1973-yil: aeroportdagi terrorchi o‘quvchilar
Oddiy militsiya xodimi Aleksandr Popryaduxinning jasorati uzoq vaqtgacha sir tutib kelingan. Garchand Popryaduxin 1973-yilda xizmatiga yarasha taqdirlangan bo‘lsa-da, u haqida faqat 2000-yillarning boshida gapira boshladilar.
O‘quvchi-terrorchilar
Hammasi 1973-yilning kuz oyida o‘tkazish rejalashtirilgan Tinchliksevar kuchlar kongressidan boshlandi. Unga ko‘plab faxriy mehmonlarning kelishi kutilayotgandi. Taklif qilinganlar orasida, hatto Bolgariya kommunistik partiyasining birinchi kotibi Todor Jivkov ham bor edi. Aynan shu sababli kongressga judayam jiddiy tayyorgarlik ko‘rilayotgandi. Turli tashqi ta’sirlarning oldini olish uchun ichki ishlar xizmatchilari «Yashin» nomli maxsus antiterror operatsiyasini ishlab chiqishdi. Tezkor guruh shakllantirildi va uning tarkibida Aleksandr Popryaduxin ham bor edi.
1973-yilning 2-noyabrida guruh shug‘ullanadigan ish ham bo‘y ko‘rsatdi. Avtomobil texnikumining o‘quvchilari bo‘lgan 4 nafar yosh yigitcha qurollangan holda Moskvadagi Bikov aeroportida Yak-40 samolyotini garovga olishdi. Ularning eng kattasi bor-yo‘g‘i 20 yoshda edi.
Samolyot Bryanskka uchayotgandi. Parvozdan so‘ng yoshlar shu zahoti uchuvchilar kabinasi eshigiga o‘q uzishdi. Bortmexanik jinoyatchilarga xalaqit bermoqchi bo‘ldi, biroq unga qarata o‘t ochdilar. Yordamga kelgan mardonavor yo‘lovchiga esa pichoq suqdilar.
Darslik uchun jasorat
Terrorchilarning talabi an’anaviy bo‘lib chiqdi: 2,5 million dollar pul va chegaradan o‘tish. Havo kemasi komandiri buncha miqdordagi pulni faqat poytaxtda yig‘ish mumkinligini aytib talabalarni ishontirdi. Ko‘p o‘tmay samolyot «Vnukovo» aeroportiga qo‘ndi. Ta’minotchi zaxira yonilg‘i jamg‘argan bo‘lib, terrorchilarning diqqatini jalb qilganida qo‘lga olish guruhi samolyot korpusidan o‘z joyini egalladi. Aleksandr Popryaduxin go‘yo pulga to‘ldirilgan jomadonni samolyotga ko‘tarib bordi. Hujumga o‘tishni aynan pul berilayotgan vaqtda amalga oshirish rejalashtirilgandi. Bu yo‘l Aleksandr uchun eng oxirgisi bo‘lib qolishi mumkinligi tushunarli edi.
Terrorchilardan birining boshi lyukda ko‘rinishi bilan Popryaduxin o‘ziga chiroq tutdi. Jinoyatchi aniq nishonga oldi: o‘q militsionerning ko‘ksiga tegdi. Aleksandrning egnida zirhli nimcha bo‘lib, uni o‘limdan qutqarib qoldi. Huquqni muhofaza qiluvchi boshqa xodimlar terrorchilar bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Samolyot ichiga ko‘zdan yoshni oqizadigan gazli paket uloqtirildi. Hujum chog‘ida talabalardan birini yaralashdi, bosqinchilar to‘dasi boshlig‘i joniga qasd qilib o‘z umriga nuqta qo‘ydi, omon qolgan ikkitasi taslim bo‘ldi.
«Yashin» operatsiyasi 4 daqiqa 11 soniya davom etdi. Uning bayoni, hatto antiterror mavzusida darslik sahifalarida paydo bo‘ldi.
«Maxfiy» belgisi ostida
Gazetchilar Popryaduxin haqida yozdilar, albatta. Ammo uncha katta bo‘lmagan qaydlarda u Gorkiy parkidagi qandaydir xavfli jinoyatchini tutib olgan militsioner deb yozildi, xolos. Samolyotning egallab olinishi va yosh terrorchilar haqida bir qator ham yoritilmadi. 1973 yilning dekabrida Aleksandr Popryaduxinga qahramon unvoni berildi.
Popryaduxinning jasorati haqida 2000-yilning boshigacha jim edilar. Ushbu ma’lumotning sir tutilishini ko‘pchilik oddiy izohlaydi: 1973-yili tinchliksevar kuchlarning yuqorida keltirib o‘tilgan kongressi o‘tkazilayotgan va ayni shu paytda, aynan SSSR poytaxtida samolyotga qurolli bosqin uyushtirilgan edi.
Jasoratdan so‘ng
Tirik qolgan talabalarni ham tezkor o‘lim kutayotgandi. Ulardan biri qamoqda vafot etdi, ikkinchisini mahbuslar o‘ldirishdi.
Qahramonning taqdiri esa keskin burilishlarga to‘lib-toshib ketdi. Ittifoq parchalangach, Popryaduxin «oltin» yoshlar vakillaridan biriga qo‘riqchi bo‘lib ishga joylashdi. Shaxsan o‘zi aytishicha, sobiq militsioner 26 yoshli xo‘jayini to‘shakda yotganida qahva keltirib bergan.
Aleksandr Popryaduxin 2013-yilda hayotdan ko‘z yumdi.
Akbar Fathullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter