Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

18 yoshli talabaning urib o‘ldirilishi tafsilotlari e’lon qilindi (video)

18 yoshli talabaning urib o‘ldirilishi tafsilotlari e’lon qilindi (video)

25-noyabr kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti darvozasi yonida 18 yoshli talaba tengqurining musht tushirishidan keyin halok bo‘lgani xabar qilingandi.

Toshkent shahar IIBB mazkur hodisa bo‘yicha batafsil reportaj e’lon qildi.

Qayd etilishicha, holat 25-noyabr kuni 12:30 atrofida sodir bo‘lgan. Turin politexnika universiteti hovlisida Sunnat va Muhammadaziz ismli yigitlar ko‘rishib o‘zaro yarashish maqsadida qo‘l berishgan payti shu universitet talabasi Samandar ularning oldiga kelgan va «Bo‘ldimi, yarashvoldinglarmi? Chiroyli hal qilinglar» — degan. Shu payt jabrlanuvchi (2003-yilda Andijon shahrida tug‘ilgan) 1-bosqich talabasi Sherzod ismli yigit Samandarning oldiga kelib «Nima qilasiz aralashib?», degan.

Shu orada Samandarning yoshlikdan birga o‘sgan Abbos va Alimbel ismli do‘stlari kelib qolgan va Abbos Sherzodning yuziga bir musht urib, yerga yiqitgan. Oqibatda u voqea joyida halok bo‘lgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining birlamchi ma’lumotiga asosan, Sherzodning o‘limiga boshmiya yopiq jarohati, miya osti pardalari va miya to‘qimalariga qon quyilishi jarohati sabab bo‘lgan.

2003-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan Abbos esa gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olingan.

U voqeani quyidagicha izohlaydi: «Turin universiteti oldinga borganimda urush bo‘layotgan ekan. O‘rtogim (Samandar) urushayotganini ko‘rib, urushgan bolani oldiga bordim. U meni so‘kib qo‘yganidan keyin jahl ustida bir musht urib qo‘ydim. Lekin umuman o‘ylamagandim o‘lib qolishini. Qilgan ishimdan pushaymonman».

Ta’kidlanishicha, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (odam o‘limiga sabab bo‘luvchi qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring