Samarqandda ilk bor 10 nafar bolada ochiq usuldagi kardiojarrohlik operatsiyasi o‘tkazildi
Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 2018 yilda tashkil etilgan bolalar kardiojarrohlik bo‘limida sun’iy qon aylantirish uskunasi yordamida o‘n nafar bemorda ochiq jarrohlik amaliyoti bajarildi. Bo‘lmachalararo to‘siq nuqsoni va qorinchalararo to‘siq nuqsoni bo‘lgan ikki turdagi yurak porogi operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Teletibbiyot imkoniyatlaridan foydalanib o‘tkazilgan operatsiyani rossiyalik mutaxassislar kuzatib bordi. Yaqin kunlarda bo‘limda yana o‘nlab bemor bolalarda shunday noyob jarrohlik amaliyotini o‘tkazish, joriy yil mobaynida esa yana 300 nafardan ziyod bemor bolaga shunday yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatish rejalashtirilgan.
Ma’lum qilinishicha, markazda Moskvadagi A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir xirurgiyasi ilmiy markazida faoliyat yuritgan uch nafar yurtdoshimiz – tibbiyot fanlari nomzodi Maqsud Saidov, malakali shifokorlar Ikrom Mallayev, Mirzohid Temirovlar xizmat ko‘rsatmoqda. Ushbu kardiojarrohlik bo‘limida bir yilga yaqin vaqt mobaynida sakson nafardan ko‘proq bemor bolalarda yuqori texnologiyali operatsiyalar o‘tkazilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter