Jizzax va Samarqanddagi 4 ta holatda 2,8 mlrd so‘mlik kredit mablag‘lari «tuya» qilindi
Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlarining banklar komplayens-nazorati tuzilmalari bilan hamkorlikda kredit mablag‘larining talon-toroj qilinishi bo‘yicha olib borgan ishlari natijasida Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi 4 ta holatda qariyb 2,8 mlrd so‘mlik qonunbuzilishlar aniqlandi.
Xususan, Departamentning Jizzax shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, ATB «Qishloq qurilish bank»ning Jizzax mintaqaviy filiali sobiq boshqaruvchisi U.Yu., «Z.B.» MChJga jiyani O.ni rahbar sifatida tayinlab, ushbu MChJga yuk avtotransport vositalarini xarid qilish uchun 1,5 mlrd so‘m kredit ajratilishiga erishib, keyinchalik 1,3 mlrd so‘mlik transport vositalarini boshqa shaxslarga sotib yuborib, kredit mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Departamentning Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «N.M.» xususiy korxonasi rahbari N.M. va boshqalar hududiy tijorat banki filialidan eshik, deraza va mebel ishlab chiqarish uskunalarini sotib olish maqsadida 640 mln so‘m kredit ajratilishiga erishib, ushbu mablag‘larni maqsadsiz ishlatib, talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Departamentning Nurobod tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «T.Ch.» MChJ rahbari I.Q. hududiy tijorat banki filialidan MChJga hamda oila a’zolariga chorva mollarini sotib olish maqsadida ajratilgan 410 mln so‘m kredit mablag‘ini maqsadsiz ishlatish orqali talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Toyloq tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, YaTT Sh.D., «O-A.» fermer xo‘jaligi rahbari O.U. va boshqalar o‘zaro til biriktirib, shu tumanida yashovchi 10 nafar fuqaro nomiga kartoshka urug‘i olish uchun jami 237 mln so‘m imtiyozli kredit rasmiylashtirishga erishib, ushbu kredit mablag‘larini o‘z ehtiyojiga ishlatib yuborilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter