Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

100 milliard kubometrli tabiiy gaz qazib olinadigan quduq qurilishi boshlandi

100 milliard kubometrli tabiiy gaz qazib olinadigan quduq qurilishi boshlandi

Foto: «Surhan Gas Chemical Operating Company»

«O‘zbekiston mustaqilligi» investitsion bloki bilan mahsulotlar taqsimoti to‘g‘risida tuzilgan bitim doirasida «Surhan Gas Chemical Operating Company» operator kompaniyasi «Mustaqillikning 25 yilligi» koni hududida uglevodorodlar zaxirasini aniqlash maqsadida baholash qudug‘ini qurish ishlarini boshladi.

Ayni paytda «Mustaqillikning 25 yilligi» koni hamda «O‘zbekiston mustaqilligi» investitsion blokiga tegishli tabiiy gaz miqdori 100 mlrd. kubometrni tashkil etadi.

Ushbu loyihani amalga oshirishi uchun burg‘ulovchi pudratchi sifatida Markaziy Osiyo, Rossiya va Yaqin Sharqda katta tajribaga ega bo‘lgan «ERIELL» burg‘ulash kompaniyasi jalb qilingan. Quduqning qurilishi uchun serovodorod ta’siri, me’yoridan ortiq plastik bosim va harorat, shuningdek, boshqa murakkab sharoitlarda ishlashda yuqori yuk ko‘tarish quvvatiga ega o‘ziga xos qurilma yaratildi. Loyiha doirasida servis xizmatlarini «BakerHghes», «Halliburton» va «NOV» singari yetakchi xalqaro servis pudratchilari taqdim etishadi.

Baholash qudug‘i bilan bir qatorda ayni damda «Mustaqillikning 25 yilligi» konida butun blok bo‘yicha shartnoma maydonining ekologik audit tekshiruvlari o‘tkazilmoqda, marketing tadqiqotlarini tashkil etish, loyihalar va zaxiralar auditini tubdan qayta ishlash borasida xalqaro maslahatchilar ishtirokidagi ishlar ham boshlab yuborilgan.

«SGC» matbuot xizmatidan saytimizga xabar berishlaricha, mazkur loyihaning ishga tushirilishi mamlakat iqtisodiyotiga katta hissa qo‘shadi, uni amalga oshirish doirasida yangi ish o‘rinlari yaratiladi, ishlab chiqarish jarayonlariga yangi zamonaviy texnologiyalar joriy etiladi. Shu bilan birga u nafaqat loyiha amalga oshirilayotgan hududning rivojida, balki O‘zbekistonning butun gaz-kimyo va kimyo sanoati taraqqiyotida katta o‘rin tutadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring