Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

74 ta xonadon egasi ko‘chada qoladimi?

74 ta xonadon egasi ko‘chada qoladimi?

Yangiyo‘lda yetti yillik muammo hech kimni qiziqtirmayapti

Xalqimizning odati shu: mustaqil hayotga qadam qo‘ygan odam borki, o‘z uyiga ega bo‘lishni niyat qiladi. Vatanli bo‘lish uchun tinim bilmay tirishadi, mehnat qiladi. Axir huzur-halovatda, farzandlar qurshovida yashashdan ortiq baxt bormi? Kishining mustaqil yashashi, mehmonini bemalol kutib, farog‘atda turmush kechirishi uchun o‘z uyi – o‘lan to‘shagi bo‘lmas ekan, u o‘zini xotirjam his qila olaydi.

Baxtning baxtsiz fuqarolari

Mana, bir necha yildirki, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani «Baxt» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi yuzlab insonning turish-turmushida halovat yo‘q. Bu odamlarni o‘z uyiga o‘zi egalik qilolmayotgani ezib kelayapti.

Bu chigallikning avvali shunday: bundan yetti-sakkiz yil ilgari yangiyo‘llik fermer O‘tkir Mahmudov o‘z xo‘jaligi tasarrufidagi to‘rt qavatli eski imoratni aholi o‘z nomiga xatlab olishi mumkinligini aytib, bu yerdagi xonalarni pullay boshlaydi. O‘rtadagi kelishuv va oldi-berdi summasi bir parcha qog‘ozga bitilib, fermerning muhri bilan tasdiqlanadi. Fermer shu yo‘sinda bir-ikki yil mobaynida barcha xonalarni sodda odamlarga pullashga ulguradi. Kimdir ikki xona, yana birov uch-to‘rt xonani sotib olgach, ularni birlashtirib, xonadon qiyofasiga keltiradi.

Dastlab tashlandiq bu bino faqatgina beton devorlardan iborat bo‘lgan. Kishilar ko‘chib kelib, binoni odam yashaydigan holatga keltirgan. Ammo ularning qo‘lida hech qanday huquqiy hujjat yo‘qligi bois na uyini ta’mirlay, na atrofni obodonlashtira oladi. Negaki, kimdir kelib, uyning hujjatlari qani deb qolishidan qo‘rqishadi.

Ko‘p qavatli uyda o‘tin yoqiladi

Ana shu taxlit yashab kelayotgan odamlarning xonadonlari, dard ustiga chipqon deganlaridek, gazdan ham uzib qo‘yilgan. Aholi bu borada mutasaddilarga bir necha bor murojaat qilgan bo‘lsa-da, hech kim e’tibor qaratmagan. Eshitgan javobi bitta: «hujjatsiz xonadonlarga gaz berilishi mumkin emas!».

Bino yo‘laklarining eshik-derazasizligi, ta’mirtalabligi qishning izg‘irin kunlari odamlarni qiyin ahvolga soladi. Ayniqsa, yosh bolali va keksasi bor xonadonlarga juda qiyin. Ikki yildirki, uyni isitish tugul, aqalli qora qozonni qaynatish uchun ham gaz berilmaydi. Shu bois ayrimlar qish kunlarida uy ichida o‘tin qalab, isinish uchun olov yoqishga ham majbur bo‘lmoqda.

O‘ylab qoladi kishi: nahot ko‘p qavatli uylarda ham bunga yo‘l qo‘yilsa? Aholi-ku, jon achchig‘ida majburligidan shunday qilayotgandir. Mutasaddilar nega jim? Agar ehtiyotsizlik ortidan xonadonlardan birortasida yong‘in chiqsa, butun boshli uy  xatar ostida qoladi-ku.

Ayni masala yuzasidan dastlab «Baxt» mahalla fuqorolar yig‘ini raisining fikri bilan qiziqdik.

– Haqiqatan 34-uydagi 74 ta xonadon egasi ancha yildan beri quruq va’daga ishonib yashab kelmoqda, – deydi «Baxt» MFY raisi Yoqubjon Qo‘shoqov. – Agar uyning haqiqiy egasi kelib, «Uyni bo‘shatib qo‘yinglar» deb qolsa, ularning «falon so‘m berganman» degan mazmundagi tilxat-qog‘ozdan bo‘lak ko‘rsatadigan hujjati yo‘q. Biz bu muammoni hal etish uchun bir necha bor harakat qilib ko‘rdik. Ammo uyning qonuniy egasi qamalib ketgani bois xonadonlarni notarial rasmiylashtirishning imkoni bo‘lmayapti. Endi odamlar O‘tkir Mahmudov qamoq jazosini o‘tab bo‘lganidan so‘ng kelib hujjatlarni rasmiylashtirmaguncha kutishga majbur.

Xonadon egalarining fikrlari ham kishini o‘ylantiradi.

– Sharoitlarni ko‘rib, hayron qolayotgandirsiz-a? – deydi fuqaro Bahrom Yo‘ldoshev fig‘oni falakka chiqib. – Nachora, nima ham qilardik? Dastlab ko‘chib kelganimizda bu yerda yashovchilarning barchasidan pul yig‘ib, oqava suv, gaz va elektr toki uladik. Ammo qo‘limizda uyning kadastr hujjatlari bo‘lmagani sababli ikki yil o‘tar-o‘tmas gazni o‘chirib qo‘yishdi. Ko‘p qavatli uyda yashasak-da, qishda xonadonlarimizda o‘tin yoqishga majburmiz. Xonalarimiz tutundan qorayib ketadi. Xavotiri esa undan ham oshib tushadi. Agar elektr isitkichlarni yoqadigan bo‘lsak, elektr tokining narxi osmonga yetadi. Xullas, dodimizni eshitadigan quloq yo‘q...

Istiqomat qiluvchilarning aytishicha, ayni shu muammoni bartaraf etish uchun bir qancha tashkilotlardan, jumladan, tuman hokimligidan ham mutasaddilar kelishgan. Ammo shu bo‘yi hech biri qorasini ko‘rsatmagan.

Nima qilmoq kerak?

Tinimsiz murojaatlar va yugur-yugurlardan charchagan aholi umidsizlikka tushib qolgan. Qachondir tayyor uyini birovga qo‘shqo‘llab topshirishdan, o‘zlari esa vatansiz qolishdan qo‘rqadi. Endi ularning oldida yana bir muammo ko‘ndalang bo‘lib turibdi: 74 ta xonadonda bir vaqtning o‘zida elektr plitalarning yoqilishi natijasida bir necha bor tutashuv yuzaga kelgan va transformator yonib ketgan. Bu yilgi qishda esa ushbu transformatordan foydalanuvchi boshqa xonadon vakillari elektr plita qo‘shishlari mumkin emasligini aytishgan. Hademay qish ham keladi.

– Bu yerdagi har bir fuqaro o‘z mehnati bilan topgan puliga bu yerdan xona sotib olgan, – deydi uyboshi Yulduz Boborahimova. – Ularning birgina «aybi» shuki, sal arzonroqligi uchun, keyinroq bo‘lsa ham rasmiylashtirib olishga ishongan. O‘tgan vaqt modaynida odamlar yukinib borishi mumkin bo‘lgan mutasaddilar – hokimlar almashaverdi. Biroq birortasi mazkur masalani jiddiy o‘ylab ko‘rgani yo‘q. Endi esa bu yilgi qishni qanday o‘tkazishga boshimiz qotgan. Gaz yo‘q, tokdan esa isitish uchun foydalanib bo‘lmaydi...

Muammoni o‘rganish chog‘ida O‘tkir Mahmudovning ish yurituvchisi bilan bog‘lanishga harakat qildik. Afsuski, to‘rt kun davomidagi tinimsiz qo‘ng‘iroq qilib ham bog‘lanolmadik. Kalavaning bu uchi mavhumligicha qoldi.

Ehtimol, yechimni tuman hokimligi mutasaddilari topar.

Biz esa masalaga yana qaytamiz va albatta Yangiyo‘l tuman hokimligi rahbariyatidan bu borada munosabat kutib qolamiz.

Sulaymon Haydarov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring