Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

162 turdagi milliy mahsulotlarimiz dunyo bozorlarida raqobat ustunligiga ega – Prezident

162 turdagi milliy mahsulotlarimiz dunyo bozorlarida raqobat ustunligiga ega – Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning mamlakatimiz soha va tarmoqlariga ta’sirini yumshatish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Davlat rahbari yig‘ilishda iqtisodiy va savdo cheklovlarining O‘zbekistonga ta’sirini yumshatish masalalariga to‘xtalib, global iqtisodiy holatni tahlil qildi.

«Hozirgi dunyo avvalgidek emas. Gap tarif yoki ularni miqdorida ham emas. Uzoq yillar davomida davlatlar o‘rtasida barqaror munosabatlar va o‘zaro ishonchni ta’minlagan xalqaro institutlar, ular ishlab chiqqan qoida va normalar bugun samarasiz bo‘lib borayapti.

Albatta, bu jarayonlar zanjirli ta’sir ko‘rsatib, jahon iqtisodiyotini sekinlashuvi va xalqaro savdoni kamayishiga olib kelishi mumkin», - dedi Prezident.

Qayd etilishicha, birgina yuqori tariflar oqibatida xalqaro savdo hajmi 3,5 trillion dollarga qisqarib, dunyodagi inflyasiya darajasi 7,5-8 foizga ko‘tarilishi haqida prognozlar berilmoqda.

«Uch-to‘rt kun ichida xalqaro moliya bozorlari 10 trillion dollar yo‘qotgani biz uchun qattiq «signal» bo‘lishi kerak.

Eng katta xavf – pandemiya davrida bo‘lgani kabi dunyo bo‘ylab ta’minot va qiymat yaratish zanjirlarida uzilishlar paydo bo‘lishidadir.

Ayniqsa, bunday holat jahon eksportida yuqori ulushga ega to‘qimachilik, elektrotexnika, avtomobilsozlik, oziq-ovqat sanoati kabi «drayver» tarmoqlarga katta zarba berishi mumkin», - dedi Prezident.

O‘ziga nisbatan eng katta import bojlari qo‘yilgan davlatlar endilikda O‘zbekiston eksport qilayotgan yo‘nalishlarga o‘zining mahsuloti bilan kirish uchun agressiv savdo siyosatini yuritishi mumkinligi qayd etildi. Ya’ni, mamlakatimiz kirib borgan ip-kalava, mato, gazlama, tayyor tekstil va maishiy texnika bozorlarida ham ayovsiz raqobat bo‘ladi.

Garvard universiteti tahliliga ko‘ra, o‘tgan besh yilda Iqtisodiy murakkablik indeksida O‘zbekistonning o‘rni 25 pog‘ona yaxshilanib, 105-o‘rindan 80-o‘ringa ko‘tarildi.

Bugungi kunda 162 turdagi milliy mahsulotlarimiz «dunyo bozorlarida raqobat ustunligiga ega» deb e’tirof etilayapti.

Natijada oxirgi yillarda eksport 2,2 barobar oshdi. Tashqi savdo aylanmasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 57 foizga yetdi.

«Bu – iqtisodiyotimiz tashqi bozorlarga qanchalik bog‘liq ekanini ko‘rsatadigan juda katta raqam», - dedi davlat rahbari. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring