Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

24 yoshida fan doktori bo‘lgan Farhod Alisherov: «O‘zim xorijda o‘qigan bo‘lsam-da, farzandlarim O‘zbekistonda ta’lim olishini istayman»

24 yoshida fan doktori bo‘lgan Farhod Alisherov: «O‘zim xorijda o‘qigan bo‘lsam-da, farzandlarim O‘zbekistonda ta’lim olishini istayman»

Farhod Alisherov.

Foto: «Xabar.uz»

Yigirma to‘rt yoshida fan doktori (PhD) bo‘lgan Farhod Alisherov bilan suhbatimiz uning xorijda orttirgan tajribasi, mamlakatimizda ta’lim tizimidagi muammolar va uni yuksaltirish yo‘llari, ayniqsa, AKT sohasi mutaxassislarini tayyorlashning dolzarb jihatlari, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar haqida kechdi.

1988-yili Toshkent shahrida, huquqshunoslar xonadonida tavallud topgan Farhod 2008 yili TATUning Iqtisodiyot va boshqaruv fakultetini muvaffaqiyatli tamomlab, o‘qishni Koreya Respublikasining Hannam universitetida davom ettirdi. Ikki yil magistratura va so‘ng doktoranturada o‘qigan yosh olim ustozi Pak Pyon Ju rahbarligida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ma’lum vaqt TATUning «Multimedia texnologiyalari» kafedrasida katta o‘qituvchi bo‘lib ishladi. Yangi laboratoriya tashkil etilishiga hissa qo‘shdi. 2015-yilda AQShga yo‘l oldi va Luiziana shtati universitetida multimedia texnologiyalari yo‘nalishida talabalarga dars berdi. 2017-yil noyabr oyidan yana yurtimizga qaytib, TATUning «Multimedia texnologiyalari» kafedrasida ishini davom ettirmoqda.

TATUning dunyo oliy ta’lim muassasalari TOP-1000ligiga kirishi haqida

— Toshkent axborot texnologiyalari universiteti QS tizimi bo‘yicha dunyo oliy ta’lim muassasalari reytingida TOP-1000ga kirishni maqsad qilgan, — deydi suhbatdoshimiz. —  Ushbu reyting obro‘li va yuqori talablar asosida saralaydigan tizim hisoblanadi. QS reytingida dunyo oliy ta’lim muassasalarini baholash asosiy olti mezon bo‘yicha amalga oshiriladi.

Birinchisi — akademik obro‘. Bunda universitet professor va o‘qituvchilarining ilmiy izlanishlari kumulyativ usulda, so‘nggi uch yildagi ma’lumotlar asosida baholanadi. 

Ikkinchisi — o‘qituvchilar tarkibining talabalar soniga nisbati. Bunda to‘liq o‘quv davridagi talabalar soni to‘liq bandlikdagi, sirtqi va yollanma o‘qituvchilar soniga 1ga 3 nisbatida bo‘lishi lozim.

Uchinchisi — ish beruvchilar o‘rtasidagi obro‘.

To‘rtinchisi  —  iqtibos indeksi. Bunda universitet o‘qituvchi va tadqiqotchilarining e’lon qilingan ilmiy tadqiqotlaridan qay darajada ko‘p iqtibos olishlari hisoblanadi. Ilmiy maqolalar «Scopus» ma’lumotlar bazasi jurnallarida chop etilishi lozim.

Beshinchisi — xorijlik talabalar ulushi. Universitetda qanchalik ko‘p xorijlik talaba tahsil olsa, bu o‘quv yurtining xalqaro doirada shunchalik talabgirligini bildiradi.

Oltinchisi — xorijlik o‘qituvchilar ulushi.

TATU O‘zbekistondagi OTMlar reytingida birinchi pog‘onada turadi, lekin endi jahondagi o‘rnimizni ham yaxshilashimiz lozim. Hozirda universitetning TOP-1000ga kirishi bo‘yicha mas’ullar belgilangan. Hatto har bir yo‘nalish bo‘yicha ham mas’ullar ishlashyapti.

«Scopus»da maqola chop etish shartlari

Ochig‘ini aytsam, TOP-1000ga kirish g‘oyasi zo‘r. Men ham buni juda istayman. Biroq, ayrim yo‘nalishlar borki, ularni bajarish uchun vaqt va o‘zgarishlar talab qilinadi.

Xususan, ilmiy maqolalarni «Scopus» ma’lumotlar bazasidagi jurnallarda chop etish uchun juda ko‘p mehnat qilinishi kerak. Shaxsan o‘zim universitet filiallarida bo‘lib, ilmiy maqolalarni qanday yozish kerakligi haqida seminarlar o‘tkazdim. Ilmiy maqolalar ingliz tilida bitilishi lozim.

«Scopus» yoki «Web of Science» bazasidagi jurnallar har bir ilmiy maqolani chig‘iriqdan o‘tkazib, so‘ng chop etadi

Bunda yana bir muhim jihat bor: «Scopus»da maqolalarni bepulga chiqarish ham mumkin, lekin buning uchun ancha vaqt kutishga to‘g‘ri keladi. Pulli chop etish narxi turli servislarda 200 AQSh dollaridan 5000gacha baholangan. Xorij universitetlari o‘qituvchi va tadqiqotchilariga bu summani to‘lash og‘irlik qilmas, ammo bizda universitet professor-o‘qituvchilarining oyligi o‘rtacha 200 dollar atrofida bo‘lsa, u qanday qilib pul to‘lab maqola chop ettira oladi? Bu masala ham jiddiy to‘siq. Shu o‘rinda, pul to‘lansa istalgan maqola chop etilishi mumkin ekan-da, degan yanglish xayolga ham bormaslik kerak. «Scopus» yoki «Web of Science» bazasidagi jurnallar har bir ilmiy maqolani chig‘iriqdan o‘tkazib, so‘ng chop etadi.

Diplomdan ko‘ra bilim birinchi o‘rinda turadi

Ikkinchi dolzarb masala — me’yoriy-huquqiy bazaning moslashuvchan emasligi. Bizda xuddi xorijdagi kabi universitetning o‘zi mustaqil ravishda talabalar kvotasi va o‘qituvchilar sonini erkin belgilay olmaydi. O‘z-o‘zidan yuqoridagi tilga olingan — QS tizimi ikkinchi bandini bajarish muammoli holatga aylanadi.

Bizda esa mutaxassis bo‘lish uchun, albatta, bakalavr bo‘lish kerak, degan tushuncha singib ketgan.

Bizda talabalar soni o‘qituvchilar miqdoriga nisbatan oshib ketishining yana bir sababi bor, deb o‘ylayman. Rivojlangan mamlakatlarda hammaning ham universitetda o‘qib, mutaxassis bo‘lishiga hojat yo‘q. Kollejni bitirib ham malakali kadrga aylanishadi va bemalol yaxshi ishlarda ishlayverishadi. Bizda esa mutaxassis bo‘lish uchun, albatta, bakalavr bo‘lish kerak, degan tushuncha singib ketgan. Ularda ham diplomga qaralishi mumkin, ammo bilim va malaka baribir birinchi o‘ringa qo‘yiladi.

Foto: «Xabar.uz»

Tanqidiy, tahliliy fikrlashning ahamiyati to‘g‘risida

Hozir dunyoda axborot texnologiyalari sohasi juda tez o‘zgaryapti. Agar, deylik, besh yil avval bir kompaniyada bir qancha bo‘limlar faoliyat olib borgan va har biri o‘z yo‘nalishi masalalarini yechgan bo‘lsa, bugun ham o‘sha bo‘limlar bor, biroq ular butunlay boshqa strategiya ostida ishlashmoqda. Endi ular faqat o‘z yo‘nalishlarida emas, bitta umumiy masala yechimi ustida bosh qotirishyapti.

Endi Amerikadagi biror yirik kompaniya buyurtmasini bajarish uchun o‘sha yurtda bo‘lish shart emas, buni O‘zbekistonda turib ham bajarsa bo‘ladi.

Hozir tanqidiy, tahliliy fikrlashning ahamiyati juda katta. Ayniqsa, AKT sohasida. Chunki bozorning talablari va tartiblari o‘zgarib boryapti. Kompaniyalar ayrim buyurtmalarni o‘z xodimlariga bajartirishdan ko‘ra, autsorsing kompaniyalariga topshirishni ma’qul ko‘rmoqda. Bu ularga arzonroq tushishi mumkin. Bilasizmi, hozir bulutli kompaniyalar juda ko‘payib ketdi. Bu nima degani? Bu – masofalar butunlay yo‘qqa chiqdi, degani. Endi Amerikadagi biror yirik kompaniya buyurtmasini bajarish uchun o‘sha yurtda bo‘lish shart emas, buni O‘zbekistonda turib ham bajarsa bo‘ladi. Bizda hali bulutli kompaniyalar yo‘qdir, lekin mutaxassislarimizda shu kompaniyalarda ishlash imkoni bor.

Prezidentimiz AKT vazirligi vakillari bilan uchrashuvida sohani rivojlantirishning bir qator vazifalarini belgilab berdi. Jumladan, internet tezligini bir necha baravar oshirish va boshqa masalalarda topshiriqlar berildi. Bu yanada keng imkoniyatlarni ochadi. Misol uchun, 3D-modellashtirish yoki boshqa yirik loyihalarda masofadan turib ishlash internet tezligi sabab qiyinchiliklarni yuzaga keltirgan bo‘lsa, endi bu kabi muammolar ham barham topadi.

Tasavvur qiling, mingta yoki o‘n mingta mutaxassisimiz masofadan turib xorij kompaniyalarida ishlasa, yurtimizga qancha valyuta oqimi kirib kelgan bo‘lardi?!

Yaxshi kadrga dunyo miqyosida talab bo‘ladi

Bunday ulkan talablar va o‘zgarishlar jarayoniga kadrlarimiz ham tayyor bo‘lishlari lozim. Agar avval asosan ichki ehtiyoj uchun mutaxassislar tayyorlangan bo‘lsa, endi butun dunyo darajasida kadrlarga ehtiyoj yuzaga kelgan. Tasavvur qiling, mingta yoki o‘n mingta mutaxassisimiz masofadan turib xorij kompaniyalarida ishlasa, yurtimizga qancha valyuta oqimi kirib kelgan bo‘lardi?!

Qolaversa, mahalliy kompaniyalarimiz ham shu talablarga mos ravishda o‘zlariga mutaxassislar qidira boshlashdi. Ya’ni, o‘zimizning kompaniyalar ham aniq bir dolzarb masalalar yechimi ustida ishlashyapti. Bu xoh ichki, xoh tashqi buyurtma bo‘lsin.

Demak, hozirdanoq universitetlarimiz jahon darajasida raqobatlasha oladigan kadrlarni tayyorlashi lozim.

TATUni TOP-1000likka kiritish masalasini olaylik. Umumiy qaraganda, bu global muammo bo‘lib ko‘rinadi. Lekin uni qismlarga ajratib, o‘sha qismlardagi eng dolzarb muammolarni hal qilsak va yana umumlashtirsak, masala ancha tez va oson hal bo‘ladi. Yengil ko‘ringanidan o‘zimizga o‘zimiz savol bera boshlaymiz: Nega TOP-1000, TOP-500 emas?

Biz bugun talabalarga nimalarni o‘rgatishimiz kerak?

Birinchi navbatda, ularga savol berishni o‘rgatishimiz lozim. Axborot asrida zamon shunchalik yuqori tempda o‘zgaryaptiki, bunday katta oqimni tezda ilg‘ab olish, qayta ishlash qobiliyati hammada ham teng emas.

Ayrimlar axborotni sekinroq ishlaydi. Bu uning sustkashligini bildirmaydi, albatta. Bizning vazifamiz talabalarni axborotni tezroq qayta ishlashga, masalalarni qismlarga ajratib yechishga o‘rgatish. Misol uchun, TATUni TOP-1000likka kiritish masalasini olaylik. Umumiy qaraganda, bu global muammo bo‘lib ko‘rinadi. Lekin uni qismlarga ajratib, o‘sha qismlardagi eng dolzarb muammolarni hal qilsak va yana umumlashtirsak, masala ancha tez va oson hal bo‘ladi. Yengil ko‘ringanidan o‘zimizga o‘zimiz savol bera boshlaymiz: Nega TOP-1000, TOP-500 emas?

Aynan shunday yondashuv AKT sohasida talabalarni tayyorlashda qo‘llanilishi kerak. Bilasizmi, hozirda 200dan ortiq dasturlash tillari bor. Ularning har biri ishlatilyapti. Biz talabalarimizga shu 200ta dasturlash tilini o‘rgatishimiz kerakmi? Yoki 10ta eng ommabopinimi? Tor doirada kuchli mutaxassis muhimroqmi yoki o‘rtacha universal? Bir yo‘nalishda kuchli bilimga ega mutaxassis tayyorlansa-yu ertaga boshqa dasturlash tillariga talab oshib ketsa-chi? Ko‘ryapsizmi, AKTda ta’lim sohasi shunday qiyin savollarni oldimizga qo‘ymoqda.

Shuning uchun, avvalo, talabalarga dasturlashning asosiy tamoyillarini o‘rgatishimiz zarur. Qanday dasturlash kerak, qanday to‘g‘ri dasturlash kerak, dasturlarni qanday to‘g‘ri yozish kerak, shu kabi fundamental bilimlarga ega bo‘lishlari lozim ular.

Jahon startaplariga qarang, qaysi sohadagi qanday dolzarb muammo bo‘lmasin, bugun unga texnologiyalar orqali yechim topilmoqda.

Muammolarga yechim topish – AKT olamining asosiy mezoni

Bugungi mutaxassis dasturni shunday yozishi kerakki, uni qo‘llash yengil bo‘lsin. Boshqa dasturlarga oson integratsiyalasha olsin. Agar biz global muammolarni kichik bo‘laklarga bo‘lib yechsak, keyin uni birlashtirish ham kerak bo‘ladi. Shu modulni talaba bugundan o‘zlashtirishi talab qilinadi. Muammolarga yechim topish – AKT olamining asosiy mezoni. AKT-mutaxassislar oldidagi asosiy vazifa shu. Jahon startaplariga qarang, qaysi sohadagi qanday dolzarb muammo bo‘lmasin, bugun unga texnologiyalar orqali yechim topilmoqda.

Bizning ortda qolishimizga asosan o‘quv jarayonlariga yangi yo‘nalishlarni kiritishdagi qiyinchiliklar sabab bo‘lyapti. Qonunchiligimiz bo‘yicha bu jarayonni amalga oshirish ancha uzoq vaqt talab qiladi. 

Bu yo‘ldagi to‘siqlar

Talabalarga biror masalani yechishi uchun unga darhol dastur yozishni emas, avval algoritmini tuzish, so‘ng uni dasturga ko‘chirishni o‘rgatishimiz zarur. Biroq, bunga o‘qituvchilar doim ham ulgura olishmayapti. AKT olamidagi jadallik nafaqat talabalardan, o‘qituvchidan ham o‘zini qayta tarbiyalashni talab etmoqda.

Bu jarayonlarga yarasha shu sur’atda korxonalar, kompaniyalar ishi, me’yoriy hujjatlar va qonunchiligimiz ham o‘zgarib borishi kerak. Hozir shunday jarayonki, ta’lim tizimiga har yili yangi yo‘nalishlar kirib kelishi kerak. Misol uchun, iqtisodiyot va kompyuter injiniringi yo‘nalishini olaylik, har birida alohida-alohida o‘qitilyapti. Albatta, TATUda iqtisod yo‘nalishi ham AKTga ixtisoslashgan holda o‘rgatiladi. Lekin bu ikki yo‘nalishni birlashtirsak, u «Data science», ya’ni «ma’lumotlar bilimi»ga aylanadi. Amerika va umuman rivojlangan mamlakatlarda bu eng talabgir kasb yo‘nalishi hisoblanadi. Albatta, biz ham bu yo‘nalishni ochishni rejalashtirganmiz, lekin boshqa mamlakatlarda buni allaqachon amalga oshirib bo‘lishgan.

Bizning ortda qolishimizga asosan o‘quv jarayonlariga yangi yo‘nalishlarni kiritishdagi qiyinchiliklar sabab bo‘lyapti. Qonunchiligimiz bo‘yicha bu jarayonni amalga oshirish ancha uzoq vaqt talab qiladi. 

Qaysidir bo‘g‘inda oqsash yuzaga kelsa, butun jarayonni ortga tortib ketadi

Ko‘pchilik ta’lim va kadrlar sifatiga o‘qituvchi mas’ul deb hisoblaydi. Bu bir jihatdan to‘g‘ri. Hozir o‘qituvchilik kasbi eng moslashuvchanlik talab etiladigan kasb hisoblanadi. Qaysi ma’noda? XXI asr axborot asri bo‘lish bilan birga, noto‘g‘ri ma’lumotlar asri hamdir. Demak, biz talabalarga nafaqat bilim berishimiz, axborotni tahlil qilish ko‘nikmasini shakllantirish va bunga yo‘naltirishimiz kerak. Tanqidiy baholash, tahlil qilish hamda ma’lumotlarni kerakli va keraksiziga ajrata olishi uning kelajagini belgilab beradi. Bunga nafaqat o‘qituvchi, talabalar ham, jamiyat ham, rahbarlar ham tayyor bo‘lishi kerak. Zamon bilan «yagona majmua» sifatida harakatlanilmasa, qaysidir bo‘g‘inlarda oqsash yuzaga keladi va butun jarayonni ortga tortib ketadi.

Talaba agar mustaqil ishlashni o‘rganmasa, bu sohani chuqur egallay olmaydi.

Mustaqil ta’lim haqida

Talaba agar mustaqil ishlashni o‘rganmasa, bu sohani chuqur egallay olmaydi. Kitoblar, darsliklar bir vosita, xolos. Unda «mix bor va uni bolg‘a bilan urish kerak» deyiladi, xolos. Kitob fanning asosini o‘rgatadi. Lekin bu jarayonni qanday amalga oshirishni to‘liq tushuntirmaydi. Ayniqsa, axborot texnologiyalari sohasida masala yechimining turlicha yo‘llari bor. Buni faqat kitob yoki o‘qituvchidan o‘rganib bo‘lmaydi. Yechimlarni qidirish ustida mustaqil izlanish talab etiladi.

TATUda kredit ta’lim tizimi joriy etiladimi?

AQSh va Yevropa mamlakatlarining oliy o‘quv yurtlarida keng tarqalgan kredit ta’lim tizimi o‘zining moslashuvchanligi va samaradorligini ko‘rsatyapti. Mazkur tizim bitiruvchilarning akademik harakatchanligini ta’minlab, bugungi o‘zgaruvchan mehnat bozorida ularga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Bunda mehnat bozori ehtiyojlari hisobga olingan holda ta’lim dasturlarining moslashuvchan tuzilishi, ta’limga axborot tizimlarining joriy qilinishi va talabalarning mustaqil ishlashga o‘rgatilishining o‘rni katta.

Kredit tizimida esa talaba o‘zida kuch va ishtiyoq topa olsa, boshqa yo‘nalish ma’ruzalarida ham qatnashadi va kerakli kredit ballarini to‘plasa, bir yo‘la ikkita mutaxassislikni egallaydi.

Yana bir muhim jihat bor: akademik ta’lim tizimida kredit tizimidagi kabi o‘quv jarayonlarini mobillashtirishning imkoni yo‘q. Misol uchun, hozir universitetga kirgan talaba faqat bir yo‘nalishda o‘qiy oladi. Kredit tizimida esa talaba o‘zida kuch va ishtiyoq topa olsa, boshqa yo‘nalish ma’ruzalarida ham qatnashadi va kerakli kredit ballarini to‘plasa, bir yo‘la ikkita mutaxassislikni egallaydi.

Kredit tizimida fakultetlararo darslar o‘rtasida ham mobillik yuzaga keladi. Masalan, qaysidir o‘qituvchi foydali ma’ruza qiladi. Unda nafaqat bitta kurs, balki boshqa fakultetlar talabalari ham qatnashish imkoniga ega bo‘ladi. Bizda «virtual reallik» fani bo‘yicha xorij tajribasiga ega kuchli mutaxassis jalb etilgan. Biroq akademik ta’limda uning foydali darslariga faqat bir yo‘nalish talabalari qatnasha oladilar, xolos. Boshqalarda bunga imkon bo‘lmaydi.

Qisqacha qilib aytganda, kredit tizimida talabalarning mustaqil ishlashiga va amaliy ta’limga katta e’tibor qaratiladi. Chunki unda elektron topshiriqlar ko‘proq beriladi.

TATU ham kelgusi o‘quv yilidan kredit ta’lim tizimiga o‘tish ishlarini boshlab yuborgan. Bu yo‘lda universitet rahbariyati qat’iy ish olib boryapti.

Qonunchiligimiz ham moslashuvchan bo‘lishi kerakki, boshqalar yugurganida biz sekin qadam tashlashga majbur bo‘lmaylik, byurokratiya yo‘limizni to‘smasin, biz ham ular kabi tezlikda yugura olaylik, ular uchsa, biz ham uchaylik.

Biz bir qadam tashlasak, boshqalar yugurib ketyapti

Bugun juda ko‘p narsalar o‘zgardi. Avvalgi qarashlar bugunga to‘g‘ri kelmaydi. Amaldagi o‘quv uslublari ertaga eskiradi. Uni yana o‘zgartirish uchun uzoq vaqt va ko‘plab hujjatbozliklardan o‘tish lozim. Achinarlisi, biz bir qadam tashlasak, boshqalar yugurib ketyapti. Biz hozir o‘ylaganimiz, qayerdadir allaqachon amalga oshib turibdi.

Shu sabab qonunchiligimiz ham moslashuvchan bo‘lishi kerakki, boshqalar yugurganida biz sekin qadam tashlashga majbur bo‘lmaylik, byurokratiya yo‘limizni to‘smasin, biz ham ular kabi tezlikda yugura olaylik, ular uchsa, biz ham uchaylik. Shunda jahonda o‘z o‘rnimiz o‘z nomimiz mustahkam bo‘ladi. O‘zim bir necha yil xorijda o‘qiganman, lekin ertaga farzandlarim O‘zbekistonda tahsil olishini, sifatli ta’lim olishini istayman.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring