2023-yildan boshlab har yili kibersport bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi
Bugun, 16-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Kibersport turlarini yanada rivojlantirish va keng ommalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi.
Hozirda kibersport yoshlar o‘rtasida eng ommalashgan sport turiga aylangan, ayniqsa, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya, AQSh, Qozog‘iston kabi mamlakatlarda jadal rivojlanib kelmoqda.
Kibersportning 50 ga yaqin turlari bor, eng ommalashganlari: Dota 2, Counter Strike, League of Legends, Overwatch, Starcraft 2, Mortal Kombat, Hearthstone, FIFA, PUBG.
Kibersport Osiyo o‘yinlarining dasturiga kiritilgan.
Kibersport bo‘yicha jahon va mintaqaviy miqyosdagi katta pul mukofotiga ega musobaqalar o‘tkazib boriladi. Masalan, Dota 2 bo‘yicha 2021-yilda o‘tkazilgan jahon chempionatida mukofot puli 40 mln dollarni tashkil qilgan, shundan 18 mln dollarni 1-o‘rinni egallagan Team Spirit jamoasi qo‘lga kiritgan.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining qariyb uchdan bir qismi kompyuter o‘yinlariga qiziqadi va bo‘sh vaqtlarini ushbu yo‘nalishda faol sarflaydi. 10 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lgan 10,8 mln o‘zbekistonlik kompyuter o‘yinlarini o‘ynaydi, ulardan 30 ming nafari professional faoliyat bilan shug‘ullanadi. Mamlakatimizda 200 dan ziyod kibersport klublari bor.
Prezident qaroriga ko‘ra, Sportni rivojlantirish vazirligi, Axborot texnologiyalari vazirligi hamda Yoshlar agentligi kibersportni ommalashtirishga mas’ul organlar etib belgilanmoqda va ularning vakolatlari ko‘rsatilmoqda:
- Sportni rivojlantirish vazirligi — kibersportni targ‘ib qilish, musobaqalar tashkil etish, jahon kibersport maydonida mamlakatning mavqeini yaxshilash;
- Axborot texnologiyalari vazirligi — kibersport sanoatiga kompaniyalarni jalb qilish, musobaqalarni tashkil etishda ko‘maklashish;
- Yoshlar agentligi — kibersportga yoshlarni, shu jumladan nogironligi bo‘lgan yoshlarni keng jalb qilish, ularning yutuqlarini rag‘batlantirish, musobaqalarda kibersportchilar ishtirok etishi uchun sharoitlar yaratish.
2023-yildan boshlab har yili kibersport bo‘yicha quyidagi musobaqalarni o‘tkazish taklif etilmoqda:
- aprel oyida «Uzbekistan Esports Championship» respublika chempionati;
- dekabr oyida «Vazirlar Mahkamasi kubogi» turniri;
- iyun oyida «Yoshlar kubogi» turniri;
IT-park tomonidan kibersport musobaqalarini o‘tkazish bo‘yicha maxsus portal ishlab chiqiladi.
«Uzbekistan Esports Championship» chempionati, «Vazirlar Mahkamasi kubogi» va «Yoshlar kubogi» turnirlari hamda boshqa musobaqalarda g‘olib (sovrindor) bo‘lgan kibersportchilarga bir yo‘la beriladigan pul mukofoti va sovg‘alar daromad tarkibiga kiritilmaydi va soliqqa tortilmaydi.
Kibersport klublariga ularning ijara xarajatlarini qoplash uchun hududiy «Yoshlar daftari» jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan 3 oy davomida 15 mln so‘mgacha pul mablag‘lari ajratiladi. Bunda, mablag‘lar ularga shartlar (kibersportchilarni tayyorlash, murabbiy jalb qilish, musobaqalarda ishtirok etish) asosida beriladi.
Yashnobodda qurilayotgan Olimpiya shaharchasida kibersport bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazish uchun Rossiya, Koreya va Xitoyning tajribasiga asosan zamonaviy kiberzonani tashkil qilish taklif qilinmoqda. Kiberzona musobaqalar o‘tkaziladigan arena, ularni yoritish studiyasi, o‘quv-mashg‘ulot markazi, kibersport mahsulotlarini reklama va realizatsiya qilish shoxobchasidan iborat bo‘ladi.
Kibersportni ommalashtirish chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanmoqda.
Jumladan:
- kibersport ligasini tashkil qilish va kibersport klublari o‘rtasida kibersport liga musobaqalarini tizimli ravishda o‘tkazish;
- «Kibersportchi» o‘quv dasturini ishlab chiqish;
- kibersportda «ping» muammosini bartaraf qilish;
- milliy kibersport o‘yinlarini yaratish va targ‘ib qilish;
- kibersport bilan shug‘ullanayotgan yoshlarning sog‘lom sport madaniyatini shakllantirish (faolligini oshirish va xotirasini yaxshilash, ko‘ziga va tayanch-harakat apparatiga zarar yetkazmaslik), ular tomonidan g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olish.
Ta’lim va kadrlar tayyorlash yo‘nalishida:
- Jismoniy tarbiya va sport universitetida 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab «Sport faoliyati: kibersport» bakalavriat yo‘nalishi ochilmoqda hamda o‘qish muddati 3 yil etib belgilanmoqda;
- «Uzbekistan Esports Championship» chempionatida oxirgi bir yilda g‘olib (1-o‘rin) bo‘lgan sportchilar «Sport faoliyati: kibersport» yo‘nalishiga ijodiy imtihonlarni topshirishdan ozod qilinishi belgilanmoqda;
- kibersport faoliyati o‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar tomonidan amalga oshirishga ruxsat etilgan faoliyat turi sifatida belgilanmoqda;
- Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida kibersport bo‘yicha trenerlar, sharhlovchilar, hakamlarni qayta tayyorlash kurslari tashkil qilinmoqda;
- Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga (XALIKK-2020) kibersport treneri, kibersport hakami va boshqa kibersport mutaxassislari kiritilmoqda.
Hokimliklar tomonidan har bitta tumanda kibersportning kamida ikkita turini ommalashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritalari» ishlab chiqiladi. Bunda, har yili bir marotaba «Jo‘qorg‘i Kenges Raisi kubogi» va «Hokim kubogi» turnirlari o‘tkaziladi.
Ushbu qarordan O‘zbekistonda kibersportni xavfsiz rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha ekotizim yaratish; musobaqalar va turnirlarni tizimli ravishda o‘tkazish orqali iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash hamda ularni professional kibersportga yo‘naltirish; axborot texnologiyalari va IT-industriya uchun salohiyatli kadrlarni tayyorlash va ularni sohaga jalb qilish ishlarini yanada kengaytirish kabi maqsadlar ko‘zlangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter