Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1-maydan xotin-qizlarga keng huquq va imkoniyatlar beriladi

1-maydan xotin-qizlarga keng huquq va imkoniyatlar beriladi

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash, mehnat faoliyatini rag‘batlantirish va odil sudlovga erishish darajasini oshirish maqsadida:

2019-yil 1-maydan:

  • ayollar mehnatini muayyan soha yoki kasblarda qo‘llash bo‘yicha taqiqlar bekor qilinadi;
  • tavsiyaviy xarakterdagi ayollar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan soha yoki kasblar ro‘yxati tasdiqlanadi;
  • bola parvarishlash ta’tilining kamida uch oyi ota tomonidan foydalanilgan taqdirda, ota yoki onadan biriga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 234-moddasi tartibida qo‘shimcha bir oy nafaqa to‘lanadigan bola parvarishlash ta’tili beriladi;
  • ikki yoshga to‘lmagan farzandini tarbiyalovchi ota-onalarning biriga ularning ish paytidagi dam olish va ovqatlanish, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar hisobidan ish beruvchi bilan kelishgan holda kun davomida foydalaniladigan tanaffus vaqtini belgilash huquqi beriladi;
  • ayollarning pensiya yoshiga to‘lganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga to‘lgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish taqiqlanadi;
  • erkak va ayollar huquqlari tengligining buzilishi bilan bog‘liq ishlarning sudlarda ko‘rib chiqilishida ayollarga advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik xizmat uchun haq ularning xohishiga ko‘ra davlat hisobidan qoplanadi.

Nodavlat notijorat tashkilot maqomiga ega bo‘lgan «Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari» tashkil etiladi.

Ushbu markazga bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda uzoq muddat bola parvarishlash ta’tilida bo‘lgan, mushkul iqtisodiy ahvolga tushgan ayollarni mehnat bozorida talab etilayotgan kasblar bo‘yicha qayta tayyorlash va ularning ishga joylashishiga ko‘maklashish; tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan ayollarni markazlarga jalb etish va tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga ko‘maklashish va boshqa vazifalar yuklatiladi.

Markazlar biznes-inkubator shaklida xotin-qizlarning tadbirkorlik, hunarmandchilik faoliyatini, shu jumladan, oilaviy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan tashkil etiladi.

Markazlarni saqlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va asosiy vazifalari bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga tijorat banklariga imtiyozli kredit ajratish uchun berilgan resurslardan hisoblangan foizdan kelib tushgan mablag‘lar (bank marjasidan tashqari) hamda xalqaro tashkilotlar grantlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan xotin-qizlar tuman (shahar) hokimi va tuman (shahar) xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan shakllantiriladigan ro‘yxat asosida maxsus o‘qitish dasturi bo‘yicha o‘qitiladi.

Maxsus o‘qitish dasturlarini muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan xotin-qizlar orasidan tegishli tuman (shahar) Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi tavsiyasiga ko‘ra tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga 6 oylik imtiyozli davr va yillik 8 foiz stavkada imtiyozli kreditlar hududlarda aholi bandligini ta’minlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishni kreditlash tartiblari asosida ajratiladi.

Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan tijorat banklariga har yili ajratiladigan 100 milliard so‘m resurs mablag‘lari ushbu imtiyozli kredit mablag‘larining manbasi etib hisoblanadi. Mazkur resurs mablag‘larining kamida 50 foizi qishloq joylarida istiqomat qiladigan xotin-qizlarning biznesini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi kredit olish uchun tavsiya berish jarayonini adolatli va shaffofligini ta’minlovchi tartibni ishlab chiqadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring