Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

5 ta holatda OTMga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq firibgarliklar fosh qilindi

5 ta holatda OTMga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq firibgarliklar fosh qilindi

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda firibgarliklar bilan bog‘liq jinoyatlarni fosh qildi.

Jumladan, Andijon davlat universiteti xodimi yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni mazkur oliy o‘quv yurtining «Biologiya» yo‘nalishining sirtqi bo‘limiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Qashqadaryo viloyatida esa 1992-yilda tug‘ilgan shaxs o‘zganing ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari yordamida uni Qarshi davlat universitetining «Sport» fakultetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Bu yo‘nalishda Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Chirchiq davlat pedagogika universitetiga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq 3 ta holat fosh qilindi.

Jumladan, universitetning bo‘lim boshlig‘i 2 nafar fuqaroning Rossiya oliy o‘quv yurtidagi o‘qishini o‘zi faoliyat yuritayotgan universitetga ko‘chirib berish va 2 nafar fuqaroga ingliz tilini bilish bo‘yicha xalqaro sertifikat olib berish evaziga 10.100 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Boshqa holatda esa Chirchiq davlat pedagogika universiteti o‘qituvchisi fuqaroni ushbu oliy o‘quv yurtining maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda jismoniy tarbiya yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Yana bir holatda Qibray tumanida yashovchi er-xotin o‘zlarining tanishlari yordamida fuqaroni Chirchiq davlat pedagogika universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3500 AQSh dollari olgan vaqtlarida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168- (firibgarlik) va 28,211-(pora berish) moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring