Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2-oktyabr dam olish kuni bo‘lsa, 30-sentyabr – shanba kuni «qisqargan ish kuni» bo‘lmaydimi?

2-oktyabr dam olish kuni bo‘lsa, 30-sentyabr – shanba kuni «qisqargan ish kuni» bo‘lmaydimi?

Bayram kunlari dam olish kunlariga yoki undan oldingi (keyingi) kunlarga to‘g‘ri kelganida davlat va nodavlat tashkilotlari xodimlarida har doim ish kunlari yoki ish soatlari borasida savollar paydo bo‘ladi. Jumladan, joriy yil 1-oktyabr – O‘qituvchilar va murabbiylar kuni ham yakshanba kuniga to‘g‘ri kelgani bois dam olish kuni dushanba, 2-oktyabrga ko‘chirilmoqda.

Xo‘sh, bunda ish kuni 6 kun bo‘lgan xodimlar uchun 30-sentyabr – shanba kuni ish vaqti odatdagidek kamida 1 soatga qisqaradimi yoki ayrimlar talqinicha – dam olish kuni dushanbaga ko‘chgani uchun shanba kunidagi ish soatlari qisqarmaydimi?

Mehnat huquqiga doir ushbu masala yuzasidan «Xabar.uz» eksperti, Toshkent davlat yuridik universiteti Mehnat huquqi kafedrasi katta o‘qituvchisi Muhammadamin Karimjonov quyidagicha javob beradi:

Mehnat kodeksining 208-moddasi 2-qismiga ko‘ra, dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelgan taqdirda, dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga ko‘chiriladi. E’tibor bering, ishlanmaydigan bayram kuni emas, balki dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga ko‘chiriladi, ya’ni 1-oktyabr O‘qituvchi va murabbiylar kuni emas yakshanba dushanbaga ko‘chirilyapti.

MK 187-moddasiga ko‘ra, ishlanmaydigan bayram kunlari arafasida har kunlik ishning (smenaning) davomiyligi barcha xodimlar uchun kamida bir soatga qisqartiriladi.

Bayramdan oldingi kuni ishning (smenaning) davomiyligini qisqartirish imkoni bo‘lmagan uzluksiz ishlaydigan tashkilotlarda va ayrim turdagi ishlarda ortiqcha ishlaganlik xodimga qo‘shimcha dam olish vaqti berish yoki xodimning roziligi bilan ish vaqtidan tashqari ish uchun belgilangan normalar bo‘yicha haq to‘lash orqali kompensatsiya qilinadi.

Shuning uchun ham 6 kunlik ish haftasidagilar 30 sentyabr shanba kuni kamida 1 soat vaqtli ketishlari mumkin. Shanba o‘zi shundoq ham qisqartirilgan ish kuni, ana shu qisqartirilgan ish kuni yana kamida 1 soatga qisqaradi.

Ish kuni haftasiga 5 kun bo‘lgan xodimlar uchun esa juma kuni ish vaqti qisqarmaydi. Chunki bayram yakshanba kuniga to‘g‘ri kelyapti. Agar bayram shanbaga to‘g‘ri kelganida 1 soatga qisqarar edi. Chunki MK 187-moddasida bayram arafasida deyilmoqda. Arafa bayramdan 1 kun oldingi kun hisoblanadi.

Endi yana bir qiziq masalaga o‘tamiz: agar 1 oktyabr shanba kuniga to‘g‘ri kelganda qanday bo‘lar edi? Bu holatda shanba 5 kunliklar dam olish kuni bo‘lganligi uchun 2-oktyabr 5 kunliklar uchun dam olish kuni, 6 kunliklar uchun esa ish kuni bo‘lar edi.

Chunki, MK 207-moddasiga ko‘ra, xodimlarga har haftada dam olish kunlari beriladi. Besh kunlik ish haftasida xodimlarga haftada ikki dam olish kuni, olti kunlik ish haftasida esa bir dam olish kuni beriladi.

Bunday holatni  11-noyabr – «Kasaba uyushmalari kuni» ishlanmaydigan bayram kuni sifatida rasman e’lon qilinsa ham kuzatishimiz mumkin . Ya’ni 2023-yil 11-noyabr shanba kuniga to‘g‘ri keladi, bu holatda shanba 5 kunliklar dam olish kuni bo‘lganligi uchun 13-noyabr dushanba 5 kunliklar uchun dam olish kuni, 6 kunliklar uchun esa ish kuni bo‘ladi.

E’tibor bering! Hozircha 11-noyabrning maqomi ishlanadigan bayram kuni, ya’ni ishlanmaydigan emas. Mabodo 11-noyabr – «Kasaba uyushmalari kuni» ishlanmaydigan bayram kuni sifatida rasman e’lon qilinsa, O‘zbekistonda ishlanmaydigan bayram kunlari soni 10 taga yetadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring