Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

6G tarmog‘i davri kelmoqda

6G tarmog‘i davri kelmoqda

Hali 5G aloqa tarmog‘i ishga tushirilishi boshlang‘ich bosqichda turgan bir paytda jahonning yetakchi kompaniyalari tomonidan 6G tarmog‘ini yaratish ustidagi ishlar faollashib ketdi.

6G – oltinchi avlod mobil aloqasi bo‘lib, joriy o‘n yilligimizning ikkinchi yarmidan boshlab, 5G/IMT-2020 telekommunikatsiya andozalari asosida joriy etilishi kutilmoqda. Ammo mobil aloqasiga global pandemiya tufayli haddan tashqari katta talab va ehtiyoj bilan shiddatli o‘sib borayotgani bu jarayonni tezlashtirishi muqarrar.

Konsepsiyaning o‘zi aloqaning keng tushunchasini qamrab oladi. U nafaqat mobil standartlarni, balki yaxlit aloqa tarmoqlari tizimini ifodalaydi. Shu sababli u NET-2030 yoki 6G/NET-2030 sifatida nomlanadi.

Xalqaro elektr aloqa ittifoqi 2019-yil maydan FG-NET-2030 ni ishlab chiqdi va tegishli hujjatlarni qabul qildi. Hozirgi vaqtda ushbu texnologiya tadqiqotlariga kirish uchun dunyoning bir qancha ilmiy guruhlari o‘z takliflarini bildirib, raqobatga kirishmoqda.

Ular orasida AQSh «ComSenTer» universitetlararo loyihasi, shuningdek, «6G 6Genesis» tajriba ifratuzilma segmentini ishga tushirish haqida e’lon qilgan Finlyandiyaning Oulu universiteti, Xitoyning Szyansu muzofotidagi Janubi-Sharqiy universitet tadqiqot guruhlari ishlari tobora amaliy tus olmoqda.

Mashhur «Nokia» kompaniyasi esa Yevropa Ittifoqi moliyalashtirayotgan va «Hexa- X» nomini olgan, shu yil 1 yanvardan ishga tushirilgan loyihada ishtirok etayotgan barcha kompaniya va universitetlarga boshchilik qilmoqda. Shuningdek, bu loyihada shvedlarning «Ericsson» kompaniyasi ham qatnashishga katta qiziqish bildirmoqda.

6G aloqa tarmog‘ining asosiy texnik yechimi shundaki, u teragers va subteragers chastota diapazonidan foydalanadi. Hali izlanish bosqichida bo‘lgan bu fazoviy makonlar mavjud 5G/IMT-2020 ma’lumotlar uzatish tarmoqlaridagi to‘siqlarni salmoqli daraja yengib o‘tishni ta’minlaydi.

6G tizimida «Massive MIMO» texnologiyalarini uyg‘unlashtirgan holda bazaviy stansiyalarda radiofoton raqamli antena katakchalari qo‘llaniladi. Unda ma’lumotlar uzatish tezligi 100 Gbit/s dan 1 Tbit/s, hatto 8000 Gbit/s gacha yetadi.

Boshqacha qilib aytganda, oltinchi avlod tezligi beshinchi avlod shiddatiga qaraganda o‘rtacha 100 barobar kattaroq bo‘ladi. Tarmoqlarni boshqarish uchun esa sun’iy intellekt tizimlaridan foydalaniladi. Bu inson tanasi va aqlini texnologiyalarga uyg‘unlantirish mumkinligini anglatadi.

Xitoy raqobatda hozircha yetakchi

Albatta, ayrim davlatlar allaqachon bu borada peshqadam bo‘lib olishga intilmoqda. Xitoy va Yaponiya ancha ildamlab ketganini ta’kidlash o‘rinli.

«Samsung» va «Huawei» kompaniyalari o‘tgan yiliyoq bu boradagi izlanishlarni boshlab yuborganini e’lon qilishgan edi. Shimoliy Amerikaning korporatsiyalar alyansi – «Next G Alliance» ham ishlanmalarni boshlaganini oshkor qilmagan bo‘lsa-da, faol sa’y-harakatlarni allaqachon olib borayotgani sir emas.

Mamlakatda ayni paytda 718 mingta 5G bazaviy stansiyalari o‘rnatilgan bo‘lib, keng ko‘lamli ishlar 2024 yilga qadar davom ettiriladi.

Xitoy informatsion texnologiyalar va kommunikatsiya texnologiyalari akademiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda bozorda 5G aloqa tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlovchi 3200 model qurilmalari barpo etiladi, foydalanuvchi mijozlar bazasiga 10 millionlab yangi abonentlar qo‘shiladi.

Xitoyda 2025-2028 yillarda esa o‘zlashtirilgan texnologiyalar takomillashtiriladi. 2029 yildan esa «oltinchi avlod» aloqasiga o‘tiladi.

Xitoy ilm-fan va texnologiyalar vazirligi 2018 yilda 6G mobil aloqa standartini tayyorlash ishlarini boshlaganini ma’lum qilgan edi. O‘tgan yili noyabr oyida esa ular birinchi test rejimida ishlovchi yo‘ldoshni foydalanishga topshirishdi va maxsus ishchi guruhi tuzildi.

«Tinyan 05» yo‘ldoshi «Chengdu Guoxing Aerospace Science and Technology» va «Beijing Weinaxingkong Technology»kompaniyalari hamda Xitoy elektron fanlari va texnologiyalar universiteti tomonidan ishlab chiqarilgan.

U teragers aloqasi imkoniyatlarini test sinovidan o‘tkazadi. Qurilma elektromagnit to‘lqinlari teregers diapazonida 6G texnologiyasini qo‘llab ko‘radi.

Xitoyning bu yo‘nalishdagi peshqadamligi yetakchi davlatlarga manzur kelmayotgani aniq.

Mobil aloqalarni rivojlantirish siyosiy masala bo‘lib, agar 2013 yilda butun Yevropa Ittifoqida 5G texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha tadqiqotlarga 50 million yevro ajratilgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib, birgina Germaniyaning o‘zi 5G va 6G kommunikatsiya texnologiyalari rivojiga 2 milliard yevro sarmoya kiritdi. Yaponiya esa raqamli texnologiyalar uchun joriy yilda 9,6 milliard dollar sarflash niyatida.

Telekommunikatsiyalar sohasi qarorlari alyansi (ATIS) 2020 yil oxirida «Apple» kompaniyasi oltinchi avlod tarmoqlarini ilgari surish bo‘yicha «Next G Alliance» nomini olgan guruhga qo‘shilganini bildirdi.

Bu guruh Shimoliy Amerikada kelajak avlod mobil texnologiyalarini jadal rivojlantirish maqsadini ko‘zlaydi va jahonning eng dong‘i chiqqan «Charter», «Cisco», «Google», «HP», «Intel», «Keysight Technologies», «LG», «Mavenir», «MITER» va «Vmware» kompaniyalari kirgan.

Nargiza Abduraxmanova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring