«2025 yilgacha energiya muammosini hal qilsa bo‘ladi» – Rustam Ashurov
«110 metr balandlikda» loyihasining navbatdagi ishtirokchisi fizika-matematika fanlari doktori (PhD), O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutining katta ilmiy xodimi Rustam Ashurov bo‘ldi.
– Yer yuzidagi demografik o‘sish yangidan-yangi muammolarni tug‘diradi. Ya’ni, oziq-ovqat, suv resurslari, ekologiya va energiya muammosi shular jumlasidan. An’anaviy energiya muammosiga tadqiqotchi olim sifatida qanday yechim ko‘rayapsiz? Nima uchun bugun an’anaviy energiya muammosini quyosh energiyasi orqali hal qilmayapmiz? Muqobil energiyaning muammolari va yutuqlari, nega ommalashmayotganiga izoh berib o‘tsangiz.
– Demografik o‘sish orqali yerdagi foydali resurslar yetishmovchiliklarini kuzatish mumkin. Ayniqsa, qazib olinadigan resurslar kamayishi sir emas. Masalan, chuchuk suvning kamayishi, oziq-ovqat yetishmovchiligi, ekologiya muammolari orasida energiyaga ham ehtiyojning ortib borishi ham alohida ahamiyatga ega. Ko‘pgina muammolarning yechimi energiyaga bog‘liq.
Bugungi kunda energiya orqali sho‘r suvni chuchuk suvga aylantirishimiz yoki yer tagidagi chuchuk suvni energiya orqali qazib olishimiz mumkin. Energiya muammosi butun dunyo kabi bizda ham mavjud. Ayniqsa, olis qishloqlardagi aholi bunga ko‘nikib ham ketdi.
Biroq, energiyani hal qilmasdan turib aholida mental o‘zgarishni kutmasak ham bo‘ladi. O‘zbekistonda doimo ishlab turadigan elektr halqalari bor. Ya’ni, energiya halqalari bor hududlardagina iqtisodiy o‘sish kuzatiladi. Elektr halqalari joylashmagan hududlarda esa iqtisodiy yuksalishdan umid qilmasak ham bo‘ladi. Bizda elektr stansiyalari juda eskiligi tufayli to‘liq quvvatda ishlamaydi. Va shunaqa paytda aholi o‘zini-o‘zi avtonom ta’minlash yoki ishlab chiqarish jarayonlarida avtonom ta’minlashga ehtiyoj sezadi. Lekin, afsuski bugun aholi orasida juda kamdan-kam quyosh energiyasidan foydalanayotganlarni kuzatishimiz mumkin. Chunki quyosh panelini o‘rnatish uchun birdaniga 60 million so‘m investitsiya kiritish kerak bo‘ladi. Ya’ni, bir kunda bir kilovat energiya quvvati ishlatish uchun 3 kilovatlik quyosh panellaridan foydalanish lozim.
– Quyosh energetikasining «narx-navo»si qanday?
– Bugun jahonda 1 kVt soat elektr energiyasi uchun o‘rtacha narx 0,14 AQSh dollarini tashkil etadi, ya’ni 14 sent. O‘zbekistonda esa 0,028 dollar (295 so‘m 0 tiyin) – 2,8 sent.
2019 yili quyosh radiatsiyasidan olingan elektr-energiya narxi jahon bo‘ylab o‘rtacha 0,045 dollarni (4,5 sentni) tashkil qilgan edi. Demak boshqa mamlakatlarda quyosh energiyasi ana’anaviy energiyadan arzon va aholi foydalanishi uchun quyosh energiyasi qulay.
Germaniyada yangi qurilayotgan stansiyalardan olingan energiya narxi bo‘yicha quyosh stansiyalari eng yaxshi ko‘rsatkichga ega.
– Quyosh panellarining samaradorligiga iqlim qay darajada ta’sir qiladi? Quyosh chiqmagan payti bu panellar elektr energiyasini yetkazib bera oladimi?
– O‘zbekiston bozorida, asosan, polikristal kremniy asosidagi quyosh panellari sotilmoqda. Ba’zi PERC (passivated emitter rear contact) va SHJ (silicon heterojunction solar cells) quyosh elementlari 22% dan baland samaradorlikka egadir. Afsuski, quyosh panellarining tashqi ko‘rinishi o‘xshashligi tufayli qurilma sifatini bir qarashda ajratib olish mushkul. Shuning uchun iste’molchi har doim ham sifatli quyosh panelini xarid qilavermaydi. Biz quyosh panellaridan foydalanganlar bilan so‘ronvnoma o‘tkazganimizda, xarid qilganlarning 10 nafaridan faqat 3 kishi mazkur qurilmaning tipi va xarakteristikasi haqida to‘liq ma’lumotga ega ekanligi ayon bo‘ldi. Quyosh panelini maxsus qurilmalar orqali tekshirib ko‘rmasdan uning sifatiga baho berish deyarli imkonsiz.
Panellarning kamchiligi tabiiy ravishda 5 yil davomida namoyon bo‘ladi. Shu sababli quyosh panellarini xarid qilganda, ishlab chiqaruvchi va sotuvchidan kamida 5 yil kafolat so‘rash kerak. Quyosh panellarining samaradorligiga panellar joylashgan lokatsiyaning iqlim sharoitlari ham ta’sir o‘tkazadi. Asosan panellar O‘rta yer dengizi iqlim sharoitiga mos keladi. Ya’ni, bu quyosh panellarining bizda hech qanday muammosiz ishlashi uchun qish yumshoq (10-16 °S), yoz esa quruq va o‘rtacha issiq (22-30°S) bo‘lishi kerak. Havo namligi yozda 50-65 %, qishda 65-80 %ni tashkil qilishi lozim. Havo harorati oshgani sayin quyosh panellarining samaradorligi pasayib boradi. Ya’ni, temperatura ortishi quyosh elementida ichki qarshilik oshishiga olib keladi. Yurtimizda eng ko‘p sotiladigan monokristall kremniy asosidagi panellar 25°S haroratdan baland temperaturalarda – har bir gradusda samaradorlik 0,5 %ga kamayib boradi.
Yana bir muammo – chang miqdorining ko‘p yoki kamligi. Panellar yuzasiga qancha ko‘p chang zarralari qo‘nsa samaradorlikka shuncha salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Toshkentda masalan 1 kvadrat metrga 800 vat quyosh radiatsiyasi tushadi. Yana bir qiziqarli fakt bor – hattoki qishda quyosh radiatsiyani sochib yuboradigan chang va boshqa aerozollar yo‘qligi sabab hatto ko‘proq quyosh nuri tushishi mumkin. Qish vaqtida ko‘proq osmon tiniqroq bo‘ladi, ya’ni chang g‘uborlarsiz bo‘ladi.
– Quyosh panellarini sotib olgach, albatta, uning huquqiy tomonlarini ham nazardan qochirmaslik kerak to‘g‘rimi?
– Ularni qurollanmagan ko‘z bilan ajratish mushkul, sifatini aniqlash uchun maxsus qurilmalar kerak. Quyosh panellarini ishonchi kompaniyalardan, bozorda 10 yildan ortiq ishlab kelayotgan kompaniyalar bor, o‘shalardan xarid qilish lozim. Ishonchli joydan olsangiz pulingizni qaytarib olishingiz yoki almashtirsangiz bo‘ladi.
Ko‘pchilik bu bordada huquqiy bilimga ega emas. Masalan, iste’molchi qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran, besh yil muddatga soliqning barcha turlarini to‘lashdan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (nominal quvvati 0,1 MVt va undan ortiq bo‘lgan) o‘rnatganlik uchun ular foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran, 10 yil muddatga mol-mulk solig‘ini hamda ushbu qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan va h.k. ozod etilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, kompensatsiya va imtiyozlar ham ajratilgan.
- 60 million so‘m bu qishloq aholisi, umuman, bir oila uchun juda katta miqdordagi pul. Agar boshqa joylarda ham mana shunday quyosh panellari ishlab chiqarilsa, uning narxi yanada arzonlashishi mumkinmi?
– Bu haqda juda ko‘p izlanganmiz, ya’ni nimaning hisobiga narxlarni tushirish mumkinligini har tomonlama o‘rganib chiqqanmiz. Masalan, ularni ishlab chiqaradigan materillar hisobiga yoki ishlab chiqarishdagi protsesslarni hisobiga, ya’ni 10 ta etaplik jarayondan ko‘ra, ikki etaplik jarayonga o‘tish orqali arzonroq qilishga erishish mumkin. Aslida bitta soha rivojlanishi uchun soha foyda keltirishi kerak. Bizda elektr energiyasi sohasi foydali emas. Bizning energiyamizni foydasi eskini yamog‘ini yamab turishgagina yetayapti.
Toshkentda aholi 24 soat ishlatayotgan energiya va qishloqlarda to‘liq foydalanmayotgan energiyamiz soliqlaridan bir xil subsidiyaga ishlatishmoqda. Bu yerda adolatsizlik ham bo‘lmoqda. Ya’ni ularning ham soliqlaridan subsidiya uchun ishlatiladi, lekin energiya yo‘q. Toshkentda 24 soat elektr energiyasi ishlatiladi va subsidiya uchun o‘sha miqdorda mablag‘ ishlatiladi. Demak, ularni haqqini subsidiya siyosati orqali shahar aholisi yeyapti, deyish ham mumkin.
Meni fikrim, energiya narxini bozor iqtisodiga to‘g‘rilash kerak. Chunki bu fikrimga olis qishloqdagilar ham qo‘shiladi, mayli energiya qimmatroq bo‘lsin, o‘ziyam foyda ko‘rsin va qishloqdagilar ham foydalansin. Masalan, bitta odam bir kunda 2 ming 200 so‘mlik energiya ishlatadi. Bu yarim litrlik suv degani. Innovatsiyalar ishlashi uchun soha foydali ish qilishi kerak. Bizda esa energiya arzon bo‘lgani bois bu soha qarzga kirib ketayapti.
– Quyosh panellarini o‘rnatadigan mutaxassislar masalasi qanday hal qilingan?
– Bizning mamlakatda quyosh panellarini elektrik yoki odamlarning o‘zlari ham o‘rnatib olaveradi. Boshqa davlatlarda esa ularni o‘rnatadigan alohida muhandislar bor. Aynan ana shu noto‘g‘ri o‘rnatganlik oqibatida quyosh panellarini ishlashida muammolar tug‘ilmoqda. Hozirda Koreya YoJU texnika institutining Toshkentdagi filialida mutaxassislar o‘qitilmoqda.
– Quyosh panellarini ikki-uch xonadon hamkorlikda o‘rnatsa bo‘lmaydimi? Yoki ular faqat o‘rnatilgan hududlardagina samarador hisoblanadimi?
– Agar qo‘shnilar kelisha olsa, o‘sha 60 million mablag‘ni o‘rtada yig‘ib olsa bo‘ladi. Umumiy quvvat o‘zgarmaydi. Masalan 1 kvt.ga mo‘ljallangan quyosh penallari o‘sha quvvatni sarflaydi, ya’ni quvvat bir nechta xonadonga bo‘linadi.
– Xorijda bu masalaga yondashuv qanday?
– Germaniya, Koreya, Rossiya davlatlarida bo‘lganman. U yerda siz quyosh panellaridan hatto foyda olishingiz, energiya muammo bo‘lgan joylarga sotishingiz mumkin.
Germaniya atom energiyasi, ko‘mir energiyasini yildan yilga kamaytirishga erishmoqda. Uni o‘rniga chiqimsiz ishlaydigan quyosh va shamol energiyasiga o‘xshash energiyani ommalashtirish Germaniya ekologlarini asosiy maqsadiga aylangan. Masalan, bir shaharda hamma faqat elektrmobildan foydalanish masalasi qo‘yilgan. Sababi, mashinada akkumlulyator bo‘ladi. Aytaylik, o‘sha mashina avtoturargohga qo‘yildi va energiya kamaygan joyda, ya’ni energiyani ishlatish yuqori cho‘qqiga chiqqan vaziyatlarda bemalol undan energiya sotib olish mumkin bo‘ladi. Ya’ni, bu shahardagi barcha mashinalar elektr tashuvchi yagona organizm hisoblanadi. Bu judayam chiroyli konsepsiya kelajak shaharlari uchun elektr muammosini hal qilishda asqotadigan.
– Yurtimizda elektr muammosini hal qilish uchun bo‘lg‘usi olim sifatida qanday g‘oyalarni ilgari sura olasiz?
– Bu yerda unchalik raqobat ko‘p emas. O‘zbekiston yosh olimlari ilm qilishi uchun eshiklari ochiq mamlakat. Yangi va kerakli g‘oyalar uchun mablag‘ yetarli. G‘oya agar jozibador bo‘lsa, trendda bo‘lsa, loyihalarni amalga oshirish mumkin. Bizlarga katta g‘oyalar kerak.
Masalan, biz 2025 yilgacha elektr muammosidan qutulamiz, degan maqsad qo‘yish. Turli xil balandaprvoz shiorlar yoki «baxtli kelajak» deb emas, aniq maqsad bo‘lsa, energiya masalasini hal qilish O‘zbekistonda xuddi okean qazishning ilojisi yo‘qdek qiyin masala emas. Mutaxassislarni shakllantirishda kerak bo‘lsa vazirliklar birlashish lozim. Barcha mas’ullar oyoqqa turishi kerak.
Bu borada nafaqat yoshlar, balki boshqa olimlarni jalb qilish, chet ellik mutaxassislar bilan ishlash lozim. Ularga javobgar mas’ullar bo‘lishi, tinim bilmay hamjihatlikda ishlash talab etiladi. Yirik maqsadli davlat dasturlari bo‘lishi kerak. Bir paytlar shunday yirik loyihalar bo‘lardi. Aytaylik, falon yili oyga chiqish rejasi. Va o‘sha loyiha uchun hamma oyoqqa turardi. Hamma mablag‘, kuch ana o‘sha narsaga sarflanardi.
– Bu borada izlanishlaringiz va xulosalaringiz?
– O‘zbekiston Respublikasi o‘z infrastrukturasini yangilaganda muqobil energetika, xususan, quyosh elektrostansiyalarini ham joriy qilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Quyosh fotopanellarini jismoniy shaxslar o‘rnatsa, qator imtiyozlar mavjud va byurokratik to‘siqlar minimal darajaga tushirilgan. Ammo avtonom quyosh tizimlarining birinchi investitsiya miqdori kattaligi bois, ushbu texnologiyani joriy qilish uchun imkoniyatlar pasaymoqda.
Yana bir masala yuqorida aytib o‘tganimizdek, mutaxassislarning kamligi ushbu texnologiyalar yetarlicha yoki to‘g‘ri joriy etilmayotganiga sabab bo‘lmoqda va bu, o‘z navbatida, quyosh fotoelektrik tizimlarining to‘liq imkoniyatidan foydalanmaslikka yoki noto‘g‘ri foydalanishga olib kelmoqda. Agar biz aytib o‘tgan ba’zi masalarga soha mas’ullari jiddiy e’tibor qaratishsa muqobil energetika, xususan, quyosh fotoelektrik tizimlarini joriy etish energotejamkorlik madaniyati shakllanishiga va maishiy hayotda tejamkor texnika-texnologiyalar ommalashuviga olib keladi.
– Mazmunli suhbat uchun tashakkur.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter