Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

16 dan 30 yoshgacha... Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi yangi platforma taqdim etdi

16 dan 30 yoshgacha... Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi yangi platforma taqdim etdi

Foto: Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi axborot xizmati

Bitta bekorchi xodim butun bo‘limni ishdan qoldirganidek, bitta sayoq yurgan yosh atrofidagi ko‘plab tengqurlarini yo‘ldan urishi mumkin.

5-6- yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi hamda «Yoshlar forumi»da belgilab berilgan vazifalar yuzasidan yoshlar tarbiyasiga mas’ul rahbarlar uchun tashkil etilgan ikki kunlik o‘quv-seminardan ko‘zlangan maqsad ham shu – yoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, hech birini nazardan chetda qoldirmaslik.

Kuni kecha ushbu o‘quv-seminari doirasida Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi rahbari Bahrom Ziyayev taqdim etgan «Yoshlar daftari» platformasi «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»ning o‘ziga xos loyihalaridan biri bo‘ldi.

Shu vaqtgacha yoshlar haqida ma’lumot to‘plash uchun qog‘oz-ruchka ko‘tarib, har bir xonadon eshigini taqillatishga to‘g‘ri kelgan va bu jarayonga mahalla, maktab xodimlari ham jalb etilgan. Kezi kelganda kayfiyati yo‘q uy egalariga bunday ma’lumotlar berib o‘tirish malol kelgan. Endilikda yangi loyiha sharofati bilan bunday ovoragarchiliklar sezilarli darajada kamayadi. 

Foto: Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi axborot xizmati

– «Yoshlar daftari» platformasiga Davlat test yo‘nalishi markazi ma’lumotlari asosida 16 dan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarimizni qamrab olib, ularning reyestrini shakllantiryapmiz. Shu tariqa bizda ma’lumotlar bazasi mavjud bo‘ladi – deydi Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi direktori Bahrom Ziyayev. – Qo‘shimcha ravishda 13 ta manzilli idoralardan ham ularni to‘ldirishda foydalandik. Masalan, ichki ishlar, oliy ta’lim, xalq ta’limi, moliya, sog‘liqni saqlash vazirliklari, soliq qo‘mitasi, davlat kadastr va davlat xizmatlari agentligi kabi. Ulardan yigit yoki qizimiz o‘qiganmanmi-yo‘qmi, harbiy guvohnomasi bormi, mehnat faoliyatiga egami, nogironligi bo‘yicha va boshqa ma’lumotlarni oldik. Shu tariqa endi biz yoshlarning ijtimoiy ahvoli, qiziqishi, qayerda yashashi, nima ish bilan mashg‘ulligidan xabardor bo‘lamiz. Ushbu platformada ishsiz yoshlar ro‘yxati aniq chiqib kelgach, hatto ularni ish bilan ta’minlashni ham ko‘zda tutganmiz. Ya’ni tizim 13 ta manzilli idoraning 10 tasi bilan integratsiyalangan.

Muhimi, ushbu platforma har bir davlat tashkiloti uchun oddiy va qulay. Shu bilan birga tizimda butun respublikamiz yoshlari haqidagi ma’lumotlar raqamli shakllanib, yangilanib boradi.  

Hozircha tizimda vafot etgan, harbiy xizmatni o‘tayotganlar, o‘rta-maxsus kasb-hunar o‘quvchi va bitiruvchilari soni mavjud emas.

Endilikda platforma mexanizmi har bir tumandagi bittadan mas’ulga o‘rgatilib, shartnoma asosida biriktiriladi. Shaxsiy ma’lumotlar bilan ishlangani uchun o‘ziga yarasha javobgarligi ham bo‘ladi. Ma’lumotlar «Yoshlar daftari»ga to‘g‘ri kiritilgach, tizim o‘z-o‘zidan ishlaydi. Jarayon avtomat ravishda boshqariladi. Hech qanday g‘irromliklarga yo‘l qo‘yilmaydi. Har tomonlama shaffoflik ta’minlanadi. Qisman bo‘lsa-da, korrupsiya holatlariga barham beriladi.

Foto: Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi axborot xizmati

Tadbirda Toshkent viloyati Yoshlar ittifoqi kengashi raisining – agar yosh 30 dan oshsa, u tizimdan avtomat tarzida chiqariladimi yoki 16 yoshga to‘lganlar unga avtomat tarzida kiradimi, shuningdek, qaysidir yoshimizga kutilmaganda nogironlik berilsa, yana uning uy-joyiga chiqishimiz yoki mahalla bilan bog‘lanishimiz kerakmi? Shunday bo‘lsa, anketani yoshlarning o‘zi internet orqali to‘ldirgani yaxshi emasmi, degan mulohazali savollariga Elektron hukumat loyihalarini boshqari markazi direktori quyidagicha javob berdi.

– Juda o‘rinli savol bo‘ldi. Lekin ayni vaziyatda ikkinchi muammo yuzaga kelishini ham unutmasligimiz kerak-da. O‘zi bu tizim tahlil qilish uchun zarur. Unda davlat tashkilotlari katta ehtiyoj sezuvchi ma’lumotlar bazasi mavjud. Agar uni hamma har xil to‘ldirib tashlasa, tizim ish bermasligi mumkin – deydi Bahrom Ziyayev. – Endi birinchi savolingizga kelsak, yoshimiz soppa-sog‘ edi, afsuski, keyin nogiron bo‘lib qoldi. Bunda unga nogironlik guvohnomasi beriladi va ushbu ma’lumot ijtimoiy reyestrga joylanadi. Ya’ni u o‘sha zahotiyoq avtomat tarzida nogironlar qatoriga kiradi. 16 yoshga to‘lganlar yoki 30 yoshdan oshganlar ham xuddi shunday buyruq asosida avtomat tarzida tizimga kiritiladi yoki chiqariladi.

Samimiy ruhda o‘tgan va qizg‘in savol-javoblaru takliflarga boy kechgan ushbu taqdimot tinglovchilar uchun har tomonlama foydali bo‘lgani shubhasiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring