159 kishining o‘limiga olib kelgan fojia aybdorlari aniqlandi
Janubiy Koreya poytaxtidagi Hellouin bayramida kuzatilgan ommaviy tiqilinchda 159 kishining o‘limi holati bo‘yicha maxsus tekshiruv yakunlandi. Yonhap agentligi xabariga ko‘ra, komissiya 23 nafar mansabdorni xizmat vazifasiga sovuqqonlikda ayblagan.
Qayd etilishicha, mahalliy mas’ullar fojianing oldini olish borasida tezkor chora-tadbir ko‘rmagan. Poytaxt Seulning Itxevon tumanidagi bayram tadbirida 100 mingdan ziyod odam yig‘ilishi avvaldan ma’lum bo‘lsa-da, politsiya hududga bor-yo‘g‘i 137 nafar xodim yuborgan. Ularga esa asosan giyohvandlik moddalari iste’moli va zo‘ravonliklarning oldini olish yuklangan. Shunga ko‘ra komissiya poytaxt politsiyasi rahbarini ham javobgarlikka tortishni tavsiya qilgan.
Tekshiruv komissiyasi xulosasi prokuraturaga yuborilishi ma’lum qilingan.
BBC nashrining yozishicha, tiqilinchda halok bo‘lganlarning yaqinlari yuqori martabali amaldorlarning jazolanishini talab qilgan. Ammo komissiya pastroq rutbadagi mas’ullarni aybdor deb topdi.
Politsiyaga bayram tadbirida vaziyat xavfli tus olgani haqidagi xabar fojiadan bir necha soat avval yetkazilgan, ammo mas’ullar uni e’tiborsiz qoldirgan.
2022-yil 29-oktyabr tunida Seulning Itxevon tumanidagi Hellouin bayrami tadbirida ulkan izdihom yig‘ilgan. Soat 22:15 larda ommaviy tiqilinch yuzaga kelgan. Koreys matbuotiga ko‘ra, mashhur yulduz kelgani haqidagi xabar ortidan olomon bir-birini turtgancha tor ko‘cha bo‘ylab harakatlangan. Tiqilinch oqibatida 18-30 yoshdagi 156 kishi vafot etgan. Qurbonlar orasida o‘zbekistonlik ham borligi xabar qilingan.
Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol hodisa munosabati bilan milliy motam e’lon qilar ekan, uni “yuz bermasligi kerak bo‘lgan fojia” deb atagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter