisiz? Ehtimol hayotingizning ma’lum bosqichida jimjitlik bo‘lgandir? Hozirgi kunda nimalar bilan mashg‘ulsiz?

– Men «O‘zbekiston» teleradiokanalining «Tabassum» radiojurnalida muharrir va boshlovchiman. Bu radiokanal televideniye tashkil etilmasdan avval paydo bo‘lgan, «Tabassum» uzoq yillardan buyon xalq mehrini qozonib keladi. Ustoz san’atkorlar Nabi Rahimov, Ergash Karimov,  Sur’at Po‘latovlar ishlashgan. Juda ulu­g‘ san’atkorlar bor edi.

– Dias Rahmatov...

– Ha, Dias Rahmatov... «Tabassum» radiojurnali mehrini qozongan edi ular.

Mening bugun, Allohga shukr, el nazariga tushib, Sherali Hojiyev bo‘lib, hozir ham o‘zbek teleradiokanalida yurishimga sabab, o‘sha ustozlar tarbiyasidan, deb o‘ylayman. Baxtim kulib, Ergash Karimovning e’tiboriga tushgan edim. Ergash aka, yangi ko‘rsatuv tayyorlaymiz, deganlar. Men Jo‘qi bo‘lib chiqaman, seni To‘qi qilib olaman, degandilar.

Talabalik yillarimda Yozuvchilar uyushmasining she’riyat kechalariga borib yurardim. O‘shanda ko‘plab yozuvchi va hajvchilar bilan tanishganman. Anvar Obidjon bilan ham tanish edim. Ergash akaga shu haqda aytdim. «Anvar akangga ayt, shu Jo‘qi, To‘qini yozib bering, men Ergash akaning shogirdi bo‘laman, degin», dedilar. Men Anvar akaga uchrashib, bu haqda aytdim. Anvar Obidjon rozi bo‘ldilar-da, «Mening bir qahramonim bor, Sotti Sagatovich Sunnatov, shu Sottiga Mo‘ttini qo‘shamiz», dedilar.

– Demak, Anvar Obidjonning g‘oyasi ekan-da bu?

– Ha, O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonning muallifligida yozilgan.

Sherali aka, «Ma’ruf va Sharif» filmi katta muvaffaqiyat qozongan edi. Odamlar turnaqator navbatda turib, chipta olishgan. Keyin sizning ishtirokingizdagi boshqa filmlar ham chiqdi. Mashhur edingiz. Hozir o‘sha paytlarni sog‘inasizmi? Mo‘ttini, Ergash Karimov davridagi tomoshalarni qo‘msaysizmi?

– Albatta, sog‘inaman, qo‘msayman. Men «Ma’ruf va Sharif», «Xo‘roz qochdi»,  «Cho‘ntak»,  «Oltin bola» filmlarida bosh rollarni o‘ynaganman. Ammo ustozlar Nabi Rahimov, Ergash Karimovlar «bo‘lar-bo‘lmas kinoda o‘ynayverma», deb tayinlashardi. Muxlisning nazaridan qolmagin, deyishardi. Mana, oxirgi paytda bitta ssenariyni qo‘limga berishdi. Men rozi bo‘lmadim, sababi ssenariydagi voqealar ma’qul kelmadi.

Ergash Karimov haqida so‘z ochdingiz. Siz shu insonning etagidan tutib, elga tanildingiz. Ustozingizning umri oxirigacha yonida bo‘ldingizmi? Adashmasam, 72 yoshda...

– Yo‘q, 74 yoshda edilar. Ergash aka juda halol, pok odam edi. Bosib o‘tgan yillarini, bolaligini ko‘p gapirardi. 1997 yili «Teleminiatyuralar teatri»ga ko‘p aktyorlar olindi. Meniyam chaqirishdi. O‘shanda O‘zbekiston yoshlarining «Kamolot»i  avval jamg‘arma,  keyin ijtimoiy tashkilotga aylandi. Undan oldin O‘zbekiston ittifoqi edi. Men ana shu O‘zbekiston ittifoqi qoshidagi «Mo‘tti» teatrida ishlardim.

Xullas, 1997 yili teatrga aktyor olinganda meniyam taklif qilishdi. Qabul qilindim. 1997, 1998, 1999 yillarda yomon bo‘lmadi.

Xo‘sh, bugungi kuningiz qanday o‘tyapti? Ijod, ishlar, loyihalar... Sherali Hojiyevning bir kuni haqida eshitaylik.

– Hozir men bir narsadan judayam shodman, Anvarjon. Men Alloh bizga insonlarni xursand qilishdek ishni berganidan shodman. Bugun «Tabassum» uchun ssenariylar yozaman. Kitoblar, latifalar o‘qiyman. Miniatyuralar bilan tanishaman. Ularni saralab olaman. «Tabassum»ning aktyorlari keladi. Dastlab ular o‘z taassurotini aytadi, «O-o-o, Sheralijon, yaxshi narsalarni topibsiz, ajoyib bo‘libdi», deyishadi. Eshittirish har yakshanba kuni radio efirga ketganida muxlislardan qo‘ng‘iroqlar bo‘lib, rahmatlar eshitamiz. «Biz «Tabassum»ni eshitdik, yaxshi narsalar beribsiz» degan gaplar bizni shod qiladi. Asosiy ishimiz shu!

Qahramoningiz Mo‘ttining o‘ziga xos imidji bor edi. Hozirgi qiyofangizni unga sodiqlik desa bo‘ladimi?

(kulib yuboradi) Ha, endi... yaxshi niyatlar bor. Yangi loyiha tayyorlayapmiz.

Ko‘cha-ko‘yda muxlislar ko‘p savollar berishadi: «Nimaga ijod qilmayapsiz? Biz sizning muxlisingiz edik, nega jimsiz?» deyishadi. Hamkasblardan ham Sherali Hojiyev hozir qayerda, nima uchun ko‘rinmaydi, deb juda ko‘p so‘rashar ekan. Biz yaxshi niyat bilan muxlislar ko‘nglini shod qiladigan bir chiqish qilish istagidamiz.

– Buni Mo‘ttiga qaytish deb tushunsak bo‘ladimi?

– Yo‘q, o‘sha Mo‘ttining yangicha qiyofasi. O‘zgacha imidji.

– Nazarimda, siz yolg‘iz qolib ketgandaysiz. O‘zaro dardlashadigan, hasratlashadigan, fikrlashadigan yaqin do‘stlaringiz bormi?

– Albatta, bor. Bizning ijod sohasida, inson sifatida, o‘tirib-turadigan do‘stlarimiz bor. Inson odatda gapirganda, o‘zini maqtashni istaydi, aslida yaxshi gapning shaydosi, shirin gapning gadosi bo‘ladi.

Bir kuni Ergash akam bilan Sirdaryoga to‘yga bordik. O‘shanda men endigina shogird bo‘lib tushganman. Bir yigit keldi. «Ergash aka bizning uyga borsinlar. Onam kasal, bir ko‘rib kelsinlar», dedi. Men yoshligimga borib, «Bormaydilar», debman. To‘yning oxirida o‘sha yigit yana keldi. Ergash aka menga imladi. «Sherali, bu yigit nima deyapti?» deb so‘radi. Men uning onasi kasal ekanligini, uyga taklif qilayotganini aytdim. «Chaqir bu yoqqa», dedilar. Keyin u bilan gaplashdilar.

Men shunday hamkasblarni bilamanki, san’atkor bo‘la turib hatto salomingizga alik olmaydi. Lekin Ergash aka boshqacha odam edi. Men taqdirimdan nolimayman. Beadad shukrlar bo‘lsin. Noshukur, hasadgo‘y odam ham emasman. Hamisha havas qilaman. Sahnalarning chekkasida ijod qilayotgan bo‘lsam ham, men baxtliman. Har kim mukofotini oladi. Men shunday odam bolasi erishmagan baxtga muyassar bo‘ldim.

Ustozim Ergash Karimov bilan o‘sha yigitning uyiga bordik. Onaxon insult olgan, yotib qolgan ekan. Hech qayeri ishlamaydi. Haligi bola yugurib kelib, ustozni quchoqlab oldi. «Ergash aka, onamning bir qo‘li ishlab ketdi», dedi. Ergash Karimov meni ko‘rishga keladi, degani uchun. Ustoz ana shunaqa yaxshi inson edi. Men yaxshi odamlarning davrasidan, yaxshi insonlarning suhbatidan o‘zimni chetga olib qochmayman. Birov hurmat qilib chaqirsa boraman, lekin o‘shanda biz shunchalik mashhur bo‘ldikki, odamlar bizning vaqtimizga qarab to‘y kunini belgilashar edi. Biz shofirkonlikmiz, qishlog‘imiz asli Kulyo edi, keyin Talisafed bo‘ldi. Rahmatli dadam bizning san’atkor bo‘lishimizni uncha xushlamaganlar. Lekin mashhur bo‘lganimizdan keyin xursand bo‘lganlar. Agar Allohning to‘g‘ri yo‘lidan adashmasang, roziman, degandilar. Adashmadik, Allohga shukr.

Dadam usta-duradgor edilar. Bir odam kelib, o‘g‘lingiz mening to‘yimga kelib bir xizmat qilsin, debdi.  90-yillar edi. Dadam men bilan gaplashdi. «O‘g‘lim, Komil akangning to‘yida bir xizmat qilib ber», dedilar. Xo‘p, dedim. To‘yning qachonligini so‘radim.  «Siz aytgan kuni», – dedi to‘y egasi. «Xo‘p, men aytgan kuni bo‘lsa, to‘yingizda xizmat qilaman», – dedim. Sizga yolg‘on, xudoga rost. O‘sha to‘yni bir yil oldin belgiladik. Kutdi shu kishi. Ko‘ryapsizmi, qanday odamlar bor. O‘sha odam shunchalik hurmat qiladiki, hozir ham meni ko‘rsa, yugurib keladi.

– Sherali aka, Talisafed haqida... «Ma’ruf va Sharif» kinosida Hojiboy Tojiboyev bu qishloq ahli oldiga chiqib, ularni kuldirolmaydi. O‘sha jarayon qanday suratga olingan, odamlar shunaqa xo‘mrayib o‘tirishganmi? Yo lavha montaj qilinganmi?

– (kulib yuboradi) Ha, shunday qilish kerakligi aytilgan. O‘zbek xalqi juda yaxshi xalq. Biz xalqimizni doimo hurmat qilishimiz kerak. Biz xalqimizga yomonlik qilishni hech kimga, hech qachon yo‘l bermasligimiz kerak. Dunyoda tengi yo‘q xalq. Bitta timsoli o‘sha. Filmni suratga olishda, «ana shunday o‘tirasizlar» deyilgani uchun ham kulmay o‘tirishgan.

Rahmatli Nabi Rahimov menga aytib qoldi: (ovozini o‘xshatib) «Sherali, sizlar shu yerda tug‘ilganmisizlar?..» Ha, deb tasdiqladim. «Bu yer xaritada yo‘q-ku?» deydi. «Siz keldingiz, endi tushadi-da», – dedim. 1993 yil edi. Odamlarning hurmatini qarang, «Ertaga biznikiga», «Indin biznikiga», «Peshinda biznikiga...» deyishadi. «Ma’ruf va Sharif»ning s’yomkasi bilan bir oy yurgan bo‘lsak, deyarli har kuni peshinga, kechga, ba’zida bir paytning o‘zida ikkita xonadonda qo‘y so‘ylib, san’atkorlar kutib olingan. Nabi akaning o‘zlari bitta xonada o‘tirardilar. «Bunchalik san’atni yaxshi ko‘radi-ya, bu xalqning peshonasidan o‘pay», – derdi rahmatli. 94 yil edi, Andijonda «Tilla bola»ni suratga olayotgan edik. «Sherali, to‘y bor edi, tomsuvoqqayam yurasizlarmi?» – dedi Nabi aka. «Men har kuni to‘yga boraman. Odamlardan bir so‘m so‘ramayman. Nimani berishsa, shuni olaman», – dedim. «Ertaga mahalla ko‘zi ojiz bolani o‘ylantirayotgan ekan, Isamat Ergashev, sen, men boramiz», – dedilar. «Bo‘pti», – dedim.

Bordik. To‘yda Nabi akam. Isamat Ergashev gapirishdi. Keyin men chiqdim. Andijon xalqi ham san’atni yaxshi ko‘radi. Cho‘ntaklarim pulga to‘lib ketdi. Men mahalla ahliga aytdim: «Sizlar himmat qilib, bu yigitni uylantiryapsizlar, menga qistirgan pullaringizni yoshlarga beraman», deb kelin-kuyovga topshirdim. Yana so‘z berishdi, gapirdim. Pul yig‘ildi. Cho‘ntagimning bir tarafini ko‘rsatib, «shu tomonni beraman», dedim. Nabi akam davraga chiqdi-da, «Senga kim bunday ta’lim bergan?» – dedi. «Ustozim Ergash Karimov», – dedim. «Kaftingni och, – dedi. – Ustozingga, ota-onangga rahmat. Ilohim, hech qachon yomonlik ko‘rmagin. Men sakson to‘rtga kirdim. Sen mendan ham uzoq yasha. Seni hamisha duo qilaman. Yaxshi bolasan», – dedi. Ana o‘sha san’atkorlar, asl san’atkorlar xalqning mehr-muhabbati bilan yashaydi.

– Ijodkor adabiyotga yaqin bo‘ladi. Hozir qaysi kitoblarni o‘qiyapsiz?

– Agar ijodkor haqiqiy bo‘lsa, adabiyot birinchi galda turadi. Birinchi galda deganim, bu – shoir, she’riyat, bizni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydigan har qanday asar. Yolg‘on gapirmayman, men bizga manzur kitoblarning deyarli hammasini o‘qib turaman. Har yakshanba «Tabassum» radiojurnali efirga ketadi. Har sonida yangi asar berilishi kerak. Ana shu asarlarni o‘qiyman, saralayman.

– Izdoshlaringiz, izingizdan ketayotgan farzandlar, shaxsiy hayotingiz haqida ham gapirsangiz.

– Farzandlarim, Allohga shukr, hammasi turli sohalarda. Aynan mening yo‘limdan emas. Shundan ham xursandman...

Zikir Muhammadjonov bilan safarlarga borganmiz. U kishi san’atkor edi, inson edi. Quvonib, to‘lib-toshib yurardi. Men 7-qavatda, domda yashardim. Bir kuni «Sherali, Sherali» degan tovush kelyapti. Bitta qo‘shnim hovliqib chiqdi. «Teatrda chiqadigan katta aktyor bor-ku, haligi general Rahimovni o‘ynagan, o‘sha Zikir aka kelibdilar», – dedi. Yugurib tushdim. «Assalomu alaykum, uyga yuring», desam, «Lifting ishlamas ekan-da, 7-qavatga chiqolmadim», dedilar. «Zikir aka, nima xizmat?» – desam, «Bir qarindoshimiz to‘y qilayotuvdi, shunga aytib keluvdim, bir xizmat qilib berasanmi, degandim, borasanmi?» dedilar. «E-e-e, sizdek odam to‘yga aytadi-yu, men yo‘q deymanmi?» dedim. Shunday insonlar bizga ibrat bo‘ldi, chiroyli ishlari bilan ibrat bo‘ldi. Zikir aka insonparvar, xalqparvar, yurtparvar insonlardan biri edi. Betakror san’atkorligi, ovozining jarangdorligi, so‘zlarining odamlarga ta’siri, odamlarning qalbiga yetib borishi kuchli edi. Ammo o‘zi judayam kamtar inson edi. Zikir aka bilan Qashqadaryoga, davlat ko‘rsatmasiga ko‘ra, paxtakorlarga xizmatga borganmiz. Pul yoki boshqa biror xizmat uchun emas.

– Muxlislarga tilaklaringiz?

– Ustozlarni esladik, yaxshilarning ruhi hamisha shod bo‘lsin.

Kim do‘sti xudo, yog‘ilgay rahmat-u, nuri xudo.

Kim dushman-u xudo, yog‘ilgay, lan’atu, qahru, g‘azabi xudo.

Do‘stu xudo bo‘laylik, rahmatu nurga muyassar aylasin xudo. Allohning mehri bilan, sevgisi-yu, ishqi bilan hamisha puri nur bo‘lsin. Munavvar bo‘lsin. Lablardan tabassum-u, chehralardan kulgi arimasin. Bu Vatan, bu zamin, bu osmon tinch bo‘lsin. Har bir xonadonda yaxshilik bo‘lsin. Yaxshilik dunyoda hamisha g‘alaba qozonsin. Yaxshilik hamisha tantana qilsin. Yomonlik yo‘qolsin. Tinchlik barqaror bo‘lsin. Muxlislarga faqat yaxshilikni istab qolamiz.

Anvar Namozov suhbatlashdi.

(Matnni Ozoda Murodova oqqa ko‘chirdi)

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring