33 yilgina yashab 33 ta albom chiqargan hofiz Ahmad Zohirni yod etib...
«Afg‘on san’ati qiroli». «Afg‘on bulbuli». «Afg‘on Elvis Preslisi». «Tengsiz qo‘shiqchi». «Sharq olmosi». «Qalblar sultoni». «Sharqning oltin ovozi». «Forscha qo‘shiqlar shohi» ...
Bu ta’riflarning barchasi bitta san’atkorga, bor-yo‘g‘i 33 yil yashab, afg‘on san’atini dunyoga tanitib ketgan Ahmad Zohirga tegishli. Uning qo‘shiqlari hali ham mashhur. Hali ham uning qo‘shiqlari afg‘on radio va telekanallari orqali har kuni qo‘yiladi. Hali ham uning suratlari eng ko‘p sotiladi. Ahmad Zohirning qo‘shiqlarini butun dunyoda, O‘zbekistonda ham sevib eshitishadi, kuylashadi. San’atkor hayot bo‘lganida 72 yoshga kirgan bo‘lardi...
Baxtli kun − 14-iyun
Ahmad Zohir 1946-yilning 14-iyunida Kobul shahrida tug‘ildi. Otasi, Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetini bitirgan Abdul Zohir shoh saroyining doktori edi. U turli yillarda mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri, Bosh vazir, parlament raisi bo‘lgan, 1964-yilda yozilgan Afg‘oniston konstitutsiyasining mualliflaridan biri, Zohirshoh davrida nufuzli shaxs edi.
Ahmad 1960-yillarda Kobulning Habibiya maktabida o‘qir ekan, Umar Sulton, Farid Zalanda, Kabir Huvaydo singari do‘stlari bilan guruh tuzib, akkordeon chalib, qo‘shiq aytar edi. Ularning guruhi keyinchalik «Habibiya maktabi guruhi» sifatida Navro‘z va hayit bayramlarida, Afg‘onistonning mustaqillik kuni bayramlarida chiqish qila boshladi.
Maktabdan so‘ng o‘qituvchilar kollejini bitirgach, ingliz tili muallimi darajasini olish uchun ikki yil Hindistonda ham o‘qidi. Ammo o‘sha yerda uning yo‘li san’at ekaniga amin bo‘ldi. Ahmad Zohir Hofiz, Sa’diy, Bedil, Mavlono Rumiy, Jaloliddin Balxiy kabi mashhur fors shoirlarining g‘azallarini kuylay boshladi. Birinchi qo‘shig‘i «Menga bir qiyo boq» uni professional qo‘shiqchi sifatida tanitgan bo‘lsa, keyinchalik «Ohista-ohista», «Hamma mening do‘stim», «Daryo-daryo», «Seni sog‘indim» kabi o‘nlab qo‘shiqlari mashhur bo‘lib ketdi. Ahmad Zohir saksofonchi Ismoil Azimiy, trubachi Nangilay, barabanchi Abdulla E’timodiy, Naynavoz, Taronasoz, Salim Sarmast, Mashhur Jamol kabi o‘sha davrning eng mashhur sozandalari bilan ishladi. Bir necha marta «Yilning eng yaxshi qo‘shiqchisi» deb topildi.
Uning ovozi juda yoqimli bo‘lib, qo‘shiqlari otashin edi. Goh qalb iztiroblarini kuylasa, goh Afg‘oniston hukumati siyosatini tanqid qiluvchi qo‘shiqlarni kuylardi. Shuning uchun hukumat uning ko‘p yozuvlarini yo‘qotib yuborishga harakat qilardi.
Eng sermahsul qo‘shiqchi
Ahmad Zohir uzog‘i bilan o‘n yil ijod qildi. Ammo shu qisqa fursatda 30 dan ortiq albom chiqardi. Dariy, pushtun, hind, ingliz tillarida qo‘shiqlar kuyladi. Dunyoda bu borada unga teng keladigan san’atkor yo‘q. Yiliga uchtadan, ba’zan to‘rtta albom chiqarish haligacha hech kimga nasib qilmagan. Qo‘shiqchilar qiroli bundan ellik yil burun, hozirgi sharoitlar, endigi cholg‘u asboblari-yu kompyuterlar, zamonaviy ovoz yozish studiyalari bo‘lmagan zamonda ba’zi albomlarini bor-yo‘g‘i bir kunda yozib bitirgan. 14-15 ta qo‘shiqni jonli ijroda, sozandalar jo‘rligida bir kunda yozib tugallashni tasavvur qilib ko‘ring. Buncha qo‘shiqni hozir qo‘shiqchilar bir yil davomida ham yoza olishmaydi.
Ahmad Zohirning shuhrati butun dunyoga yoyilgani uchun ham Afg‘onistonda qo‘shiqchilik san’atiga ehtirom ortdi. Qo‘shiqchilikni muqaddas kasblardan biri sifatida ardoqlaydigan bo‘lishdi. Aynan Ahmad Zohir maktabi sifatida Kobul musiqa maktabi faoliyat boshladi.
Imkoniyatlar bugungidek bo‘lmagani uchun ham Ahmad Zohirdan faqat ikkitagina videoyozuv qolgan, xolos. Bular o‘zbek shinavandalariga yaxshi tanish bo‘lgan «Laylijon» (1976) va «Xudo buvad yore» («Xudo yoring bo‘lsin» 1977) qo‘shiqlari.
Ahmad Zohirni forsiyzabon mamlakatlar birdek sevishar, konsert berishga chaqirishar edi. Uni Pokiston, Eron, Hindiston, Tojikistonda ham sevar edilar. Ahmad Zohir Rossiyada ham konsert bergan, Rossiya televideniyesi uni namoyish qilgan edi.
Uning qo‘shiqlarini barcha mamlakatlar, hatto G‘arbda ham kuylashadi, ohanglari asosida qo‘shiqlar yaratishadi. O‘zbek shinavandalari O‘zbekiston xalq artistlari Sherali Jo‘rayev, Ortiq Otajonov, Bobomurod Hamdamov, Nasiba Abdullayeva, Mardon Mavlonov va boshqa ko‘plab xonandalar ijrosida Ahmad Zohir qo‘shiqlarini tinglashgan. Uning qo‘shiqlarini eng ko‘p kuylagan qo‘shiqchi Abram Tolmasovdir.
O, muhabbat!
Ahmad Zohirni sevmagan qiz Afg‘onistonda yo‘q edi desak, mubolag‘a bo‘lmas. Qizlar uni bir ko‘rishni orzu qilishardi. Oddiy qizlar ham, katta amaldorlarning qizlari ham. Ahmad Zohirning yelkasiga tushib turadigan zulukdek sochlariga shaydo bo‘lgan afg‘on qizlari bozordagi eng qimmatbaho matoni «Kokuli Ahmad Zohir», ya’ni «Ahmad Zohirning sochlari» deb nomlashgan edi.
O‘sha paytda Bosh vazir bo‘lgan Hafizulla Aminning husnda tengsiz qizi ham Ahmad Zohirga oshiq bo‘lib qolgan, uning barcha konsertlarida oldingi qatorda o‘tirar edi. Ahmad Zohir ham bu go‘zal qizni sevib qoldi.
Ahmad Zohirning qizi bilan munosabatlaridan xabar topgan, o‘zining shafqatsizligi bilan nom qozongan diktator Amin qo‘shiqchini hali hech kim tirik qaytmagan Kobulning Puli Charxi qamoqxonasiga tiqib yuborishni buyurdi. 1970-yillarning oxirida Afg‘onistonda repressiya avj olgan, minglab odamlar hech qanaqa sudsiz, so‘roqsiz otib yuborilayotgan tahlikali davr edi. Ahmad Zohirni ham ana shu taqdir kutayotgan edi. Uni yana muhabbat omon saqladi.
Yaqin qarindoshining to‘yida Aminning qizi faqat va faqat Ahmad Zohir kuylashini talab qildi. Aminning odamlari Ahmad Zohirni qamoqxonadan olib kelishga majbur bo‘lishdi. Bir nechta qo‘shiq kuylagan Ahmad Zohirni to‘ydan to‘g‘ri qamoqxonaga olib ketmoqchi bo‘lishganda Bosh vazirning qizi katta to‘polon ko‘tarishini aytib, ularni qo‘rqitdi va Ahmad Zohir qamoqxonaga qaytmadi.
Bosh vazir bitta shart qo‘ydi: Ahmad Zohir tezda uylanadi va ular boshqa ko‘rishmaydilar!
Ahmad Zohir shundan keyin oila qurdi.
Sovet maxsus xizmati xodimlari shohni o‘ldirib, o‘zi shoh bo‘lib olgan Hafizulla Aminni otishdi, oila a’zolari esa aynan Puli Charxi qamoqxonasiga tiqildi...
Baxtsiz kun – 14-iyun
Ahmad Zohir aynan tug‘ilgan kunida, 1979-yilning 14-iyun kuni Salang dovonida avtohalokat tufayli nobud bo‘ldi.
O‘sha kuni Kobul ko‘chalarida harakat to‘xtadi. Barcha ta’lim muassasalarida o‘qish, barcha korxonalarda ish to‘xtadi. Afg‘on xalqi erka qo‘shiqchisi Ahmad Zohir bilan vidolashgani chiqdi. Uni xalq bugungi kunga qadar ziyorat qilayotgan «Solih shahidlar» qabristoniga dafn etishdi.
Hukumat siyosatini xushlamaydigan Ahmad Zohirni Bosh vazirning odamlari o‘ldirishgani haqida shov-shuvlar ko‘paydi. Mashinada bo‘lganlardan faqatgina Ahmad Zohir halok bo‘lgani, jasad o‘rgangan jarrohlar keyinchalik uning boshida o‘q qoldiradigan dumaloq teshik bo‘lganini ham aytishgani mish-mishlar, bu fojia rejalashtirilgan qotillik ekani to‘g‘risida gumonlar ko‘payishiga sabab bo‘ldi.
O‘limidan so‘ng Ahmad Zohir milliy qahramonga aylandi. U haqida afsonalar to‘qishdi.
33 yoshida halok bo‘lgan Ahmad Zohirdan 33 ta musiqiy albom qoldi...
Ahmad Zohir avlodlari
Ahmad Zohirning otasi Abdul Zohir o‘g‘lidan so‘ng ikki yilgina yashadi. Ahmad Zohirning singlisi Amerikada. U Oq uyda sartaroshlik qiladi. Ota-bola Bushlarga sartaroshlik qilgan. Ahmad Zohirning xotini va o‘g‘li Rishod ham Amerikada yashaydi. Rishod Zohir xuddi ikki tomchi suvdek Ahmad Zohirga o‘xshaydi. Ahyon-ahyonda otasi kabi qo‘shiq aytib turadi.
Kobulning markazidagi Ahmad Zohir yashagan uyda sobiq sovetlarning firmasi joylashgan edi. Hozir bu uyning hovlisi avtomobillarning konditsionerlarini tuzatadigan ustaxona...
So‘ngso‘z o‘rnida
«Dunyo tez o‘tib ketadi», — deydi afg‘onlar. Vaqt degan shafqatsiz qo‘l millionlab oddiy insonlar haqidagi xotiralarni o‘chirib yuboradi. Ammo u Ahmad Zohir kabi mashhur insonlar haqidagi xotiralarni aslo o‘chira olmaydi.
Tinglang, Ahmad Zohir kuylayapti. «Boz omadam», ya’ni «Men yana keldim» deb kuylayapti. Bu ovoz o‘z sohibining umriga zomin bo‘lganlarni aslo tinch qo‘ymaydi.
U bugun yana keldi.
U qalblarimizdan hech qachon ketmaydi...
Tinglang, «Ey sorbon, ohista yur, oromijonim boradur» deb kuylayapti hofiz. Millionlab muxlislar karvonining qalbida ketib borayapti Ahmad Zohirning o‘zi...
Ahmad Zohir musiqiy albomlari:
- «Gulbadan» (1971);
- «Hindcha qo‘shiqlar» (1971);
- «Jamoling» (1971);
- «Afg‘oncha qo‘shiqlar» (1972);
- «Agar bahor kelsa» (1972);
- «Dil dardi» (1972);
- «Dilim» (1973);
- «Bahor» (1973);
- «Jamoling shaydosiman» (1973);
- «Zulmat kechalari» (1974);
- «Ahmad Zohir va Naynavoz» (1974);
- «Ona» (1974);
- «Daydi» (1975);
- «Sharq olmosi» (1975);
- «Yoshlik guldastasi» (1975);
- «Oy g‘ulomi» (1975);
- «Qalbim sultoni» (1976);
- «Bir nozanin g‘ami» (1976);
- «Chayonning nishi» («Kajaki») (1976);
- «Bevafo yor» (1977);
- «Layli» (1977);
- «Gul mavsumi» (1977);
- «Laylijon» (1977);
- «O‘zing bilasan» (1977);
- «Ahmad Zohir yulduzi» (1977);
- «Ahmad Zohir va Jila» (1978);
- «Dil rozi» (1978);
- «Menga» (1978);
- «Hayot ohanglari» (1978);
- «Yoshlik qo‘shiqlari» (1978);
- «Hayot» (1979);
- «Yod etaman» (1979);
- «Hijron kechasi» (1979, o‘limidan so‘ng chiqqan).
Ahmad Zohir qo‘shig‘i
Oshiq bo‘libsan, ey dil
(Afg‘onchadan To‘ra Murod tarjimasi)
Oshiq bo‘libsan, ey dil, savdolar qutlug‘ bo‘lsin,
Shaydo bo‘libsan, ey dil, g‘avg‘olar qutlug‘ bo‘lsin,
Oyog‘ingga zanjirlar, balolar qutlug‘ bo‘lsin!
Ko‘zingdan to‘kding gavhar, siynangdan oqar sharar,
Qonini to‘kdi jigar, to‘kildi la’l, yoqut, zar.
Doro bo‘libsan, ey dil, dunyolar qutlug‘ bo‘lsin!
Goh oqilu farzona, goh behushu devona,
Goh masjidda parvona, goho joying butxona,
Porso bo‘libsan, ey dil, uqbolar qutlug‘ bo‘lsin!
Goh darddan pinhon kuyding, gohida nolon kuyding,
Goh guldek xandon urding, goh misli xazon kuyding,
Paydo bo‘libsan, ey dil, ahyolar qutlug‘ bo‘lsin!
-------------------------
Siyna – ko‘krak
Sharar – otash, alanga
Doro – Ahmoniylar sulolasining podshohi
Farzona − dono, aqlli, olim
Porso – toza, pokiza, dindor, xudojo‘y
Uqbo – oxirat
Ahyo – tirilish
Ey sorbon
(Bu qo‘shiqni forsiyda Ahmad Zohir kuylagan, quyidagi videolavha orqali tomosha qilishingiz mumkin. O‘zbekchasini biz Sherali Jo‘rayev ijrosida tinglaganmiz)
Ey sorbon, ohista yur, oromi jonim boradur,
Tandin dilu jonim olib, ul dilsitonim boradur.
Qolurmu men olis bo‘lib, bechora-yu ma’yus bo‘lib,
Qalbim firoq tig‘i tilib, to ustuxonim boradur.
Derdim qilib nayrang-fusun, sirrim etay pinhon bu kun,
Pinhon bo‘lolmas chunki xun dildan nihonim boradur.
Sarkash nigorimdan judo, ayshu qarorim bebaqo,
Manqalda otashdek qaro dud birla qonim boradur.
Cheksam-da zulm bedodini, ham va’dalar barbodini,
Ko‘ksimda tutgum yodini, toki zabonim boradur.
To‘xtat bir oz, ey sorbon, karvonni qilma tez chunon,
Sarvi ravon ishqida jon — ruhi ravonim boradur.
Qayt, ko‘zlarimga qo‘y oyoq, ey dilfirib, ketma yiroq,
Ey nozanin, ko‘kka bu choq ohu fig‘onim boradur!
To subhki, uyqu bilmadim, nosihni ko‘zga ilmadim,
Ammo ataylab qilmadim — qo‘ldan inonim boradur.
Sabr ayla der menga jaras, yor vaslini qilma havas,
Bu menga loyiq ish emas, chun xonumonim boradur.
Unday chiqar jonu bu tan, sabil qolur deb ko‘p suxan,
Tinglagan erdim, endi man ko‘rdimki, jonim boradur.
Qilma fig‘on, ey Sa’diyo, hech arzimas ul bevafo,
Toqatni qo‘ymas bu jafo, aqlu imonim boradur.
Sa’diy Sheroziy
Ey sorbon
(Forsiyda)
Ey sorbon, ohista ron, k-oromi ҷonam meravad,
V-on dil, ki bo xud doshtam bo dilsitonam meravad.
Man mondaam mahҷur az u, bechoravu ranҷur az u,
Guӣ , ki neshe dur az u, dar ustuxonam meravad.
Guftam ba nayrangu fusun pinhon kunam rozi darun,
Pinhon namemonad, ki xun bar ostonam meravad.
Mahmil bidor, ey sorbon, tundӣ makun bo korvon,
K-az ishqi on sarvi ravon, guӣ, ravonam meravad.
U meravad domankashon, man zahri tanhoӣ chashon,
Digar mapurs az man nishon, k-az dil nishonam meravad.
Bargasht yori sarkasham, bigzosht ayshi noxusham
Chun michmare purotasham, k-az sar duxonam meravad.
Bo on hama bedodi u, v-in ahdi bebunyodi u,
Dar sina doram yodi u yo bar zabonam meravad.
Boz oyu dar chashmam nishin, ey dilsitoni nozanin,
K-oshubu faryod az zamin bar osmonam meravad.
Shab to sahar menagnavam v-andarzi kas meshnavam,
V-in rah na kosid meravam, k-az kaf inonam meravad.
Guftam: bigiryam, to ibil chun har furu monad ba gil,
V-in niz natvonam, ki dil bo korvonam meravad.
Sabr az visoli yori man, bargashtan az dildori man,
Garchӣ naboshad kori man, ham kor az onam meravad.
Dar raftani ҷon az badan guyand har nav’ye suxan,
Man xud ba chashmi xeshtan didam, ki ҷonam meravad.
Sa’dӣ, fig‘on az dasti mo, loiq nabud ey bevafo,
Toqat nameoram ҷafo, kor az fig‘onam meravad.
[Саъдӣ]
Muhabbat ila To‘ra Murod
Quyida hofiz ijrosidagi «Ey sorbon» qo‘shig‘ini tinglang
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter