18-noyabr kuni Toshkentda bayramona festival va parad o‘tkaziladi
2020-yil 18-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlab «Vatanimiz bayrog‘i — faxrimiz, g‘ururimiz!» shoiori ostida festival o‘tkaziladi.
Ushbu festival soat 10:00 da poytaxtimizdagi «Ashxobod» bog‘i oldidagi ulkan bayroq yonida Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiyaga qarashli harbiy texnikalar, otliq bo‘linmalar, mototsikllarda harbiy xizmatchilar hamda faol yoshlar ishtirokidagi tantanali parad bilan boshlanadi.
Festival ishtirokchilari Amir Temur xiyoboni bo‘ylab harakatlanib, Xalqlar do‘stligi san’at saroyi yonida jam bo‘ladilar.
Soat 11:00 da Xalqlar do‘stligi san’at saroyi oldida harbiy texnikalar va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, harbiy xizmatchilarning jangovar chiqishlari, san’atkorlarning konsert dasturlari bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, 18-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlab Mudofaa vazirligi tomonidan «Vatanimiz bayrog‘i — faxrimiz, g‘ururimiz!» shoiori ostida poytaxtimizdagi «G‘alaba» bog‘i majmuasida katta bayram tadbiri tashkil etiladi.
Tantanali tadbirda «Vatanga qasamyod» marosimining namoyishi, «Turon» harbiy davlat teatri tomonidan sahna ko‘rinishlari, Markaziy ashula va raqs ansambli hamda harbiy orkestrning konsert dasturlari, Mudofaa vazirligi Faxriy qorovulining chiqishlari, harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi namoyishi, zamonaviy qurol-aslahalar ko‘rgazmasi namoyish etiladi.
Bayram tantanasiga kirish bepul, deyiladi vazirlik saytida.
Tadbir tashkilotchilari Milliy armiyamizning kuch-qudratidan, harbiy vatanparvarlik ruhini tarranum etuvchi qo‘shiqlardan bahramand bo‘lish uchun ushbu bayramona festivalga taklif etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter